Ukrainaning keng ko‘lamli bosqinidan so‘ng, Rossiya ko‘plab xalqaro sport tadbirlaridan quvildi. Endi u o‘z «o‘yinlarini» tashkil qilib, unga "do‘st mamlakatlar"ni jalb qildi. Ushbu musobaqalarda ishtirok etish Markaziy Osiyo mamlakatlariga qanday ta’sir qilishi mumkin?
21-fevral kuni Rossiyaning Qozon shahrida “Kelajak o‘yinlari” boshlandi. Ularda Markaziy Osiyo davlatlari terma jamoalari qatnashmoqda. Ochilish marosimida Putin bilan bir qatorda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston rahbari Qasim-Jomart Toqayev, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovlar ishtirok etdi. Mirziyoyev 2026-yildagi o‘yinlarni O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi.
Rossiya hukumati o‘yinlarda 107 davlatdan sportchilar ishtirok etishini ma’lum qildi. Qozondagi musobaqalar jismoniy dissiplina, e-sport, sun’iy intellekt, axborot texnologiyalari, virtual dunyo va dron poygalarini qamrab oladi. Misol uchun, fijital xokkey musobaqasida sportchilar birinchi navbatda kompyuterda xokkey o‘ynaydi, so‘ng musobaqani maydonda davom ettiradi.
O‘z xalqaro musobaqalarini o‘tkazish g‘oyasi Putinga tegishli. 2023-yil mayida u hukumatga “Tanklar olami” va “Kemalar olami” kabi onlayn o‘yinlarni o‘z ichiga olgan butun Rossiya kibersport turnirini tashkil etishni topshirdi. Keyin Rossiyada onlayn o‘yinlar ishlab chiqaruvchi Lesta Games vakili Gavhar Aldiyarova ushbu o‘yinlarda "do‘st davlatlar" ishtirok etishi mumkinligini aytdi. Eslatib o‘tamiz, Rossiya aloqani rivojlantirish milliy instituti Qozog‘istonni 2023-yil fevralida “do‘st davlatlar” qatoriga kiritgan edi.
2022-yil 24-fevralda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) va Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasi Rossiya va Belarusni musobaqalardan chetlatdi. 2022-yil mart oyida Pekinda boshlangan Paralimpiya o‘yinlarida Rossiya va Belarus delegatsiyalari ishtirok etganiga qaramay, ular musobaqada ishtirok etmadi. Ushbu cheklovdan keyin Rossiya va Belarus rasmiylari o‘z musobaqalarini tashkil qila boshladilar.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
"Siyosiylashgan o‘yinlar"
O‘tgan yili Moskva o‘z «o‘yinlarini» o‘tkazishini e’lon qildi. Masalan, Rossiya 15–29-sentabr kunlari Moskva va Yekaterinburgda “Jahon do‘stlik o‘yinlari”ni tashkil etishga hozirlik ko‘rmoqda, buning uchun sakkiz milliard rubl sarflaydi. Rossiya sport saytlari ushbu o‘yinlar haqida "hozirgi paytdagi eng ko‘zga ko‘ringan loyiha" deb yozmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Parij Olimpiadasidan bir oy o‘tib Rossiyada bo‘lib o‘tadigan Do‘stlik o‘yinlarida 70 davlatdan 7900 nafarga yaqin sportchi 33 sport turi bo‘yicha bellashadi. Musobaqalarda qatnashadigan xorijlik sportchilarning yo‘l va turar joy xarajatlarini Moskva to‘laydi. Rossiya rasmiylari "pul mukofotlari va xarajatlarning qoplanishi xorijlik sportchilarni rag‘batlantiradi" deb umid qilmoqda. Ammo musobaqada ishtirok etuvchi mamlakatlarning to‘la ro‘yxati xali noma’lum.
Do‘stlik o‘yinlari – bu sovetcha o‘tmishga ishora. Sovuq urush davrida Sovet Ittifoqi 1984-yilgi Los-Anjeles Olimpiadasini boykot qildi va sotsialistik mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik o‘yinlarini o‘tkazgan edi.
XOQ prezidenti Tomas Bax “Rossiya hukumati siyosiylashgan musobaqani o‘tkazmoqchi”, deb yozdi. XOQning Milliy olimpiya qo‘mitalari bilan aloqalar bo‘yicha direktor Jeyms MakLaud “dunyo mamlakatlarini Rossiyaning ushbu tashabbusidan ehtiyot bo‘lishga” chaqirdi va agar ishtirok etishsa, chora ko‘rilishi mumkinligiga ishora qildi.
“XOQning «Butunjahon do‘stlik o‘yinlari»dagi har qanday ishtiroki nafaqat XOQ Ijroiya kengashining Rossiyada o‘tkaziladigan xalqaro sport tadbirlariga oid 2022-yil 25- fevraldagi tavsiyasiga, balki Olimpiya harakatining mustaqillikni asrash bo‘yicha jamoaviy maqsadiga ham ziddir», deb ogohlantirdi MakLaud.
Butunjahon antidoping agentligi (BADA) bosh direktori Olivye Niggli “Rossiya antidoping agentligi maqomi tufayli Moskva bunday o‘yinlarni o‘tkazish huquqiga ega emas”, dedi.
"Qozog‘iston obro‘siga ta’sir qiladi"
Qozog‘istonlik sport jurnalisti Akiris Seytkazining Ozodlik qozoq xizmati bilan suhbatda aytishicha, Qozog‘istonning Rossiya uyushtirayotgan «o‘yinlar»da ishtirok etishi mamlakatga zarar yetkazishi mumkin.
– Yaxshisi, Qozog‘iston bunday o‘yinlarda qatnashmasa, zaxira jamoasini ularga yubormasa edi. Chunki hozir Rossiyada o‘tkaziladigan hech qanday musobaqa XOQ va jahon tashkilotlari tomonidan tan olinmaydi. Qozog‘iston Rossiyadagi tan olinmagan musobaqalarda qatnashib, obro‘siga putur yetkazadi, jahon tashkilotlari bilan munosabatlari yomonlashishi mumkin. Chunki Rossiyadagi butun vaziyat ularning kuzatuvida”, deydi u.
Qozog‘iston sport va turizm vazirligi sport qo‘mitasi matbuot kotibi Ayan Tolegen Ozodlik bilan suhbatda “Qozog‘istonning Rossiya tashkil etgan Do‘stlik o‘yinlaridagi ishtiroki haqida hozircha hech narsa ma’lum emas”, dedi.
– Do‘stlik o‘yinlari haqida hali aniq emas, ular taqvimga kiritilmagan. Ular haqida hozircha aniq ma’lumotlar yo‘q. Bu yil bizning ustuvor vazifamiz Parijdagi Olimpiada va Paralimpiya o‘yinlaridir”, deydi u.
Sport sharhlovchisi Akiris Seytkazining fikricha, Qozog‘iston "ehtiyotkorlik bilan harakat qilishi mumkin".
– “Kelajak o‘yinlari” dasturidagi kompyuter musobaqalari Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilmagan. XOQ “Kelajak o‘yinlari” haqida hech narsa demadi, shuning uchun u [Prezident Toqayev] navbatdagi “Kelajak o‘yinlarini” shu yerda o‘tkazishni taklif qildi. Do‘stlik o‘yinlariga kelsak, hamma narsa mumkin. Qozog‘iston Rossiya tufayli XOQ bilan munosabatlarini buzadi, deb o‘ylamayman. Do‘stlik o‘yinlarida qatnashsak, o‘z pozitsiyamizni aniq ko‘rsatamiz”, deydi u.
Qirg‘izistonlik siyosatshunos Emil Jo‘rayevning Ozodlikka aytishicha, “Rossiya Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlarini bunday musobaqalarga taklif qilish orqali ushbu o‘yinlarni legitimlashtirmoqchi”.
Bundan tashqari, Rossiya 12-23- iyun kunlari Qozon shahrida BRIKS mamlakatlari (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, BAA) o‘yinlarini o‘tkazmoqchi. Moskva BRIKS o‘yinlarida istalgan davlat ishtirok etishi mumkinligini ma’lum qildi.
Rossiya hukumati bu yilgi Parij Olimpiadasi oldidan va undan keyin barcha «o‘yinlar»ni o‘tkazishni rejalashtirmoqda. XOQ rossiyalik va belaruslik sportchilarga Parij Olimpiadasida neytral maqomda ishtirok etishga ruxsat berdi. Ammo neytral maqomga ega bo‘lish uchun sportchilar Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qo‘llab-quvvatlamasliklari va mamlakat harbiy klublariga a’zo bo‘lmasliklari kerak.
Kreml rossiyalik sportchilarning xalqaro musobaqalardan chetlatilishi va rossiyalik sportchilarning turnirlarda neytral maqomda ishtirok etishini “sport siyosatdan tashqarida bo‘lishi kerak degan tamoyilga zid” deb baholamoqda.
Bundan tashqari, Rossiya Olimpiya qo‘mitasi "Parij Olimpiadasida neytral maqomda qatnashadigan sportchilarni" moliyalashtirmasligini aytdi.