Mirziyoyevga ishonib millionlab dollar kredit olgan tadbirkorlar bankrotlik va qamoqqa yuz tutmoqda

Buxorolik tadbirkor bu muzxonani 2015-yilda 240 ming dollar kredit olib qurgan edi. 2017-yilgi so‘m devalvatsiyasidan so‘ng, kredit to‘rt baravarga qimmatladi.

O‘zbekistonda 2017-yildagi valyuta liberalizatsiyasidan avval kredit olgan yuzlab tadbirkor bankrotlikka yuz tutmoqda.

Davlat dasturidagi reja asosida issiqxona, muzlatgich qurish, intensiv bog‘ yaratish uchun yuz minglab, millionlab dollar kredit olgan bu tadbirkorlarning qarzi bir kunning o‘zida ikki baravarga ko‘paydi.

Chunki 2017-yilning 2-sentabrigacha 1 AQSH dollari 4100 so‘m edi, valyuta liberalizatsiyasidan so‘ng 8100 so‘mga ko‘tarildi.

Banklar tadbirkorlardan kreditni dollarning yangi qiymatida qaytarishni talab qila boshladi.

Qarzi birdaniga ikki-uch baravarga ko‘paygan tadbirkorlar birin-ketin sina boshladi, qarzini qaytarolmayotganlar ustidan jinoyat ishlari ochildi, bir qanchasi qamoqqa olinib ozodlikdan mahrum etildi va bir qanchasi ustidan sud jarayoni davom etmoqda.

Tadbirkorlarning aytishlaricha, davlat dasturi asosida ishlayman degan ishbilarmonlarni davlatning o‘zi birin-ketin sindirmoqda. Sudlar esa davlat tomonda, tadbirkorning manfaatini hech kim himoya qilmayapti.

Buxoro shahrida yashaydigan tadbirkor Shavkat Qudratov 2015-yilgacha faqat o‘zbek so‘mida kredit olib ishlab kelgan.

Unga davlat dasturi rejasi asosida valyutada kredit taklif qilishganida avval rad qilgan, keyin va’dalarga ishonib qabul qilgan:

“Sudlarda menga savollar bo‘lyapti, siz bilgansiz dollarning oshishini deb. Men, ha bilganman, inkor qilmayman, lekin bir haftada 10-20 so‘m oshib borishini bilganman. Bu tabiiy jarayon edi biz uchun. Lekin men bir kunda ikki baravarga oshib ketishini bilmaganman. Lekin Fuqarolik to‘g‘risidagi kodeksning 383-moddasida yaqqol “ko‘zda tutilmagan har qanday holatlar tadbirkor foydasiga hal bo‘ladi” deb, yozilgan. Dollar bir kunda 4100dan 8100 so‘mga, ya’ni 100 foizga oshib ketishini bilmaganman. Men bunga aybdor emasman. Bilganimda bu kreditni hayotimda olmagan bo‘lar edim”.

Shavkat Qudratov kreditni rasmiylashtirgan 2015-yilda 1 AQSH dollarining rasmiy kursi 2692 so‘m bo‘lgan.

“Hozir bular uyalmasdan mendan 11400 so‘mdan undiryapti. Bu absurd! Qonunchilikka ham, odamgarchilikka ham to‘g‘ri kelmaydi! Men bularga yuz marta savol beryapman, akalar, holatga qaranglar, men buni qanday to‘lab beraman, deb. Prezident qarori chiqqan deydi. Prezident qaror chiqargan bo‘lsa, qaror loyihasini kim ishlab chiqqan, kredit olgan tadbirkorning ahvoli nima bo‘ladi, deb nega hech kim o‘ylamagan? Bular kredit berishdan oldin mening biznes rejamni bir yil tekshirishgan va 20 foiz foyda qilar ekansiz va kreditni to‘lashga qodirsiz, degan xulosa bilan bergan. Lekin men 400 foizga oshgan kreditimni qaysi foydamdan to‘lab beraman, degan savolga javob yo‘q. Mana 7 yilda 26 ming dollar to‘lay oldim, xolos”, deydi tadbirkor.

Tadbirkorning 2015-yilda olgan 240 ming dollar krediti o‘sha paytdagi kurs bilan 646 million so‘m bo‘lgan.

Hozir bu 3 milliard 700 million so‘mga aylangan.

Ayni paytda “Qishloqqurilishbank” Shavkat Qudratovdan kreditni AQSH dollarining bugungi kursi bo‘yicha to‘lashni talab qilmoqda. Tadbirkor to‘lamagan taqdirda ishi prokuraturaga oshirilishi haqida ogohlantirilgan.

“Savdo sanoat palatasiga yuzlandim. Aytyapman, hurmatli Jasimov, siz yurist, Bosh prokuraturada ishlagansiz, nega qonunni chetlab o‘tyapsiz? Men chetlab o‘tganim yo‘q, dedi. Mening holatim fors-major holati, deyapman. Yo‘q, unday emas, sizning shartnomangizda fors-major holati ko‘rsatilmagan. Siz Tashqi savdo vazirligiga boring, deydi. Murojaat qilmagan joyim qolmadi, Qorako‘l tuman sudi, viloyat sudi banklar tarafida. Oliy sud viloyat va tuman sudlari qarorini bekor qilib, qaytadan ko‘rib chiqishga yubordi. Lekin Buxoro tumani sudining Maxmudov Shuhrat degan bir sudyasi yana o‘yin qilib yubordi. Yana Oliy sudga berdim, Oliy sud yana qaytardi. Xullas mana shunaqa o‘yin qilib yotishibdi”, deydi tadbirkor.

Shavkat Qudratov 2017-yildagi so‘m devalvatsiyasidan so‘ng jabr ko‘rgan yuzlab tadbirkordan biri, xolos.

Buxoro viloyat, Jondor tumanidagi tadbirkor Nusrat Qosimov esa kreditini to‘lay olmagani vaji yuzasidan ayni paytda qamoqqa olingan.

Nusrat Qosimov faoliyatidan xabardor bo‘lgan, ismi sir qolishini so‘ragan hamkorlaridan birining aytishicha, shu kunlarda tadbirkor ishi sudda ko‘rilyapti:

“Nusrat Qosimov “Jondor qurilish invest” MCHJning boshlig‘i 11 gektar erga issiqxona qurish uchun 2016-2017-yillar mobaynida 6 million AQSH dollari miqdorida kredit olgan. 2017-yilda konvertatsiya ochilganidan so‘ng, bu tadbirkorning qarzi ham ikki baravar oshib ketgan va mulk taqchilligi kelib chiqqan. Prokuratura tadbirkorni Jinoyat kodeksining167, 168, 205-moddalari bilan ayblab, ishni sudga oshirdi. Ayni paytda sud davom etyapti”.

Nusrat Qosimovning advokati Zavqiddin Amonov Ozodlik bilan suhbatda himoyasidagi shaxsga qo‘yilgan ayblovlar asossiz ekanligini ta’kidlar ekan, sud borayotganligi sababli bundan ortiq ma’lumot bera olmasligini aytdi.

Ismi sir qolishini so‘ragan Sirdaryo viloyatidagi banklardan birining boshqaruvchisining Ozodlikka aytishicha, so‘m devalvatsiyasidan so‘ng juda ko‘p tadbirkor sindi:

“O‘zim guvohi bo‘lgan voqeani aytay. Bir tadbirkor bizdan kredit olib xolodilnik qurgan edi. Devalvatsiyadan so‘ng keldi-da, mana og‘aynilar, men olgan 4 milliardlik kreditim 9 milliard bo‘lib ketdi, deb bankka o‘z xohishi bilan qurgan inshooti kalitini berib ketdi. Bank uni boshqa mijozga rassrochkaga berdi. Ko‘p kreditlarni "golovnoy" bank hal qildi. Ba’zilariga imtiyoz berdi, uzoq muddatga to‘lovni cho‘zdi. Cho‘loq bo‘lsa ham ishlab yotibdi. Imtiyoz ololmaganlari sindi. Devalvatsiyada tadbirkorlar manfaati umuman hisobga olinmadi”.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

ZIMISTON-UZ. 25-qism: Anomal sovuqdan qancha zarar ko‘rildi?

Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, Andijon viloyat, Bo‘ston tumanidagi Dilshod “zolotoy” laqabli tadbirkor ham olgan kreditini to‘lolmagani uchun ozodlikdan mahrum etilgan.

Tadbirkorlarning aytishlaricha, valyuta liberilizatsiyasidan keyin tanazzulga yuz tutgan tadbirkorlar ko‘p.

O‘zbekistonda 2016-2017-yillarda prezident Shavkat Mirziyoyevning hududlarga tashrifida unga ko‘rsatish uchun fermerlarga va tadbirkorlarga issiqxona, intensiv bog‘, muzlatgich kameralar uchun valyuta kreditlar oldirilgan.

Prezident Administratsiyasi, to‘rtlik (hokim, prokuror, ichki ishlar va soliq) va bankirlar tomonidan loyihalarni ijro etilishi nazorat qilib borilgan.

Tadbirkorlarga ko‘ra, valyuta kredit mablag‘larini qaytarish so‘mda (kurs 2800-2900 so‘m miqdorida) amalga oshiriladigan imtiyoz berilishi haqida va’dalar berilgan.

Afsuski, valyuta bozorini liberallashtirish, gaz yetkazib beruvchi tomonidan majburiyatlarni to‘liq bajarmaslik tufayli tadbirkorlar yaxshi ko‘rsatkichlariga erisha olmadi va shu sabab rejalashtirilgan foyda olinmadi.

Misol uchun, 1 mln. AQSH dollarida olingan kredit miqdori o‘rtacha 3 mlrd. so‘mda qaytarilishi rejalashtirilgan edi, lekin 2017-yil 2-sentabr kuni qabul qilingan prezidentning PF-5177 sonli farmoni bilan ushbu kreditni qaytarish miqdori 8,1 mlrd. AQSH dollarini tashkil etdi.

Valyuta bozorini liberallashtirish hisobiga kredit olgan fermer va tadbirkorlar zarar ko‘rishni boshladi.

Bankirlar esa prokuratura organlari bilan kelishilgan holda, bosim yo‘llari bilan, kreditlarni undirishga urinishyapti.

Banklar ro‘yxat tuzib kredit mablag‘larini undirib berish haqida viloyat prokuraturasiga murojaat qilib, to‘lamasa qonuniy choralar ko‘rishni talab qilmoqda.

Tadbirkorlarga ko‘ra, aslida bank va mijozlar orasidagi muammolar Xo‘jalik sudlarida ko‘rilishi va bunga prokuratura aralashmasligi kerak.

Kreditni to‘lay olmagan tadbirkorlar asosan, Jinoyat kodeksining 167-modda(o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 205 modda(hokimiyat va mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bilan ayblanmoqda.