Mirziyoyev Dog‘istondagi hujumlar ortidan Putinga ta’ziya bildirdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Darband va Mahachqala shaharlarida sodir etilgan terrorchilik harakatlari oqibatida ko‘plab huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari va fuqarolar qurbon bo‘lgani munosabati bilan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga maktub yo‘llab, chuqur hamdardlik bildirgan. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘z telegram-kanali orqali ma’lum qildi.

Asadovga ko‘ra, Mirziyoyev o‘z maktubida Dog‘istondagi terrorchilik hujumlarini qat’iy qoralab, bu tahdidlarga qarshi kurashda tegishli tuzilmalarning faol hamkorligini davom ettirishga tayyorligini bildirgan.

Dog‘iston rahbari Sergey Melikovning ma’lum qilishicha, 23-iyun kuni respublikadagi cherkov, sinagoga va kuch ishlatar tuzilmalari xodimlariga qarshi sodir etilgan hujum chog‘ida 15 nafar politsiyachi va 5 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan.

Melikov o‘z murojaatida Mahachqal’a va Darbandda “tezkor-jangovar tadbirlarning aktiv bosqichi” yakunlanganini ham qayd etgan. Unga ko‘ra, mazkur tadbirlar davomida olti nafar jangari o‘ldirilgan. Avvalroq Milliy aksilterror qo‘mitasi hujumchilardan besh nafari yo‘q qilingani, ulardan ikki nafari Darbandda, uch nafari esa Mahachqal’ada o‘ldirilgani haqida ma’lumot tarqatgan edi.

Dog‘iston rahbari o‘z murojaatida rasmiylar “bu terror xurujlarini uyushtirish ortida kim turgani” va “tashkilotchilar qanday maqsadga erishmoqchi bo‘lgani”ni anglashini aytgan. Biroq u hujumchilar qanday maqsadni ko‘zlagani va ular kim bo‘lganiga aniqlik kiritgan emas.

Avvalroq ommaviy axborot vositalarida hujumchilar orasida Dog‘istondagi Sergoqal’a tumani rahbari Magomed Omarovning ham ikki o‘g‘li bo‘lganiga oid iddaolar paydo bo‘lgan. “Interfaks” agentligi hujumda mulozimning o‘g‘illaridan tashqari bir jiyani ham ishtirok etgani haqida yozgan. Agentlik manbasi ularning uchovi ham o‘ldirilganini ma’lum qilgan. Omarov qo‘lga olingan TASS agentligi xabariga ko‘ra, mulozimning uyida tintuv o‘tkazilgan.

Hujumlar ortidan Rossiya Tergov qo‘mitasi mamlakat Jinoyat kodeksining 205-moddasi (terror xuruji) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘agan.