15 - fevral kuni dramatik tomoshada Rossiya Davlat Dumasi prezident Vladimir Putinni Ukraina sharqidagi ayirmachilar da’vo qilayotgan hududlarni mustaqil davlatlar sifatida tan olishga chaqiruvchi majburiy bo‘lmagan rezolyutsiyani qabul qildi. Rossiya va Ukraina chegarasidagi shundog‘am keskin vaziyatda bu harakat olovni yanada alangalatdi.
Duma deputatlari Ukrainaning Donbas hududidagi Donetsk va Lugansk viloyatlarining ayrim qismlarini nazorat qilayotgan va o‘zlarini DNR va LNR deb ataydigan Rossiya qo‘llab-quvvatlaydigan ayirmachi guruhlarni tan olishga chaqirib, bu o‘sha mintaqada yashovchi yuz minglab Rossiya fuqaroligini olgan aholini himoya qilishini ta’kidladi.
Bu chaqiriqlar 2008 - yilda Rossiya va Gruziya o‘rtasidagi besh kunlik urushdan so‘ng Rossiyaning Gruziyadagi Abxaziya va Janubiy Osetiya bo‘lginchi hududlarini tan olganini yodga soldi.
Biroq ayni kuni Moskvada Germaniya kansleri Olaf Shols bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida Putin bu chaqiriqlarga darhol quloq solmasligiga ishora qildi.
Shols Moskva 2014-2015 - yillardagi Minsk kelishuvlarini amalga oshirish uchun G‘arb davlatlaridan “hozirgi Kiyev hukumatiga tegishli ta’sir o‘tkazish”ni talab qilganini ta’kidladi.
Dmitriy Peskov Moskva Minsk bitimiga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi va “butun Minsk harakat rejasini imkon qadar tezroq amalga oshirishga” chaqirdi.
Ta’sir qilish vositasi
“Xulosa qilib aytganda, Putin Kiyevni Minsk kelishuvlariga tortishdan hali ham umidini uzmagan”, dedi ukrainalik muzokarachi Sergey Garmash. "Shunday ekan, o‘ylashimcha, Putin tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzolab, umidlaridan voz kechmaydi. Chunki bu Minsk kelishuvlari va Minsk jarayoni tugashini anglatadi.
Moskva talqiniga ko‘ra, Minsk kelishuvlari Kiyevdan Kreml tomonidan qo‘llab-quvvatlangan ayirmachilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara olib borishni talab qiladi. Kiyev bundan bosh tortgan va ikki davlat ham kelishuvlarda belgilangan harakatlar ketma-ketligi borasida kelisha olmayapti. AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken “Ukrainadan ko‘ra ko‘proq” Rossiya o‘z majburiyatlarini bajarmayotganini aytgan edi.
Garmashning ta’kidlashicha, Dumaning mazkur rezolyutsiyasi Rossiyaning harbiy joylashtirishlar, NATO va Vashingtonga ultimatumlar, kiberhujumlar kabi “bosim taktikasi”ning yana bir ko‘rinishi.
“Bularning barchasi Kiyevni Minsk kelishuvlarini Rossiya istagan tarzda amalga oshirish uchun majburlashga qaratilgan”, dedi u.
Chiroyli sahnalashtirilgan tomosha
Moskvadagi Karnegi markazi tahlilchisi Konstantin Skorkinning aytishicha, Rossiya ayirmachilar da’vo qilgan hududlarni qisqa muddatda tan olmaydi. Biroq Duma qarori parlament quyi palatasi ustidan kuchli nazoratga ega Kreml tomonidan puxta rejalashtirilgan.
“Endi Rossiya Minsk kelishuvlari muhokamasini yanada kuchaytiradi, chunki kelishuv Moskvaga foyda keltiradigan tarzda yozilgan”, deya qo‘shimcha qildi u. “Kreml xalqaro miqyosda tan olingan bunday diplomatik vositadan voz kechish niyatida emas va asosiy maqsad Kiyevni kelishuvni amalga oshirishga majburlashga qaratilgan”.
Moskvalik siyosiy tahlilchi Dmitriy Oreshkinning fikricha, separatistlar da’vo qilgan hududlarning tan olinishi Minsk kelishuviga amalda “chek qo‘yadi”. Bu esa Kreml uchun yo‘qotish. Unga ko‘ra, tan olish boshqa tomondan, mazkur hududlarni anneksiya qilinishi ehtimolini ham anglatadi. Bu Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga bosimni kuchaytirish va uning elektoratini parchalash orqali Putinning maqsadlariga xizmat qilishi mumkin.
Garmashning “Current Time”ga bildirishicha, Putin Minsk jarayonini o‘zi xohlagancha boshqara olishiga umid qilar ekan, tan olish masalasi mavhumligicha qoladi.
Garmash Duma rezolyutsiyasini “G‘arb va Ukrainaga Minsk kelishuvlarini bajarmaslik qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatish” uchun mo‘ljallangan “siyosiy taktika” deya ta’rifladi.
“Hozircha bu bosim taktikasi sifatida Putinning ish stolida turadi”, deya xulosa qildi u.