Mirziyoyev Turkiya mudofaa vazirini qabul qildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya milliy mudofaa vaziri Yashar Guler bilan, Toshkent, 2024-yil 26-iyuni (president.uz fotosi)

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-iyun kuni Toshkentda bo‘lib turgan Turkiya milliy mudofaa vaziri Yashar Guler boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgan.

Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, qabul chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, jumladan, yaqin idoralararo aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma tadbirlar tashkil etish, harbiy mutaxassislarni tayyorlash va boshqa masalalar muhokama qilingan.

“Xavfsizlik sohasida, terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashishda hamkorlikni mustahkamlash va muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratildi”, deyilgan xabarnomada.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Turkiya delegatsiyasi vakillari bilan Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash masalalari, shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyatni ham muhokama qilgan.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati qaydicha, Toshkentga kelgan turk harbiy delegatsiyasiga mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov boshchiligidagi o‘zbek harbiylari mezbonlik qilmoqda.