Mirziyoyev TDT sammitida ishtirok etish uchun Ozarbayjonga yo‘l oldi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-6-iyul kunlari amaliy tashrif bilan Ozarbayjonda bo‘ladi.

Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Mirziyoyev Ozarbayjonning Shusha shahrida bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkilotining "Transport o‘zaro bog‘liqligi va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish orqali barqaror kelajakni barpo etish" mavzusidagi norasmiy sammitida ishtirok etadi.

Sammit davomida ko‘p tomonlama hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, transport-kommunikatsiya va investitsiya-moliya sohalarida, shuningdek, "yashil" iqtisodiyot, qayta tiklanadigan energetika, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va inson kapitalini rivojlantirish yo‘nalishlarida yanada kengaytirish masalalari muhokama qilinadi”, deya ma’lum qilgan prezident matbuot xizmati.

Xabarnomada TDT delegatsiyalari rahbarlari sammitda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalarni ham ko‘rib chiqishlari, tadbir yakunida qator qo‘shma hujjatlar qabul qilinishi qo‘shimcha qilingan.

Turk davlatlari tashkiloti 2009-yil 3-oktyabrida Naxchivan kelishuvi asosida Bokuda “Turkiy kengash” nomi bilan tuzilgan. Dastavval unga 4 ta davlat — Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zo bo‘lgan.

O‘zbekistonning avvalgi prezidenti Islom Karimov Anqara bilan aloqalari sovuq bo‘lgani tufayli Turkiya boshchiligidagi integratsiya tashabbuslariga shubha bilan qarab kelgan, shu bois rasmiy Toshkent qariyb o‘n yil davomida bu tashkilotga a’zolik masalasiga e’tiborsiz qarab kelgan. O‘zbekiston TDTga Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelganidan so‘ng, 2019-yil 12-sentyabrida a’zo bo‘lgan.