Mirziyoyev quyosh panellarining qorong‘i tomoni

O‘zbekiston kabi bir yilda 330 kun quyoshli kun bo‘ladigan mamlakat uchun quyosh eng istiqbolli muqobil energiya manbai va mamlakatning energiya muammolari uchun eng maqbul yechim bo‘lishi mumkin.

Nazariyada…

Amaliyotda esa, hukumat, shaxsan prezident Shavkat Mirziyoyevning ko‘pgina tashabbuslari bilan bo‘lgani kabi kampaniyabozlikka aylanib ketgan quyosh panellari, mutaxassislarning fikricha, kutilgan natijani savol ostiga qo‘ymoqda.

Mirziyoyev hukumati quyosh panellari bo‘yicha kampaniyani ikki yo‘nalishda olib bormoqda. Birinchisi, 100 megavattdan yuqori bo‘lgan yirik stansiyalar qurilishi. Ikkinchisi, kichik quyosh stansiyalari - bu yo‘nalishda idora va tashkilotlar, tadbirkor va fermerlar, qolaversa, oddiy aholini majburlash holatlari mavjud. Bu kampaniya o‘zini oqlayaptimi? Bunga birozdan so‘ng to‘xtalamiz.

Hozir esa milliardlab dollarlik qarz evaziga qurilayotgan yirik stansiyalar bilan bog‘liq vaziyat manzarasini o‘rganamiz.

Hozirda mamlakat bo‘ylab o‘ttizga yaqin yirik quyosh stansiyalari qurilishi ketmoqda. Shulardan biri Sherobod quyosh fotoelektr stansiyasi.

Ushbu loyiha uchun Osiyo taraqqiyot banki 260 million dollar kredit ajratgan. Loyiha qurilishini Birlashgan Arab Amirliklarining «Masdar» kompaniyasi tenderda yutib olgan.

Surxondaryoning 601 gektar maydonida qurilayotgan 457 megavattlik ushbu stansiya qurilishiga 2021-yil 1-iyun kuni start berilgan. O‘sha kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Sherobodga shaxsan borib, loyihaga tamal toshini qo‘ygan.

Mirziyoyevning Sherobod quyosh stansiyasiga tamal toshini qo‘yish payti. 2021-yil 1-iyun.

O‘zbekistondagi quyosh stansiyalari qurilishida asosiy ishni qilishi lozim bo‘lgan pudratchi va subpudratchi kompaniyalar nomini ochiq manbalardan topish amrimahol. Biroq Ozodlik Sheroboddagi quyosh stansiyasi qurilishiga oid hujjatlar nusxasini qo‘lga kiritdi.

Ushbu hujjatlarga ko‘ra, Sheroboddagi quyosh stansiyasi qurilishining pudratchisi “HEX SOLAR” MCHJ hisoblanadi.

Ochiq ma’lumotlarda qayd qilinishicha, “HEX SOLAR” MCHJ 2020-yilning 1-yanvar kuni Toshkent shahri, Mirobod tumani, Nukus ko‘chasidagi 863-uyda ro‘yxatga olingan.

Lekin Ozodlik mobil muxbiri qayd qilingan manzilga borib, kompaniya idorasini topa olmadi.

Xitoylik SUY SYAO (Suy Syao) “HEX SOLAR” MCHJning 100 foizlik ta’sischisi va direktori hisoblanadi. “HEX SOLAR” MCHJ Sheroboddagi quyosh stansiyasi qurilishi uchun «OSMON-ENERGY» MCHJni subpudratchi sifatida yollagan. Ozodlik tassarufida “HEX SOLAR” MCHJ bilan «OSMON-ENERGY» MCHJ o‘rtasida tuzilgan shartnoma nusxasi mavjud. Shartnomada «OSMON-ENERGY» MCHJ quyosh panellari o‘rnatish sohasida yuqori tajribaga ega kompaniya sifatida ta’riflangan:

“Subpudratchi talab qilinayotgan ishlar sohasida tajribaga ega, ayni tur va darajadagi yoki talab qilinganidan yuqori darajadagi ishlarni bajargan".

talab qilinganidan yuqori darajadagi ishlarni bajargan

Hujjatlar «OSMON-ENERGY» ning quyosh energiyasi sohasida naqadar yuqori tajribaga egaligi borasida hech qanday savolga o‘rin qoldirmagan.

Ammo savollar subpudratchi kompaniyaning tarixini o‘rganganingizdan keyin paydo bo‘ladi.

Ozodlik ushbu shirkat Sherobod quyosh stansiyasi qurilishiga start berilganidan 2 kun o‘tib tashkil qilinganini aniqladi.

2021-yilning 3-iyunida uch shaxs Userbay Seytrzayev (SEYTRZAYEV), Abdujalil Baymuhamedov, Olimjon Ibragimovlar «OSMON-ENERGY» MCHJni ta’sis qilishgan. Ayni paytda Userbay Seytrzayev ushbu shirkat rahbari hamdir.

Shartnomada yozilishicha, «OSMON-ENERGY» MCHJ Toshkent shahri, Sergeli tumani, Mehrigiyo MFY, Sergeli-6 dahasi, 45-uyda qaydga qo‘yilgan. Ushbu manzil Sergeli Dehqon bozori hududida joylashgan bo‘lib, Ozodlik mobil muxbiri bu manzildan «OSMON-ENERGY» MCHJga qarashli idora binosini topa olmadi.

Hammasi tepadagilarning odamlari

Shartnomada subpudratchiga beriladigan narx 45,839,000,000 (45 milliard 839 million) so‘m qilib belgilangan. Ya’ni ochilganiga ikki kun bo‘lgan, yap-yangi kompaniyaga qariyb 4 million dollarlik loyiha ishonib topshirilgan.

“Bu yerda juda katta o‘yin bo‘lyapti. «OSMON-ENERGY» biznesga deyarli noldan kirgan. Lekin hozir hisob oborotini ko‘rsangiz, juda katta pullar aylanyapti. Bu kompaniyaga qariyb 4 million dollarlik ish berilgan. Aslida hali biror tarjibasi yo‘q kompaniyaga bunday katta loyiha berilmasligi kerak. O‘zbekistonda hozir 30ga yaqin yirik stansiya qurilishi ketayotgan bo‘lsa, birortasiga subpudratchi sifatida oddiy tadbirkorlar yaqinlashtirilmadi. Hammasi bir necha kunlik yangi ochilgan kompaniyalar. Hammasi tepadagilarning odamlari”, deydi “OSMON-ENERGY” kompaniyasidagi manba.

«OSMON-ENERGY» kompaniyasidagi manba Sherobod quyosh stansiyasi qurilishida korrupsiyaga yo‘l qo‘yilayotganiga oid iddaoni ham ilgari surdi:

“Bu yerda pullarni yechish, obnal qilish sxemasi ishlayapti. Ular pullarni o‘zlashtirish uchun ishchilarni rasman yollamayapti. Masalan, bitta zvenoda rasman qog‘ozda 50 ta ishchi bo‘lsa, amalda 500 ishchi ishlayapti. Shuning uchun ishchilarga ish haqi naqd beriladi. Bunday usulda pullarni o‘zlashtirish oson kechadi. Keyin ishchilarga juda arzon narxda haq berilmoqda. Deylik, 10 megavattlik obyektni ishga tushirish uchun 700 ming dollardan ziyod pul olib, ishchilarga atigi 18 ming dollar beryapti xolos”.

Bu yerda pullarni yechish, obnal qilish sxemasi ishlayapti

Ozodlik tassarufidagi “HEX SOLAR” MCHJ bilan «OSMON-ENERGY» MCHJ o‘rtasida tuzilgan shartnomada 1 vatt energiya narxi 910 so‘m qilib belgilangan. Bu yerda necha vattlik obyekt qurilganiga qarab umumiy hisobni chiqarish mumkin.

Manbaning korrupsiyaga oid iddaolarini mustaqil o‘rganish imkonsiz. Agar sizda bu borada biror fakt bo‘lsa, Ozodlik bilan o‘rtoqlashing.

«OSMON-ENERGY» shirkati rahbari Userbay Seytrzayev Ozodlik bilan suhbatda korrupsiyaga oid iddaolarni inkor qildi:

"Menimcha bu yerda noqonuniy narsalar biz tarafdan ham, “HEX SOLAR” tarafdan ham, Masdar tarafdan ham hech qanaqa noqonuniy narsalar bo‘lmayapti. Shuning uchun, bemalol, men qo‘rqmayman bu narsalardan. Haqiqatdan bor narsalar, ya’ni kelib tekshirsa ham haqiqatdan bor narsalar. Ya’ni nima demoqchiman, bu yerda jiddiy kontrol ostida ishlar qabul qilinyapti. “HEX SOLAR”, to‘rtta firmaning kontrolidan keyin qo‘l qo‘yilib, qabul qilinyapti ishlar".

O‘zbekistondagi quyosh stansiyalari qurilishlariga korrupsiya aralashgani iddaolari avval ham bir necha bor tilga olingan.

Shaxsan prezident Mirziyoyevning balandparvoz va’dalariga ishonib, Toshkentga kelgan Kanadaning SkyPower Global kompaniyasi rahbari Kerri Adler 2018-yilda 1000 megavattlik quyosh stansiyasi qurish bo‘yicha O‘zbekiston bilan shartnoma imzolagan. Biroq oradan 4 yil o‘tib, ushbu loyiha bekor qilingan. Adler O‘zbekiston bozoridan haydalishini korrupsiyaga bog‘lagan.

kelishuvlarimiz nimaningdir evaziga bo‘lmaydi, hech qachon

"SkyPower Global" oshkora ishlaydi. Korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qat’iy qarshimiz. Biz korrupsion ishlarga aslo bosh suqmaymiz. Hech qanday shartnoma uchun to‘lamaymiz. Sovg‘a-salom bermaymiz. Asossiz va’da ham bermaymiz. Lekin O‘zbekistonda azaldan bunday qilinmagan, madaniyat boshqacha. Biz esa etikaga, Kanada, Amerika, Britaniya va xalqaro qonunlarga rioya qilishimiz shart. Biz kontraktlarni biznes muzokara orqali imzolaymiz, kelishuvlarimiz nimaningdir evaziga bo‘lmaydi, hech qachon”, deydi SkyPower Global kompaniya rahbari Kerri Adler.

Aslida Mirziyoyev quyosh stansiyalari bo‘yicha Islom Karimov boshlagan ishni davom ettirmoqda. Karimov davrida, aniqrog‘i 2010-yildan boshlab, quyosh stansiyasi qurish urinishlari boshlangan. Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi, hozirda qamoq jazosini o‘tayotgan Gulnora Karimova 2015-yilda O‘zbekistondagi ilk quyosh stansiyasi qurilishiga korrupsiya aralashgani, muqobil energiya loyihalari ortida faqat moddiy manfaatdorlik turgani haqida yozgan edi. O‘sha paytda Gulnora Karimova amaldagi bir necha mulozim ismini tilga olgan bo‘lsa-da, uning korrupsiya iddaolarini birov inkor ham qilmagan.

Yana Sheroboddagi stansiya bilan bog‘liq vaziyatga qaytamiz.

2023-yilning 27-dekabrida Sherobod quyosh stansiyasining birinchi bosqichi tantanali ravishda ishga tushirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Masdar” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Muhammad Al-Ramahiy bilan Sherobod stansiyasini ishga tushirish payti.

«Masdar» rejasiga ko‘ra, stansiya 2026-yilda to‘la foydalanishga topshirilgach, jami 94 ming surxonlik oila elektr bilan ta’minlanishi mumkin.

Biroq mutaxassislar quyosh stansiyalari bilan bog‘liq loyihalarning to‘la amalga oshishiga ma’nilik qiladigan bir qancha omillar mavjudligini ta’kidlashmoqda.

Birinchidan, O‘zbekistondagi quyosh stansiyalari ishga tushgach, asosiy elektr tarmoqlari quvurlariga ulanmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan mutaxassislar dastlab O‘zbekistondagi eskirgan elektr tarmoqlarini yangilash zarurligi, keyin muqobil energiya ishlab chiqarishni boshlash lozimligini ta’qidlashdi. Boisi eskirgan tarmoqlarga ulangan muqobil energiyaning samaradorligi past bo‘lishi mumkin.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi hisob-kitobicha, bugungi kunda magistral tarmoqlarning 66 %, taqsimlash tarmoqlarining 62%, podstansiyalarning 74%, transformatorlarning 50 % ining xizmat qilish muddati 30 yildan oshgan.

Bundan qaryib 2 yil avval Samarqand viloyati Nurobod tumani Tutli mahallasida 100 megavattlik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilgan edi.

Qiymati 100 million dollar bo‘lgan mazkur loyihani Fransiyaning Total Eren shirkati xorij investitsiyasi hisobidan amalga oshirgan.

Mirziyoyev davridagi ilk quyosh stansiyalaridan biri bo‘lgan Nurobod stansiyasi 80 mingdan ortiq xonadonni muqobil energiya bilan ta’minlashi rejalangan edi. Biroq stansiyaning shundoq biqinida joylashgan Tutli mahallasi aholisi baribir elektrga yolchimadi.

Nurobod tumani rasmiylari quyosh stansiyasidan olingan muqobil energiya asosiy elektr tarmog‘iga ulangani va Tutli mahalasini to‘g‘ridan to‘g‘ri elektr bilan ta’minlash nazarda tutilmaganini aytish bilan cheklanishdi.

100 million dollarlik Nurobod quyosh stansiyasi samarasini boshqa samarqandliklar ham sezganicha yo‘q. Joriy qishda hatto Samarqand shahrida ham elektr uzilishlari kuzatildi.

Hukumat nimaga dastlab eskirgan elektr quvurlarini yangilamasdan muqobil energiya stansiyalari qurishga zo‘r bermoqda? Hukumatga yaqin manba buning sababini korrupsiyaga bog‘ladi.

gap ko‘proq soqqa qilish haqida ketmoqda

“Muqobil energiya uchun xorijdan kredit olish oson. Xalqaro banklar quyosh stansiyalari ekologik vaziyatni yaxshilashga xizmat qilishini inobatga olib, kredit berishadi. Shuning uchun iloji boricha ko‘proq kredit olishga harakat ketmoqda. Dunyoda hech bir davlatda quyosh stansiyalarini qurishda bizdagidek, shoshmashosharlikka yo‘l qo‘yilmagan. Bu yerda natija samarasizlik bilan yakunlanishini hukumat ham biladi. Lekin gap ko‘proq soqqa qilish haqida ketmoqda. Olingan kreditni o‘zlashtirish yo‘llari son-mingta. Qaysi stansiya bo‘yicha olingan kreditning hisob-kitobi ochiqlandi? Ularning ishi cho‘ntakni qappaytirish xolos”, deydi Energetika vazirligidagi manba.

Ozodlikka taqdim qilingan faktlardan kelib chiqilsa, Sherobod quyosh stansiyasida bajarilgan ishlarning sifati savol ostiga olinadi. Qurilish mulozimlarining Telegramdagi yozishmalarida qilinayotgan ishlar sifatsiz ekani qayd etilgan. Yozishmalardan birida 45- blok 1-bo‘limidagi ishlar sifatsiz bajarilgani sabab ushbu blokdagi ishlar zudlik bilan to‘xtatilishi buyurilgan.

“Energy Eco Sources” MCHJning marketing va raqamli transformatsiya bo‘yicha direktori Ivan Butukning Anhor.uz nashriga aytishicha, mamlakatdagi quyosh stansiyalarining katta qismi noto‘g‘ri o‘rnatilgani aniqlangan. Butuk ta’kidicha, yo‘l qo‘yilgan xatolarning kombinatsiyasi O‘zbekistonda avariyalarga olib kelishi mumkin:

"Men duch kelganlarning 20-30% jiddiy xatolar bilan yig‘ilgan yoki to‘liq bajarilmagan, ya’ni oddiygina uskunaning bir qismi yetishmayapti, lekin ayni paytda montajchilar va egalari tomonidan tayyor sifatida taqdim etilgan. Ular darhol to‘xtatilishi va qayta o‘rnatilishi kerak. Ularning ishlashi nafaqat o‘zini oqlamaydi, balki investitsiya qilingan pulni yo‘qotishdan tashqari qo‘shimcha yo‘qotishlarga ham olib keladi. 40% xavfsiz, lekin ishlatish va saqlash uchun noqulay va ular o‘rnatilgan obyekt uchun yetarli energiya ishlab chiqarmaydi".

Joriy yilning 28-yanvar kuni Sherobod stansiyasida sodir bo‘lgan ushbu hodisa oqibatida qancha zarar ko‘rilgani ochiqlanmadi. Rasmiylar vaziyatni haspo‘shlash uchun qo‘shicha panellar yetarli ekanini aytish bilan cheklanishdi.

Quyosh panellarini o‘rnatishdagi kamchiliklar, mutaxassislar fikricha, samaradorlik pasayishiga olib kelmoqda.

Ayni paytda iqlimning ham quyosh stansiyalari samaradorligiga salbiy ta’siri sezilmoqda. O‘zbekiston sharoitida panellarning samaradorligi pasayishiga ta’sir ko‘rsatadigan yana bir omil bu chang miqdoridir. Keyingi yillarda kuchaygan chang bo‘ronlari milliardlab dollar sarflanayotgan quyosh stansiyalari samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Mutaxassislar ta’kidicha, changlanish darajasi kuchayishi oqibatida panellar rentabelligi kamaymoqda.

Rasmiylar shu paytgacha ishga tushirilgan muqobil energiya stansiyalari uchun jami 2,1 milliard dollar sarflanganini aytgan.

Ayni paytda O‘zbekistonda yana 13 mlrd dollarlik muqobil energiya loyihalari amalga oshirilyapti.

“Shubhali darajada gigant loyihalar. Boshqa detallari noma’lum. Oxirgi yillarda imzolanaverib, siyqasi chiqib ketgan memorandumlarning deklarativ xususiyatga ega ekanligini ko‘pchilik tushunib yetgan, xursand bo‘lishdan ko‘ra shubhalanib qolganmiz. Shuning uchun jo‘jani kuzda sanaymiz”, deya yozdi Davletov.uz.

Mirziyoyev hukumati quyosh energiyasini energetik bo‘hron yechimi sifatida keng ko‘lamda targ‘ib qilarkan, kampaniyabozlik kun sayin avjiga chiqmoqda, deyarli barcha viloyatlarda muqobil energiya stansiyalari qurilishi ketmoqda.

“O‘tgan yilgi rejalar ijrosi "ura ura" kampaniyavozlikka va pul o‘zlashtirish musobaqasiga aylantirilmay, sog‘lom aql bilan ish tutilganida o‘tgan qishda elektr energiyasida uzilishlar bo‘lmasligi kerak edi. Hammadan qizig‘i, o‘rnatilgan quyosh panellari qancha elektr energiyasi generatsiya qilayotgani haqida hech qanday davriy va ochiq ma’lumot mavjud emas. Agarda 2023-yil rejalari bajarilganida o‘rnatilgan quyosh panellari 900,3 mln. kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi lozim edi. Bu Turkmanistondan 45 kunlik elektr energiyasi importi bilan teng”, deydi iqtisodchi Otabek Bakirov.

yo quyosh paneli, yo dor

Endi kichik quyosh stansiyalari bilan bog‘liq vaziyatga to‘xtalsak. Bu yerda vaziyat yanada ayanchli. Majburlash kampaniyasidan chetda qolgan birov bo‘ldimi, o‘zi?

Andijon viloyati hokimiga tegishli ekani aytilgan quyidagi gaplar vaziyatga oydinlik kiritishi mumkin:

"[Quyosh paneli] qo‘yganlarga rahmat, qo‘ymagan fuqarolar o‘zingni os, yo hayot, yo mamot, yo quyosh paneli yo dor.. dorni eshityapsanmi?"

Bugun Toshkent ko‘chalarini aylansangiz, tomida quyosh paneli yo‘q binoni uchratish amrimahol. Lekin ularning hammasi ishlayapti, deb o‘ylasangiz, adashasiz! Ozodlik mobil muxbiri poytaxtdagi bir qator binolarga kirib, idoralar xodimlari bilan suhbatlashdi. Suhbatlardan ma’lum bo‘lishicha, bu binolarning juda ko‘pchiligidagi quyosh panellari mulyaj kabi. Ya’ni xodimlarga ko‘ra, majburlash natijasida panellar olingan, tomlarga o‘rnatilgan, biroq ularni ishlatishga generator yo‘q. Boisi generator qimmat. Panelning ishlash-ishlamasligi esa, birovni qiziqtirayotgani ham yo‘q. Hisobot uchun tomda yaltirab, panel tursa yetadi.

O‘tgan ikki yilgi ura-urachilik kampaniyasi o‘zini oqlamagani bugun hech kimga sir bo‘lmasa-da, mulozimlar vaziyatni haspo‘shlashga maksimum harakat qilishmoqda.

Kichik bir misol. Jizzax politexnika institutiga ham o‘sha kampaniya davomida quyosh panellari o‘rnatilgan. Lekin bu yil qishda talabalar sovuq dars xonalarida o‘tirishga majbur bo‘lishdi.

Institut talabalari hisob-kitobicha, oliygoh tomida 30 tacha, hovlisida esa 40ta quyosh paneli yarqirab turibdi. Faqat ular samaradorligi savol ostida.

Jizzax politexnika instituti hovlisi.

Shuncha panel bo‘la turib, talabalar sovuqdan shikoyat qilganidan so‘ng institut koridoriga bitta istitish pechkasi qo‘yildi.

Eng asosiysi vaziyatni haspo‘shlash uchun institut rahbariyati shikoyatni rad qilib chiqishga majbur bo‘lishdi.

Bu kabi misollar son- mingta…. Boshqa bir holat: Prezident tashrif buyuradigan har bir shahar va qishloq ko‘chalari quyosh panellari bilan bezatiladi. Prezident ketgach esa, ular yig‘ishtirib olinadi. Misol, o‘tgan yil yozida Mirziyoyevning Buxoroga tashrifi oldidan Romiton tumani Qahramon mahallasidan o‘tgan trassa bo‘yidagi uylar tomiga quyosh panellari terib chiqildi. Mahalla ahlidan olingan ma’lumotga ko‘ra, prezident ketgach, panellar yig‘ishtirib olib ketilgan.

Keyingi paytda hatto quyosh panellarini arendaga ham olish mumkin. Tekshiruvchi komissiya kelsa yoki nufuzli rahbarlar tashrifi kutilsa, quyosh panellari sotuvchi firmalardan ma’lum pul evaziga panellar ijaraga olinadi va tashrif tugagach, qaytarib beriladi. Ozodlik muxbiri potensial mijoz sifatida Toshkentning Yunusobod tumanida joylashgan firma xodimi bilan bog‘landi. Xodim bino tomining katta -kichikligiga qarab, 200 dollardan 500 dollargacha bo‘lgan narxda quyosh panelini ijaraga olish mumkinligini aytdi.

Quyosh panellarini idora va tashkilotlarga o‘rnatish bo‘yicha o‘tkazilayotgan tenderlardagi ehtimoliy qing‘irliklar haqida Ozodlik avval ham ko‘p yozgan.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Қуёш панеллари: Яшил энергиями ёки монополия?

Bu yerda gap nafaqat sohaga aloqasi yo‘q firmalarning tenderda g‘olib bo‘lishi haqida boradi, balki milliardlab so‘mlik quyosh panellarining o‘rnatilish sifati va xizmat kafolati ham shubha ostiga olinadi. Qolaversa, byudjet mablag‘i korrupsion sxema asosida o‘zlashtirilayotganiga oid xavotirlarni ham uyg‘otadi.

Hukumatning o‘zi ham quyosh panellari o‘rnatishdagi ko‘zbo‘yamachiliklarni tan olgan. Joriy yilning 28-fevral kuni o‘tgan yig‘ilishda prezident Mirziyoyev mutasaddilarga joylarda quyosh panellarini o‘rnatishda ko‘zbo‘yamachilik va qo‘shib yozish holatlarining oldini olish yuzasidan topshiriq bergan.

Ma’lum bo‘lishicha, joylarda 10 kilovattlik quyosh panellarini o‘rnatish uchun 65-70 million so‘m, ya’ni taxminan 5300-5600 dollar mablag‘ zarur.

Agar gaz bo‘lmasa, uyni isitish uchun quyosh panelining foydasi yo‘q

Hukumat qayta tiklanuvchi elektr manbalaridan foydalanishga qaror qilgan aholiga qator imtiyozlar, jumladan uch yilga soliq to‘lovlaridan ozod qilgan bo‘lsa-da, odamlarda quyosh panellari samaradorligiga nisbatan ishonchsizlik bor.

“Quyosh panellari qishda quyosh charaqlab turgan vaqtda nari borsa 35% koeffitsiyent bilan ishlaydi. Akkumulator muddati 5 yil. Keyin almashtirish kerak. Quyosh panellari ishlash muddati 25 yil. Har besh yilda o‘rtacha 10% ga ishlash kuchi pasayadi. Agar gaz bo‘lmasa, uyni isitish uchun quyosh panelining foydasi yo‘q”, deya yozdi Facebook foydalanuvchisi Lochinbek Amanov.

Ozodlik quyosh stansiyalariga oid xavotirlar borasida yuzaga kelgan savollarni o‘tgan yilning 21-fevral kuni Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovga elektron pochta orqali jo‘natgan. Biroq oradan 1 yildan ko‘proq vaqt o‘tib ham vazir janoblaridan hech qanday ko‘rinishda javob bo‘lmadi.

Mirziyoyev hukumati muqobil energiyani mamlakatdagi energetik bo‘hrondan chiqish yo‘li sifatida taqdim qilarkan, keyingi ikki yillik kampaniyabozlik natijasida vaziyat o‘nglangani kuzatilmadi. Hukumatning energetika inqirozini pala partish hal qilishga urinishi, tahlilchilar fikricha, balandparvoz va’dalar, hisobot uchun qilanayotgan ko‘zbo‘yamachiliklardan nari o‘tmayapti.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Муқобил энергия манбалари энергетика инқирозидан қутқарадими?

Ayni paytda O‘zbekiston qo‘shnilarida ham energetik muammolar kam emas.

Qirg‘iziston 2023-yili energetika tizimida uch yillik favqulodda holat e’lon qilgan. Rasmiy Bishkek energetik muammolardan qutilish maqsadida muqobil energiya olish uchun harakat qilmoqda. Issiqko‘lda quyosh stansiyasini qurish rejalangan. Shuningdek, kichik GES qurish uchun tadbirkorlarga imtiyozlar va’da qilingan. Ana shunday imkoniyatdan foydalangan tadbirkor Nurlan O‘rmonov o‘z hisobidan Jalolobod viloyatining Aqsi tumanida 500 kilovattlik kichik GES qurdi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, mamlakatda 88ta kichik GES qurish imkoniyati mavjud.

Qozog‘iston esa muqobil energiya olish harakatini 13 yil avval boshlagan va hozirda mamlakatda 142 ta muqobil energiya stansiyalari ishlamoqda. Qozog‘iston asosiy e’tiborni shamol stansiyalariga qaratgan. 2050- yilgacha Qozog‘iston energiyasining yarmi muqobil energiya hisobidan amalga oshirish rejalangan. Ayni paytda Qozog‘iston Rossiya energiyasiga ehtiyoji katta davlatlardan sanaladi. Ayniqsa, mamlakat shimoli rus energiyasiga qaram hisoblanadi. Ostona bu qaramlikdan qutulish uchun mamlakat shimolini yagona energiya tarmog‘iga ulashni tezlashtirish harakatida.

Ostona Rossiyaga energetik qaramlikdan qutulishga harakat qilayotgan bir paytda Toshkent buning aksini qilmoqda.

O‘tgan yili Ozodlik e’lon qilgan surishtiruvda Mirziyoyev hukumati energetikaga oid ko‘p milliardlik shartnomalar va O‘zbekistonning yirik gaz konlarini maxfiy kelishuvlar orqali Kreml va Putinga yaqin shubhali oligarxlar va Kreml nazoratidagi tuzilmalarga topshirgani o‘rtaga chiqqandi. Buning natijasi o‘laroq O‘zbekiston rasman gaz eksport qiluvchi davlatdan gaz import qiluvchi davlatga aylandi. Hukumat Ozodlik surishtiruvlari xulosalarini rad etishga urindi, ammo energetik inqiroz davom etmoqda.