Mirziyoyev: Falastinliklarni O‘zbekistonda beg‘araz davolashga tayyormiz

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni poytaxtida bo‘lib o‘tgan arab-islom sammitida, Ar-Riyod, 2024-yil 11-noyabri (president.uz fotosi)

O‘zbekiston urushda jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni o‘z shifoxonalarida beg‘araz davolashga tayyor. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 11-noyabr kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari arab-islom sammitidagi nutqida gapirdi.

Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston rahbari Falastin va Livan hududidagi mislsiz gumanitar inqirozning oldini olish uchun davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar tomonidan yordam ko‘lamini kengaytirish lozimligini urg‘ulagan. Xususan, BMTning katta tajribaga ega bo‘lgan maxsus agentligi va boshqa institutlari faoliyatiga zaruriy ko‘makni oshirishni taklif qilgan.

Dunyo hamjamiyatining qat’iy harakat va chaqiriqlariga qaramasdan, xalqaro me’yorlar va rezolyutsiyalarning qo‘pol ravishda buzilishi davom etmoqda. Urush olovi endilikda Livan hududini ham qamrab olgani barchamizni qattiq larzaga solmoqda”, deya Yaqin Sharqdagi joriy vaziyat yuzasidan xavotir izhor qilgan Mirziyoyev.

U “ming-minglab begunoh bolalar, ayollar va keksalar o‘limiga sabab bo‘layotgan bu vayronkor va mudhish hujumlar insoniyat yangi tarixining eng qora sahifasiga aylanayotgani”ni ham aytgan.

Falastin xalqi “1967-yildagi chegaralar doirasida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil va ozod davlatini tuzishga to‘la haqli” ekanini qayd etgan Mirziyoyev O‘zbekiston Falastin – Isroil muammosini ikki davlat tamoyili orqali yechish tarafdori ekanini yana bir karra ta’kidlagan.

Shavkat Mirziyoyev 24-oktyabr kuni Rossiya mezbonligida o‘tgan “BRICS plus” sammitidagi nutqida ham G‘azo sektori va Livandagi vaziyat yuzasidan xavotir bildirgan, tinch aholi, ayniqsa, bolalarning begunoh qurbon bo‘lishini hech qanday siyosiy maqsadlar oqlay olmasligini qayd etgandi.