Moskva Ukrainada jang qilayotganlarni ishdan bo‘shatishni taqiqlamoqchi

Rossiya hukumati Ukrainada jang qilayotgan fuqarolarni ishdan bo‘shatishni to‘liq taqiqlashni rejalamoqda. Mamlakat Mehnat kodeksiga bunga oid tegishli o‘zgartishlar kiritilishi haqida bosh vazir Mixail Mishustin ma’lum qilgan.

Agar hukumat tomonidan taklif qilinayotgan qonun loyihasi qabul qilinsa, ish beruvchilar Mudofaa vazirligi shartnomasiga qo‘l qo‘ygan urush qatnashchilari bilan tuzilgan shartnomani ularning butun xizmati davrida to‘xtatib turishga majbur bo‘ladi. Hozirda xodimni armiyadagi xizmatidan bir yil keyin ishdan bo‘shatish mumkin.

Hukumat matbuot xizmati mazkur qonun loyihasi Rossiya Davlat dumasiga yaqin orada kiritilishini qo‘shimcha qilgan. O‘z navbatida, Mishustin hujjat qabul qilinishiga shubha qilmasligini bildirgan.

Rossiya rasmiylari Ukrainada shartnoma asosida jang qilayotgan kishilarning aniq sonini ochiqlagan emas. Vladimir Putin frontga ketgan harbiylarning umumiy soni 600 ming kishi ekanini aytgan.