Rossiya huquq-tartibot idoralari 20-iyun kuni Moskvadagi “Tyopliy Stan” metrosi oldida joylashgan Novoyasenevskiy bozorida Markaziy Osiyodan bo‘lgan migrantlarni yoppasiga tutib ketgan.
Ozodlik tojik xizmatining voqea guvohlari so‘zlariga tayangan holda xabar qilishicha, kuch ishlatar tuzilmalar xodimlari tekshiruvni tahqirli shaklda olib borganlar — bozordagi ba’zi ishchilar polga yotqizib qo‘yilgan va ular xonada qo‘llarini boshlariga qo‘ygan holda yotganlar. Hujjatida muammo bo‘lmaganlar qo‘yib yuborilgan, migrantlarning ayrimlari esa avtozaklarda noma’lum tomonga olib ketilgan.
Rossiya rasmiylarga aloqasi borligi aytiladigan Baza telegram-kanali xabariga ko‘ra, bozor ishchilari ko‘chadagi ko‘chadagi bostirma ostiga tizib qo‘yilib, hujjatlari tekshirilgan, reyddan maqsad esa qidiruvda bo‘lgan yoki jinoyatlarda gumonlangan shaxslarni aniqlash bo‘lgan.
Rossiyada noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll”da mart oyida sodir etilgan terakt ortidan kuchayib ketgan. Mazkur terror xurujining amalga oshirilishida bir necha tojikistonlik gumonlanmoqda.
Ozodlikning tojik xizmatiga yo‘llangan videoda migrant ayolning “Tojik yigitlarning barchasini ushlashdi” degani eshitiladi. Bu paytda kuch ishlatar tuzilmalar xodimlari migrantlarga “yot yerga” deya buyruq beryapti.
Videoda bino ichida bir necha migrant qo‘lini boshining orqasiga qo‘ygan holda polda yotganini ko‘rish mumkin. Politsiya vakillari ularga baland ovoz bilan nima qilishlari kerakligini uqtiryapti. U yerda hushi boshidan uchgan ikki ayolni ko‘rish mumkin — biri qo‘lida bolasini ko‘targan holatda, oyoq yalang holdagi boshqasi esa qayerga borishini bilmay turibdi. Bu videoda migrant ayol xavotir aralash: “Ular erimni olib ketishdi”, demoqda.
Guvohlar reyddan maqsad asosan tojikistonlik migrantlarni tutib ketish bo‘lganini aytishgan.
So‘nggi oylarda Rossiyada migrantlarni tekshirish va ularga bosim kuchaygan. Rossiya nashrlari xabariga ko‘ra, reydlar bilan bir qatorda deputatlar ham qonunchilik tashabbuslari bilan chiqishmoqda. Shu kunlarda Rossiya Davlat dumasida migratsiya sohasidagi davlat nazoratini kuchaytiruvchi butun boshli qonun loyihalari paketi birinchi o‘qishda qabul qilingan. Xususan, loyihada politsiyachilarga noqonuniy muhojirlarni sud qarorisiz, mustaqil ravishda mamlakatdan chiqarib yuborish huquqini berish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, migrantlarning Rossiyada bo‘lish muddatini yil davomida 90 kungacha qisqartirish istalmoqda.