Mirziyoyev: Tartib-qoidalarning 29 foizi JSTga uyg‘unlashtirildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev (arxiv surati)

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev texnik tartibga solish sohasidagi qonunchilik Jahon savdo tashkiloti (JST) talablariga moslashtirish muhimligini aytdi, deya xabar qildi “Gazeta.uz” nashri.

Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha qoidalarni uyg‘unlashtirish ko‘rsatkichi yil boshida 25 foiz bo‘lgan bo‘lsa, harakatlarimiz bilan buni 29 foizga yetkazdik. Mana, qancha ishimiz turibdi”, degan Mirziyoyev 10-oktyabr kuni texnik jihatdan tartibga solish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda.

Ta’kidlanishicha, mamlakatning JSTga a’zo bo‘lishida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va metrologiya masalalari muhim ahamiyatga ega.

So‘nggi yillarda mamlakatda 12 mingta standart tasdiqlangan. Yil boshidan buyon yana 1 ming 40 ta xalqaro standart qabul qilingan. Mahsulot xavfsizligi va sifatini ta’minlash maqsadida 29 ta texnik reglament ishlab chiqilgan.

Mirziyoyev tashqi bozorlarga chiqish uchun samarali texnik tartibga solish tizimi shartligini ta’kidlab, qo‘shimcha vazifalar belgilagan.

O‘zbekistondagi 269 laboratoriyadan 105 tasi xalqaro standartlar tomonidan tan olinmagan. Demak, jahon bozoriga raqobatbardosh mahsulotlar chiqara olmaymiz”, degan u.

O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha muzokaralarni qariyb 15 yillik tanaffusdan so‘ng 2020-yil iyul oyida qayta boshlagan. Rasmiy Toshkent a’zolik jarayonini imkon qadar tezroq yakunlash niyatida ekanini bildirgan. Jumladan, joriy yil 5-iyun kuni JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Ivealani qabul qilgan prezident Mirziyoyev O‘zbekistonning tez fursatda mazkur xalqaro tuzilmaga a’zo bo‘lish istagini urg‘ulagan.

2023-yil avgust oyida mamlakat qonunchiligini JST kelishuvlariga uyg‘unlashtirishga qaratilgan farmon qabul qilingan.

O‘zbekiston – JST bilan tashkilotning butun tarixi davomida eng uzoq muzokara olib borgan davlat. Bu yil muzokaralar boshlanganiga 30 yil to‘ldi.

JST a’zo davlatlar o‘rtasidagi savdo qoidalari bilan shug‘ullanuvchi yagona global xalqaro tashkilot hisoblanadi.

JSTga a’zolik raqobatbardoshlik va savdo hajmini oshirishga ko‘maklashadi.