Rossiya poytaxtida Ukraina gerbi tasviri tushirilgan futbolka kiygan va urushni tanqid qilgan o‘zbekistonlik jarimaga tortilgan.
“Ostorojno, Moskva” loyihasi qaydicha, 25-iyun oqshomida Moskvadagi “Kiyevskaya” metrosida politsiya xodimlari 39 yoshli Xursandbek Ahmedovni qo‘lga olishgan.
Xabarda uning futbolkasida Ukraina gerbi aks etgani, bundan tashqari, yo‘lovchi Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlariga tanqidiy qarashini tan olgani aytilgan.
“Uning kiyimi va aytgan so‘zlarida huquq-tartibotchilar Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlarini obro‘sizlantirish unsurlarini ko‘rganlar. Ish sudga oshirilgan. Erkak aybini tan olgan”, deyilgan xabarda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 27-iyun kuni Moskvaning Dorogomilovskiy tuman sudi “RF Qurolli kuchlarini obro‘sizlantirganlik” moddasi bo‘yicha Ahmedovga 50 ming rubl miqdorida jarima tayin qilgan. “Ostorojno, Moskva” loyihasi keltirgan sud qaroridan O‘zbekistonda tug‘ilgan Xursandbek Ahmedovning Rossiya fuqaroligini olgani anglashiladi.