Mirziyoyev: Toshkent 7,5 mln nufusli megapolisga aylantiriladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev (arxiv surati)

Toshkent shahri kamida 7,5 million odam yashashi va ishlashi uchun qulay sharoitga ega yirik megapolisga aylantirilishi kerak. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 9-oktyabr kuni Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi bilan tanishuvda aytgan.

Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Mirziyoyev Toshkent viloyatining Qibray, Zangiota, Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq va Toshkent tumanlarini poytaxt bilan yaxlit aglomeratsiya asosida rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar bergan.

Hozirda Toshkent shahri hududi 43 ming 822 gektarni tashkil qiladi. Aholi soni esa 3 milliondan ziyod.

2045-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh reja loyihasida ko‘rsatilishicha, poytaxt hududi uchta zonaga ajratiladi. Konservatsiya zonasida madaniy meros binolari, tarixiy joylar, uylar va yashil hududlar o‘zgarishsiz qoladi. Rekonstruksiya zonasida master-rejalar asosida qo‘shimcha qurilishlar qilish mumkin bo‘ladi. Renovatsiya zonasida esa eskirgan uy-joy, binolar o‘rnida yangi qurilish va ta’mirlash amalga oshiriladi.

Bosh rejada Toshkent va uning atrofidagi yashil hududlarni 3 karra ko‘paytirish, jamoat transporti tarmog‘ini kengaytirish, jumladan, metrobus yo‘nalishlari tashkil etish, elektr energiyasi, suv va oqova infratuzilmasini yaxshilash ham ko‘zda tutilgan.

Qayd etilishicha, bosh rejasi loyihasi Singapur, Buyuk Britaniya, Turkiya, Germaniya, Xitoy va Niderlandiya kompaniyalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.

Bosh reja tasdiqlangach, uning xaritalari Shaharsozlik kadastri geoaxborot tizimi va shahar hokimligi veb-saytida ochiq ma’lumot sifatida joylashtiriladi.