O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi o‘tgan hafta o‘tkazilgan saylovda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati etib saylangan 150 nafar shaxs ro‘yxatga olinganini ma’lum qildi.
MSK qaydicha, yagona saylov okrugi bo‘yicha parlament quyi palatasiga O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan – 26 nafar, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan – 14 nafar, Xalq demokratik partiyasidan – 13 nafar, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan – 12 va Ekologik partiyadan esa 10 nafar deputat saylangan.
Bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ajratilgan 75 ta o‘rin ham deyarli shu tartibda taqsimlangan: O‘zLiDeP – 38 nafar, “Milliy tiklanish” – 15 nafar, “Adolat” – 9 nafar, XDP – 7 nafar va Ekopartiya – 6 nafar deputat.
Umumiy hisobda partiyalar Qonunchilik palatasida quyidagicha o‘ringa ega chiqdi: O‘zLiDeP – 64 deputat (42,7%), “Milliy tiklanish” – 29 deputat (19,3%), “Adolat” – 21 deputat (14%), XDP – 20 deputat (13,3%) va Ekopartiya – 16 deputat (10,7%).
“Saylov natijalariga ko‘ra, parlament quyi palatasi tarkibi qariyb 60 foizga yangilandi”, deyilgan rasmiy axborotda.
Qayd etilishicha, deputatlarning 30 foizi iqtisodchi, 22 foizi huquqshunos, 18,7 foizi pedagog, 12 foizi muhandis, 9,3 foizi tibbiyot sohasi vakillari, 8 foizi esa madaniyat namoyandasi, tadbirkor va fermerlardir.
Qonunchilik palatasi yangi tarkibining 38 foizini ayollar tashkil etgan.
MSK yoyinlagan ma’lumotlarga qaraganda, 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga saylovda jami 15 million 27 ming 529 nafar saylovchi ovoz berib, davomat 74,72 foizni tashkil etgan.