19 - oktabr kuni O‘zbekiston musulmonlarining yangi rahbari, mamlakat muftiysining nomi e’lon qilindi.
Toshkent shahar bosh imom-xatibi lavozimida ishlab kelgan Nuriddin Xoliqnazarov shu yil 15 - avgustida 71 yoshida vafot etgan Usmonxon Alimovning o‘rnini egalladi.
Ozodlik bilan suhbatda o‘zbekistonlik imom va diniy faollarning aytishicha, 53 yashar Nuriddin Xoliqnazarov “kuchli ilmi va har qanday sharoitda tomonlarni murosaga keltira olishi” bilan tanilgan.
Yangi muftiyni tayinlash qariyb 2 yarim oyga cho‘zildi.
Toshkent shahri bosh imom-xatibi bo‘lib ishlayotgan, andijonlik imom Nuriddin Xoliqnazarovning muftiy lavozimiga tayinlanishi mumkinligi haqida Ozodlik 17 - sentabr kuni yozgan edi.
Ozodlikning Musulmonlar idorasidagi manbalari, N. Xoliqnazarov muftiylikka ko‘rilayotgan ikki nomzoddan biri ekani va uning “prezident Mirziyoyev nazariga tushgani”, haqida aytishgandi.
19 - oktabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida N. Xoliqnazarov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga saylandi.
O‘zbekiston ilk bor bu saylovning videosi jamoatchilikka namoyish qilindi. Ushbu videoda muftiy o‘laroq ilk chiqishini qilgan N. Xoliqnazarov mamlakatga tinchlik, uning rahbari prezident Shavkat Mirziyoyevga esa minnatdorchilik bildirdi.
1968 - yilda Andijon viloyati Asaka shahrida tug‘ilgan N. Xoliqnazarov 2019 - yildan Toshkent shahar bosh imomi bo‘lib ishlayotgan edi, unga qadar uzoq Andijon viloyati bosh imom xatibi bo‘lgan.
Andijonda 15 yildan ortiq Xolifnazarov bilan birga ishlagan shahrixonlik imom, Bo‘ston (avvalgi Bo‘z) tumanida uzoq yillar imom xatib bo‘lgan Abdulahad qori Tojiboyev, Nuriddin qorining muftiy lavozimini egallaganindan xursandligini yashirmadi.
- Nuriddinjon qori andijonlik juda mashhur Shafoat hoji Xoliqnazarovning nabirasi bo‘ladi. Ilmli oiladan chiqqan, o‘zi ham juda ilmli, go‘zal hulqli, hammani birlashtira oladigan qobiliyatga ega. Andijonni bilasiz, har-xil shunaqa imomlar bo‘lgan, ularni ham ittifoqqa keltirgan bu kishi. Mana, hozir hammasi bir-biri bilan chiroylik muomala, munosabatda. Shuning uchun men bu kishining muftiylikda ham shunaqa chiroylik muomala va ilm bilan juda yaxshi ishlashiga ishonaman, - deydi Abdulahad Hojiyev.
Suhbatdosh tilga olgan Shafoat hoji Xoliqnazarov - Shafoat Azim Ro‘zador o‘g‘li Xoliqnazarov, Facebook tarmog‘idagi “O‘zbeklar hayoti” guruhida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 1890 - yilda Andijonda tug‘ilgan, oilasi Chor hukumati ta’qibiga uchragan yillarda Qirg‘izistonning O‘sh shahriga o‘tib o‘rnashgan.
Aytilishicha, sovet hukumati davriga kelib, O‘sh qozisi, keyin esa Qirg‘iziston qozisi bo‘lgan, keyinchalik O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon bilan bir safda ishlagan.
- O‘sha bobolari va otalarining tarbiyasini olgan. Diniy boshqaruvni tushungan imom-da, bu kishi. Vaqtida Andijonlik imomlarni ham yaxshi tushungan, hokimiyatlar har-xil ishlarni buyurganda: “Imomlarni har-xil ishlarga yugurtirish durustmas, biz o‘zimiz hal qilamiz, ularni hadeb ovora qilmanglar”, deb bizga ko‘p engilliklar qilgandi, - deydi Abdulahad qori.
Quyida Abdulahad qori Tojiboyev bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
O‘zbekistonlik taniqli bloger, Islamonline.uz vebsayti asoschisi Adham Otajonov (ijtimoiy tarmoqlardagi taxallusi Abu Muslim) Nuriddin qori Xoliqnazarovni “mo‘’tadil shaxs” deya baholadi:
“Yangi muftiy musulmonlarga ancha tanish, avval Andijon bosh imom-xatibi bo‘lgan, so‘ng Toshkent shahar bosh imom-xatibi etib tayinlangan. Ya’ni, bu ishlarda ishlaydigan odam oddiy figura hisoblanmaydi. Ilmli va mo‘’tadil shaxs. Diniy ma’ruzalari bilan ancha tanilgan. Ehtimol, shuning uchun bu lavozimga saylangan bo‘lsa kerak. Imomlar orasida statusi ham baland, chunki Toshkent shahri bosh imomi edi”.
Otajonov, N. Xoliqnazarov bilan ma’lum muddat birga ishlagani, AQSh delegatsiyasi bilan uchrashuvlarda birga qatnashganini ham ilova qildi. Aytishicha, yangi muftiy “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning yaqinda qabul qilingan yangi tahririni hozirlashda ham faol qatnashgan.
“Bilishimcha, yangi muftiy yangi vijdon haqidagi qonunni tayyorlashda ishtirok etgan va bu kishining tashabbuslari bilan "jamoat joylarida diniy libos" degan tushuncha olib tashlangan. Ya’ni, ko‘chada hijobda yurishga taqiq olib tashlangan. Bu kishining dunyoqarashi ham keng... AQSh davlat departamenti rahbari Pompeo kelganida ham u bilan uchrashuvda ishtirok etgan. Diniy erkinliklar masalasida muhokamalar olib borgan”.
Ammo Otajonov fikricha, muftiylikka tayinlangach, bu kishining o‘zbekistonlik dindorlarni qiynab turgan qator masalalar - diniy ta’lim, o‘quvchi va talabalarning ro‘moli, diniy adabiyotlar kabi muammolarning hal bo‘lishini kutish - qiyin masala:
“Bunisini bilmadim, chunki ko‘p narsa bunga bog‘liq emas. Masalan, ta’lim muassasalarida dress-kod haqida talabni ta’lim dargohi o‘zi belgilaydi. Boshqalar aralasha olmaydi”.
Blogerga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘nggi oylarda Tolibonga xayrixoh va nisbatan radikal pozitsiyadagi dindorlar qatlami kengayishi borasida ham yangi muftiy hukumat izmidan chiqmaydi:
“Menga ko‘ra, yangi muftiy “tolibonlar” masalasida davlatimiz siyosatidan chetga chiqa olmaydi yoki o‘zicha alohida siyosat qila olmaydi... Radikal va fanatik guruhlar bilan esa, "Jaholatga qarshi ma’rifat" bilan kurashish tamoyillari doirasida harakat qilsa kerak”.
Ijtimoiy tarmoqlarda diniy mavzularda faol chiqishlar qilib kelgan va ismini ochiqlamaslik sharti bilan fikr bildirgan blogerlardan yana biriga ko‘ra, Nuriddinjon Xoliqnazarov, Toshkentga imom-xatib bo‘lganidan keyin tez fursatda prezident Shavkat Mirziyoyev nazariga tushgan:
“Yuqorida kayfiyat qanaqa, muhit qanday, kim bilan qanday muomala qilish kerak, nimani aytish mumkin, nimani mumkinmas - shunaqa narsalarni juda yaxshi tushungan imom bu kishi. Keyin o‘zimizdan chiqqan, Andijondagi madrasada, keyin Oliy Mahadda o‘qigan. Bundan tashqari, Farg‘ona davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan, agar adashmayotgan bo‘lsam. Madaniyatli, ilmli, muomalali odam-da. U kishi hukumatning izmidan aslo chiqmaydi, birinchidan. Ikkinchidan, talashib turgan imomlarni birpasda murosaga keltirib qo‘yadigan qobiliyati bor. Shuning uchun, Mirziyoyevning nazariga tushgan bo‘lsa kerak. Endi xavfsizlik xizmatiga aloqasi bor, degan gaplar ham bo‘lyapti. Bu masalada bir narsa deyish qiyin, ko‘rmaganmiz, aniq bilmaymiz. Ammo xavfsizlik idorasiga ma’qul bo‘lmasa, muftiylikka kelmasdilar, deyishimiz mumkin. Aslida, juda muftiylikka mos inson. Men shaxsan hursand bo‘ldim, bu kishi tayinlanganidan”.
O‘zbekiston Musulmonlari idorasi yangi muftiyning muxtasar tarjimai holini e’lon qildi:
- 1968 - yilda Andijonda tug‘ilgan Nuriddin Holiqnazarov 1992 - yilda Buxoro viloyatidagi Mir Arab madrasasi, 1998 - yilda Imom Buxoriy nomli Toshkent islom instituti, 2007 - yilda esa Farg‘ona davlat universitetini tamomlagan.
- Turli yillarda u Asaka shahridagi “Ahmadali Maxdum” masjidi imom-xatibi, Toshkent shahri “Oq tepa” jome masjidi imom-xatibi, poytaxtdagi “Ko‘kaldosh”, Andijon viloyatidagi “Sayyid Muhyiddin maxdum” madrasalari o‘qituvchisi, Andijon viloyati bosh imom-xatibi bo‘lib faoliyat yuritgan.
- 2019 - yildan shu kunga qadar Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifasida ishlayotgan edi.
Hozirda Toshkent imom-xatibi lavozimiga tarmoqlarda ziddiyatli chiqishlari bilan tanilgan Yunusobod tumani va “Mirza Yusuf” jome masjidi imom-xatibi Rahmatulloh Sayfuddinov tayinlandi.
R. Sayfutdinov erkaklarning doyalik qilishiga qarshi baënoti va boshqa chaqiriqlari bilan ko‘plab munozaralarga sabab bo‘lgandi. Munozaralar ortidan imom o‘z ma’ruzasini "noto‘g‘ri talqin" qilgan, deya matbuotni “fitnakorlikda” ayblagan.
“Rahmatulloh qori ham shahar Bosh imomiga loyiq namzod. Tarmoqlarda "ziddiyatli imom" degan gap ko‘proq ateist yoki dinsizlar tarafidan o‘ylab topilgan. Chunki domla musulmonlar manfaatidan kelib chiqib gapirganlar. Bu esa, ateistlarga yoqmagan va asosan, o‘shalar shov-shuv qilib yubordi. Xususan, “akusher erkaklar” mavzusida. Saylanish masalasiga kelsak, bu domla media maydonda juda aktiv, qani edi, hamma imom-domlalar shunday bo‘lsa. Keyin, bu domla o‘zining ustida doim ishlaydi, doim ilm olish va ilmni tarqatishda ko‘pchilikka o‘rnakdir”, deb hisoblaydi A. Otajonov.
Musulmonlar idorasining oldingi raisi, muftiy Usmonxon Alimov shu yilning 15 - avgustida 71 yoshida vafot etgan edi. Shundan buyon muftiy lavozimi bo‘sh qolayotgandi.
Usmonxon Alimov prezident Shavkat Mirziyoyevga yaqin ulamo bo‘lgani aytiladi. Mirziyoyev Samarqandda hokimlik qilgan yillar Alimov Samarqand viloyatining bosh imom-xatibi lavozimida ishlagan.
Nuriddin Xoliqnazarov O‘zbekiston mustaqilligi davrida diniy rahbariyatga keltirilgan oltinchi muftiydir. Unga qadar Usmonxon Alimov, Abdurashidqori Bahromov, Muxtorjon Abdulloh Buxoriy va Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuflar muftiylik qilgan.
Umumiyatla, O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi 5 respublika musulmonlari uchun alohida boshqaruv organi sifatida muftiyatga asos solish tashabbusi mintaqada tanilgan Boboxonlar sulolasiga mansub.
Bu sulola asoschisi shayx Eshon Boboxon tashabbusi bilan 1943 - yili O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlarining diniy nazorati tashkil etilgan va u kishi muftiy etib saylangan.
Keyinchalik bu nazorat organini sulola vakillari - shayx Ziyovuddin Boboxon va Shamsiddin Boboxonlar boshqargan.
Muftiyat ilk tashkil etilganidan buyon mintaqadagi musulmonlarni boshqarishda hukumatga qo‘l kelgan bir jamoat tashkiloti vazifasini o‘tab kelmoqda. Sobiq ittifoq davrida ham, keyinchalik O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng ham bu idora - davlat siyosatini imomlarning ma’ruzalari va ta’siri orqali aholiga yetkazishda muhim idoralardan bo‘lib qolayotgani aytiladi.