Mirziyoyevning Jizzaxga safari arafasida gaz-svet talab qilib yo‘lni to‘sgan ayollarga ko‘mir tarqatildi

11 - yanvar kuni Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida gaz-svet talab qilib yo‘lni to‘sib qo‘ygan namoyishchilar - video skrinshoti

11 - yanvar kuni Jizzax viloyatining Paxtakor tumanidagi "Navbahor" mahalla fuqarolar yig‘inidan (MFY) o‘tuvchi betonka yo‘lni to‘sib qo‘ygan ayollar bilan tuman hokimi uchrashdi.

Hokimlikdan olingan ma’lumotga ko‘ra, energetik taqchillikdan norozi ayollar bilan Jizzax viloyat hokimi o‘rinbosari hamda Paxtakor tuman hokimi shaxsan uchrashgan. Ularga shu kuniyoq arzon narxda ko‘mir yetkazib berilgan.

11 - yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh norozi, asosan ayollar gaz va elektr energiyasi taqchilligidan norozi bo‘lib, magistral yo‘lni to‘sib qo‘ygani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Hodisa qishki ta’tildan qaytgan prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatiga safar qilgan kunga to‘g‘ri keldi.

Paxtakor tumani hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, tumanning "Navbahor" MFYda katta yo‘lni to‘sib qo‘ygan ayollar bilan hokim Shukrullo Babayev shaxsan uchrashgan.

"Viloyat hokimi o‘rinbosari, tumanimiz hokimi borib, shaxsan uchrashishdi. Tumanga bugunning o‘zida 1 tonnasiga 300 ming so‘mdan ko‘mir yetkazib berildi. Gaz ta’minoti masalasini kattalar biladi", - dedi hokimlik vakili Ozodlik muxbiri bilan mikrofonsiz muloqotda.

Paxtakor tuman hokimligi vakilining tasdiqlashicha, "Navbahor" MFY hududiga 5 yildan buyon tabiiy gaz bormaydi, ammo bu hudud elektr energiyasi bilan "uzluksiz ta’minlangan".

11 - yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda bir guruh norozi aholining avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygani aks etgan.

PAXTAKORLIKLAR🇺🇿 Telegram kanalining xabar qilishicha, "gaz va svet yo‘qligidan norozi bo‘lgan aholi mashina yo‘llarini to‘sib qo‘ygan".

Paxtakor tumani hokimligida ishlaydigan Ozodlik manbalaridan biriga ko‘ra, norozilikka chiqqanlarning asosiy qismi ayollardir.

"Hokim ayollar bilan juda yaxshi gaplashdi, viloyat hokimligidan borganlar ham yaxshi gaplar bilan tarqatishdi. Bugun prezident Jizzaxga borgan. Shunga tezda tarqatib yuborishdi, ortiqcha vahima qilmasdan. Bu ayollar prezident kelishini eshitib chiqmagandirov, masalan, men hokimiyatda turib, u kishi kelishini eshitmagandim", - dedi hokimlikdagi manba.

Uning aytishicha, Paxtakor tumani markazida tabiiy gaz ta’minoti yaxshi, elektr toki uzilib turadi, ammo mutlaq o‘chib qolish hollari qariyb kuzatilmaydi.

Tumanning "Akmal Ikromov" MFYda yashaydigan bog‘cha tarbiyachisiga ko‘ra, u yashaydigan tuman va norozilik chiqishi sodir bo‘lgan "Navbahor" mahallasida tabiiy gaz umuman yo‘q, elektr toki muttasil uziladi:

"Ulyanovsk ("Navbahor" MFYning avvalgi nomi) tomonlarda qishda ahvol og‘ir, gaz ham yo‘q, svet ham ko‘p o‘chadi. Ayollar chiqibdi, deb eshitdim men ham. Mana bizda ham hozir svet yo‘q, bir soat yonadi, 2 soat o‘chadi - shunaqa elektr ta’minoti", - dedi ismi oshkor qilinishini istamagan bog‘cha tarbiyachisi.

5 - yanvar kuni Markaziy Osiyo va Qozog‘istonni bog‘lovchi yagona energetik tizimining elektr uzatish tarmoqlarida rejadan tashqari sodir bo‘lgan uzilishlar ortidan O‘zbekistondagi beshta issiqlik elektr stansiyasida energobloklar o‘chirilgandi.

Energetika vazirligi matbuot xizmati tarqatgan bayonotga ko‘ra, bu avariya oqibatida To‘raqo‘rg‘on IESda quvvat 750 megavattdan 500 megavattgacha, Taxiatosh IESda 280 megavattdan 150 megavattgacha, Navoiy IESda 450 megavattdan 230 megavattgacha, Toshkent IESda esa 370 megavattdan 180 megavattgacha kamaygan.

“Ayni paytda Talimarjon IESda qurilmalarni ishga tushirish jarayoni amalga oshirilmoqda, qolgan elektr stansiyalarda ish rejimi qayta tiklangan”, deyilgan edi vazirlik bayonotida.

Ammo shundan buyon respublikaning turli hududlarida elektr ta’minoti hanuz barqarorlashmagani, aksincha uzilishlar ko‘lami yanada ortgani haqida shikoyatlar ko‘paydi.

2020 - yilning 18 - noyabridan havo harorati keskin sovib, qor yog‘ishi bilan mamlakat bo‘ylab har yili kuzatiladigan qishki energetik bo‘hron ertaroq boshlandi.

Hatto Toshkentning qator tumanlarida qozonxona va quvurlar ishdan chiqqani, aksar viloyatlarda elektr toki uzilgan, suyultirilgan gaz uchun navbatlar uzaygani kuzatildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2016 - yilda prezidentlikka saylanishidan oldin aholining elektr va gaz muammosini hal qilishga va’da bergan edi.

Ammo bu yilgi kuz-qish mavsumi mamlakat energetika tizimidagi inqiroz ko‘lami katta ekanini ko‘rsatdi. Noyabr oyidan buyon elektr uzilishi va tabiiy gaz yo‘qligidan norozi bo‘lgan aholi vakillarining norozilik chiqishlari kuzatilmoqda.