Xitoy hukumati Shinjon mintaqasiga uyushtirgan ekskursiya davomida Associated Press (AP) agentligi muxbirlariga Urumchi shahrining Davanching tumanida joylashgan 3-son tergov hibsxonani ko‘rish imkoni berildi.
Qamoqxonaning bitta bo‘limida 240 dan oshiq kamera bo‘lib, ularning birida muxbirlar uyg‘ur mahbuslar qator o‘tirib, televizorda Xitoy Kommunistik partiyasi tarixi haqida xira, oq-qora lavhalarni tomosha qilayotganiga guvoh bo‘lgan.
Hibsxona Xitoydagi, ehtimol, butun dunyodagi eng katta tergov hibsxonasi bo‘lib, majmua qariyb 90 gektar maydonni egallagan. Ya’ni, markaz hududi Vatikan shahridan ikki baravar kattadir. Majmua kiraverishiga xitoy tilida “tergov hibsxonasi” degan yozuv ilib qo‘yilgan.
Xitoy rasmiylari mahbuslar soni o‘zgarib turishini aytib, ayni damda hibsxonada nechta odam saqlanayotganini ochiqlashdan bosh tortgan. Shunday bo‘lsa-da, AP sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va hibsxonaga kiritilgan muxbirlar so‘zlariga tayangan holda markazda taxminan 10 ming odam uchun yetarli joy borligini, lozim bo‘lsa, undan ham ko‘proq odam sig‘ishi mumkinligini xulosa qildi.
Bundan oldin BBC va “Reuters” agentliklari masofadan turib hibsxona haqida xabar bergan edi. AP muxbirlari majmuaga kiritilgan birinchi G‘arb ommaviy axborot vositasi bo‘ldi.
Ushbu majmua Xitoyda ko‘plab uyg‘ur va boshqa musulmon guruhlar hanuzgacha qamoqda saqlanayotgani va Pekin buni davom ettirishni rejalashtirayotganini ko‘rsatadi. Sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlarga ko‘ra, 2019 - yil davomida Davanching hibsxonasiga qariyb bir milga cho‘ziluvchi yangi binolar qo‘shilgan.
Xitoy so‘nggi to‘rt yil ichida bir million yoki undan ham ko‘p musulmon hibsga olinganini “terrorchilikka qarshi kurash” deb atab keladi. Avvalgi yillarda oldinroq Shinjonda tug‘ilgan sanoqli ekstremist uyg‘urlar pichoq va bomba hujumlarini amalga oshirgan edi. Pekin ko‘rayotgan eng munozarali choralardan biri Xitoy “qayta tarbiyalash markazlari” deb nomlaydigan inshootlardir. Sobiq mahbuslar bu markazlarni tikanli sim va qurollangan soqchilar bilan o‘ralgan dahshatli qamoq lagerlari deb ta’riflagan.
Avvaliga Xitoy bu markazlar mavjudligini rad etdi, ammo xalqaro bosim ortidan 2019 - yilda barcha mahbuslar markazlarni “tamomlaganini” bildirdi. Ammo AP agentligi muxbirlarining Davanchingga tashrifi, sun’iy yo‘ldosh orqali olingan suratlar hamda mutaxassislar va sobiq mahbuslar bilan suhbatlar shuni ko‘rsatadiki, ko‘plab “o‘quv markazlari” haqiqatan ham yopilgan bo‘lsa-da, 3-son tergov hibsxonasiga o‘xshash markazlar qamoqxona yoki tergov izolyatorlariga aylantirilgan. Shuningdek, ko‘plab yangi inshootlar qurilgan, shu jumladan, Davanching yaqinida 2019 - yilda qad ko‘targan 35 gektar yerni egallagan yangi qamoqxona.
Aftidan, bu o‘zgarishlardan maqsad vaqtinchalik va noqonuniy “o‘quv markazlari” o‘rniga qonuniy asosga ega qamoqxona va tergov hibsxonalari tizimiga o‘tishdir. Bugunga qadar ayrim uyg‘ur mahbuslar ozod qilingan, boshqalari esa yangi qamoqxona tarmog‘iga ko‘chirilgan.
Biroq, tadqiqotchilarning aytishicha, ko‘plab begunoh odamlar chet elga sayohat qilgani yoki diniy yig‘ilishlarda qatnashgani uchun hibsga olingan. Kolorado universitetining uyg‘urlarni o‘rganib kelayotgan antropologi Darren Bayler ko‘plab mahbuslar “hech bir me’yor bo‘yicha haqiqiy jinoyatga” qo‘l urmaganini, ular tegishli jarayonlarsiz “xo‘jako‘rsinga” sudlanayotganini ta’kidladi.
“Politsiya davlati o‘rnini ommaviy qamoq davlati egallamoqda. Aholi orasidan yuz minglab odam g‘oyib bo‘ldi”, dedi Bayler.
“Bu odatiy xatti-harakatlarni jinoyatga tenglashtirishdir”.
Davanchingdagi 3-son tergov hibsxonasiga aprel oyida uyushtirilgan ekskursiya davomida Xitoy rasmiylari inshoot Pekin yopilganini iddao qilib kelayotgan “o‘quv markazlari”dan farq qilishini qayta-qayta urg‘ulagan.
“Bizning hibsxonamiz va o‘quv markazlari o‘rtasida hech qanday aloqa yo‘q”, deya ta’kidlagan Urumchi jamoat xavfsizligi byurosi direktori Chjao Chjonvey.
Shuningdek, rasmiylar 3-son tergov hibsxonasi Xitoy reabilitatsiya va qonun ustuvorligini ta’minlashga sodiq ekanini isbotlashini aytib, mahbuslarga issiq ovqat berilayotgani, ular jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanayotgani, yuridik maslahatchilar xizmatlaridan foydalanayotgani hamda o‘z jinoyatlari haqida teledasturlarni tomosha qilayotganini ta’kidlashgan. Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, mahbuslarning huquqlari himoyalanmoqda va faqat qonunbuzarlar hibsga olinishidan xavotir olsa arziydi.
“Ko‘ryapsizmi, BBC xabarida bu qayta tarbiyalash lageri ekani aytilgandi. Aslida unday emas, bu – hibsxona” degan tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Lyu Chang.
Biroq, rasmiylarning da’volariga qaramay, mavjud dalillar 3-son tergov hibsxonasi haqiqatan ham qamoq lageri bo‘lganini ko‘rsatadi. “Reuters” nashri 2018 - yilning sentabr oyida e’lon qilgan suratda majmua kirishida “Urumchi kasb-hunar ta’limi va o‘qitish markazi” deb yozilganini ko‘rish mumkin. Kanadada huquqshunoslik fakultetida tahsil olayotgan Shon Chjan to‘plagan ommaviy hujjatlar 2017 - yilda ayni joyda shu nomli markazni qurish bo‘yicha buyruq chiqarilganini tasdiqlaydi.
Shuningdek, hujjatlar shuni ko‘rsatadiki, “Hengfeng Information Technology” konglomerati Urumchi “o‘quv markazini” jihozlash uchun 11 million dollarlik shartnomani qo‘lga kiritgan. “Hengfeng” shirkatiga tegishli ekani ko‘rsatilgan telefon raqamiga qilingan qo‘ng‘iroqqa javob bergan shaxs shirkat “o‘quv markazi” qurilishida qatnashganini tasdiqlagan, ammo “Hengfeng” shirkatidan qo‘shimcha izoh olishning iloji bo‘lmagan.
2018 - yilda Davanching inshootiga tashrif buyurgan sobiq qurilish pudratchisi AP agentligiga markaz chindan “Urumchi kasb-hunar ta’limi va o‘qitish markazi” bo‘lganini va 2019 - yilda tergov hibsxonasiga aylantirilganini aytgan. U oila a’zolaridan qasos olishlaridan qo‘rqib, ismini oshkor qilishni istamagan.
“Ichkaridagi barcha sobiq talabalar mahbuslarga aylandi”, degan u.
Keng majmuani qariyb 8 metr balandlikdagi moviy rangga bo‘yalgan beton devor, qorovul minoralari va g‘uvillab turadigan elektr simlari o‘rab turadi. Rasmiylar AP muxbirlarini asosiy kirish eshigi orqali olib kirgan. Muxbirlar majmuaga kirishdan oldin yuzni skanerlash moslamalari va harbiy kiyimdagi qurollangan soqchilar tekshiruvidan o‘tgan.
Muxbirlar majmuaning bir burchagida niqob kiyib olgan mahbuslar qator bo‘lib o‘tirganini kuzatishgan. Ularning aksari etnik uyg‘ur ekanini xulosa qilishgan. Markaz direktori Chju Hongbin kamera derazalaridan birini taqillatib, “bularni sindirishning iloji yo‘q”, degan.
AP muxbirlari boshqaruv xonasida xodimlar har bir kamerani ko‘rsatib turuvchi yigirmaga yaqin ekranni kuzatib o‘tirganiga guvoh bo‘lishgan. Boshqa bir ekranda CCTV xitoy davlat televideniyesi dasturlari namoyish etilayotgan bo‘lgan.
“Biz ular nima tomosha qilayotganini nazorat qilamiz”, degan Chju.
“Ular qoidalarni buzsa yoki o‘zlariga zarar yetkazishga yoki o‘ldirishga urinsa, bilib olamiz”.
Chju, shuningdek, mahbuslarga ular sodir etgan jinoyatlar to‘g‘risida ma’lumot berish uchun videodarslar namoyish etilishini aytgan.
“Ularga nima uchun odam o‘ldirish va o‘g‘irlik yomon ekanini uqtirish kerak”, degan Chju.
O‘rindiqlar va kompyuterlar bilan jihozlangan 22 ta xonada mahbuslar advokatlar, qarindoshlari va politsiya bilan video suhbatlashishi mumkinligini aytishgan. Shuningdek, majmuada Urumchi prokuraturasi bo‘limi joylashgan.
Majmuadagi tibbiyot xonasida esa muxbirlar bemorlarni tashish aravachasi, kislorod idishi va dori-darmon saqlanadigan shkafni ko‘rishgan. Devorda bemorlar bilan muomala qilish protokollari ilingan bo‘lgan. Shuningdek, muxbirlar devorda ochlik e’lon qilgan mahbuslarni burniga naycha tiqib, majburan ovqatlantirish ko‘rsatmalariga guvoh bo‘lishgan.
Chjaoning aytishicha, hibsxonada mahbuslar sodir etgani gumon qilinayotgan jinoyatga qarab, sudgacha 15 kundan bir yilgacha ushlab turiladi. Rasmiy markazda sud jarayoni butun Xitoy bilan bir xil ekanini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu markaz xavfsizlik nuqtai nazaridan kelib chiqib, shahardan olisda qurilgan.
Urumchidagi 3-son tergov hibsxonasi Nyu-York shahridagi Raykers oroli bilan teng keladi. Shaharda yana kamida uch tergov hibsxonasi hamda o‘ndan ortiq qamoqxona bor.
AP muxbirlari 3-sonli hibsxona to‘liq quvvat bilan ishlamayotganini kuzatgan. Rasmiylar bir bo‘lim yopilganini aytgan. 20 ga yaqin odamga mo‘ljallangan kameralarda 6–10 mahbus o‘tirganini kuzatishgan. Ammo hukumatning 2019 - yilgi statistik ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha yili Shinjonda hibsga olishlar soni 2017 - yilda tazyiqlar boshlangan paytga solishtirganda qariyb ikki baravarga ko‘p bo‘lgan. Shinjonda bugunga qadar yuz minglab odam qamoq jazosiga hukm qilingan. Ularning aksariyati besh yil yoki undan ko‘proq muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Shinjondagi hukumat matbuot kotibi Syuy Guysyan ko‘proq odam qo‘lga olinganini “terrorchilikka qarshi kurash” doirasida ko‘rilgan “qat’iy chora” deb atadi.
“Tabiiyki, ushbu jarayon davomida qonunda belgilangan tartibda jazoga tortilganlar soni ko‘payadi. Bu ishimiz samarasi ko‘rsatkichidir”, degan Syuy.
“Ushbu choralar terrorchilar javobgarlikka tortilishi ehtimolini oshiradi”.
Ammo qamoqqa uloqtirilganlarning ko‘plab qarindoshlari yaqinlari shubhali ayblovlar bilan qo‘lga olinganini aytib, Shinjon qonunchilik tizimi shaffof emasligini aytib keladilar. Garchi Xitoy odatda yuridik qaydlarni jamoatchilikka e’lon qilsa-da, Shinjonda sudlanganlar bo‘yicha hujjatlarning deyarli 90 foizi jamoatchilik bilan ulashilmagan. Sizdirilgan oz sonli hujjatlar shuni ko‘rsatadiki, ko‘pchilikka “terrorizm” yoki “ayirmachilik” ayblovlari qo‘yilgan. Ayrim holatlarda hamkasblarini pornografiya tomosha qilmaslikka chorlash, qasam ichish yoki qamoqxonada ibodat qilish kabi ayblovlar jinoyat ishini ochish uchun asos bo‘lgan.
Tadqiqotchi Jin Bunin uyg‘urlar rasmiylar “terrorchi harakatlar” deb ataydigan xatti-harakatlari uchun iqrornomalarni imzolashga majbur qilinganini aniqlagan. Bugunga qadar ayrimlar ozod qilingan. Ular orasida Davanching hibsxonasida ushlab turilganlar ham bor. Ushbu hibsxonada saqlanib, keyin qo‘yib yuborilgan shaxsning qarindoshi AP nashriga bu haqda so‘zlab bergan, ammo u oilasi xavfsizligini o‘ylab, ismini oshkor qilishdan bosh tortgan.
Boshqa mahbuslar esa qo‘yib yuborilmagan. “Intercept” nashri qo‘lga kiritgan politsiya hisobotlarida 2017 - yilda Urumchining bitta mahallasida qo‘lga olinib, Davanchingga olib ketilgan sakkiz nafar uyg‘ur ishi haqida ma’lumot keltirilgan. Ular diniy matnlarni o‘qigani, fayllarni ulashish dasturlarini o‘rnatgani yoki shunchaki “ishonib bo‘lmaydigan odam” bo‘lgani uchun javobgarlikka tortilgan. Hisobotlarga ko‘ra, 2018 - yil oxirida prokuratura ularni chaqirib, ikki yildan besh yilgacha “ta’lim olishga” hukm qilgan.
AP jurnalistlari tergov hibsxonasida qiynoq yoki kaltaklash izlariga guvoh bo‘lmagan. Ularga sobiq yoki hozirgi kunda majmuada saqlanayotgan mahbuslar bilan bevosita gaplashishga izn berilmagan. Ammo Shinjondan qochib ketgan uyg‘ur Zumret Dovutning aytishicha, Davanchingda ishlagan marhum do‘sti Paride Amati shafqatsiz muomalaga guvoh bo‘lganini so‘zlab bergan. Xususan, Paride ikki o‘smir o‘lgudek kaltaklanganidan keyin, Misrda o‘qiyotgan paytda terrorchilik bilan shug‘ullangani to‘g‘risida iqrornomalarni imzolashga majbur bo‘lganini aytib bergan.
Davanching muassasasida ishlagan o‘qituvchi ham u yerni “do‘zaxdan ham yomon” deb ta’riflagan. Bu haqda o‘qituvchining boshqa lagerda ishlagan hamkasbi Qalbinur Sodiq so‘zlab bergan. O‘qituvchining aytishicha, mashg‘ulotlar paytida elektr tayoqchalar va temir stullar bilan qiynoqqa solinayotgan odamlar ovozlarini eshitgan.
Shinjondagi boshqa hibsxonalardagi sharoitlar haqidagi turli hisobotlar mavjud. Ba’zilar ularda sharoit og‘ir bo‘lsa-da, jismoniy zo‘ravonlik yo‘qligini, boshqalar esa qiynoqqa solinganini so‘zlab bergan. Bunday hisobotlarni mustaqil ravishda tekshirish mushkul. Shinjon rasmiylari esa mahbuslar huquqlari poymol qilingani haqidagi barcha ayblovlarni rad etib keladi.
Xitoy rasmiylari uyg‘urlar soxta ayblovlar bilan ushlab turilganini inkor etishda davom etmoqda. AP jurnalistlari 3-son tergov hibsxonasiga eltuvchi yo‘lda sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida ko‘rish mumkin bo‘lgan yangi hibsxonalarga guvoh bo‘lishgan.
Muxbirlar bu inshootlar nima ekani haqida so‘raganda, rasmiylar bundan xabarlari yo‘qligini iddao qilishgan.