Moskva viloyatida Sukhoi Superjet uchog‘i qulab tushdi

Sukhoi Superjet 100 uchog'i (illyustrativ surat)

Rossiyaning Moskva viloyatida 12-iyul kuni Sukhoi Superjet 100 yo‘lovchi uchog‘i aviahalokatga uchradi. Uchoq bortida yo‘lovchilar bo‘lmagan, faqat ekipajning uch a’zosi bo‘lgan, xolos. Xabarlarga ko‘ra, ularning hammasi halok bo‘lgan.

TASS agentligi qaydicha, uchoq rejadagi ta’mirlash ishlaridan keyingi parvozni amalga oshirish chog‘ida qulab tushgan. U Vnukovodagi aviatsiya zavodidan osmonga ko‘tarilgan. Baza nashri qulashdan oldinroq falokat signalini bera boshlagan va uchoq avariyali qo‘nish oldidan yonilg‘ini sarflab bitirish uchun aylana bo‘ylab ucha boshlagan. Uchinchi aylanishda uchoq qulab tushgan.

Qulab tushgan Sukhoi Superjet 100 uchog‘i 2014-yilda ishlab chiqarilgan bo‘lib, “Gazprom Avia” shirkatiga tegishli bo‘lgan. “Agentstvo. Novosti” xabariga ko‘ra, qulagan uchoqda so‘nggi ikki yil ichida kamida ikki marta nosozlik kuzatilgan.

Moskva viloyatining Apraksino qishlog‘i yaqinidagi uchoq qulagan joyga Kolomno shahri rahbari Aleksandr Grechishchev borgan. Mulozimga ko‘ra, uchoq qulagan joy o‘rab olingan. Uchoq o‘rmonga qulagan, aviahalokat natijasida tuman aholisi orasida jabrlanganlar yo‘q.

Aviahalokat hodisasi yuzasidan havo transporti harakat xavfsizligi va ekspluatatsiyasi qoidalarining buzilishiga oid moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov bilan Rosaviatsiya mutaxassislari ishtirokida Davlatlararo aviatsiya qo‘mitasi (DAQ) shug‘ullanadi.