Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi KINGSMAN UZBEKISTAN do‘konida sotilayotgan kiyim-kechaklarni madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ishtirokida reklama qilgan “Boutique” MCHJni jarimaga tortdi.
Joriy yilning 2-iyulida vazir Nazarbekov mahalliy kiyim brendining reklama roligida ishtirok etgani aks etgan video tarqalgan edi. Video tarqalishi ortidan Raqobat qo‘mitasi holat nazoratga olingani, bu borada o‘rganish ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgan.
Oradan qariyb uch hafta o‘tib, qo‘mita holat yuzasidan maxsus komissiya tomonidan tegishli tartibda ish qo‘zg‘atilgani, o‘rganish natijasi bo‘yicha komissiya KINGSMAN UZBEKISTAN brendi ostida faoliyat ko‘rsatuvchi “Boutique” MCHJ “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasini, ya’ni reklamada tovar davlat organlari yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan ma’qullanganligini ko‘rsatish bo‘yicha taqiq talablarini buzgan, deb topganini ochiqladi.
Pirovardida, Raqobat qo‘mitasi qaydicha, “Boutique” MCHJga nisbatan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilingan hamda unga qonunbuzarlik holatini bartaraf etish va kelgusida takrorlamaslik yuzasidan ko‘rsatma berilgan.
Ayni paytda qo‘mita madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning reklamada ishtirokini reklama beruvchi, reklama tayyorlovchi yoki reklama tarqatuvchi sifatida ishtirok etganligi alomatlari aniqlanmaganini urg‘ulagan.
“O. Nazarbekov tomonidan reklamani o‘z shaxsiy ijtimoiy tarmoqlari va boshqa rasmiy tarmoqlar orqali tarqatmaganligi «Reklama to‘g‘risidagi» Qonuniga asosan reklamaning aylanishi sohasidagi ishtirokchisi sifatida baholanmaydi”, deyilgan Raqobat qo‘mitasi xulosasida.