15 - iyul kuni Toshkentdagi Prezident Administratsiyasi binosi oldidan ushlab ketilgan mustaqil bloger Ozodbek Qurbonov poytaxtning Yakkasaroy tuman IIBsida saqlanmoqda.
16 - iyul kuni Ozodlik gaplashgan IIB navbatchisi blogerning ushlab turilganini tasdiqladi, ammo uning nimada gumoni qilinayotgani yoki ayblanayotganini bilmasligini aytdi.
Yangi ta’sis etilgan “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi faollari blogerga nisbatan "mayda bezorilik" aybi qo‘yilgani va u 15 sutkalik ma’muriy qamoqqa hukm qilinganini aytishmoqda.
O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari 15 - iyul kuni Prezident Administratsiyasi oldida yuz bergan hodisa va 23 yashar blogerning taqdiri haqida rasmiy ma’lumot berganicha yo‘q.
YouTube dagi "Kuch birdamlikda" kanali bosh muharriri bo‘lgan Ozodbek Qurbonov hukumatga qaratilgan tanqidiy va “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi yetakchisi Xidirnazar Allaqulov faoliyatini qo‘llab-quvvatlovchi chiqishlari bilan tanilgan.
Guvohlarning aytishicha, 15 - iyul kuni u “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasining Konstitutsion sudga jamoaviy arizasi topshirish jarayonini yoritayotgan bo‘lgan.
"Kuch ishlatildi"
15 - iyul kuni tarmoqlarga joylashtirilgan videomurojaatida “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi yetakchisi, professor Xidirnazar Allaqulov Prezident Administratsiyasi binosida joylashgan Konstitutsiyaviy sudga shikoyat qilgani borganida 40-50 nafar shaxslar hujumiga uchraganini da’vo qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shikoyat arizasi topshirish jarayonini yoritish uchun borgan bloger Ozodbek Qurbonov noma’lum shaxslar tomonidan mashinaga bosib olib ketilgan.
Partiya faollari O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi binosi oldida o‘zlariga qarshi uyushtirilganini iddao qilayotgan hujumda, ularning so‘zlariga ko‘ra, "aksari ayollar" va ichki ishlar xodimlari qatnashgan.
"Ozod Qurbonovni urib, qo‘llarini qayirib, mashinaga tiqishib, o‘g‘irlab olib ketishdi", deb aytgan professor Allaqulov 15 - iyul kuni qilgan videochiqishida.
Allaqulovning so‘zlariga ko‘ra, 7 nafar partiya faollari O‘zbekistonda rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan besh partiya faoliyati noqonuniy moliyalanayotgani masalasini ko‘rib chiqishni so‘rab, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishgan.
U 23 yashar blogerga qilingan hujumni uning siyosiy faoliyati bilan bog‘laydi.
15 - iyul kungi hodisada partiyaning yana bir faoli Muhammadamin Ermatov ham ushlab ketilgan. Ozodlik bilan suhbatda u hodisa tafsilotlari haqida gapirib berdi:
- Biz Konstitutsiyaviy sudga 100 kishi imzolagan shikoyatni topshirgani borgandik. Kirishimiz bilan formali-formasiz odamlar bosib ketdi, va o‘sha erda meni va faolimiz Muxtor aka Ubaydullayevni Yunusobod tuman IIBsiga olib ketishdi, Ozodbekni Yakkasaroyga olib borishibdi. Meni Muxtor aka bilan qo‘yib yuborishdi darrov, kechirim so‘rab. Faqat Qurbonovni ushlab qolishibdi. Unga ma’muriy 183 moddani qo‘yib (“Mayda bezorilik”-tahr.), hozirgina sudlab, 15 sutka berishibdi – hozirgina xabarini oldik! Sud hukmini ham o‘qib qo‘yibdi, - deb aytdi Muhammadamin Shermatov.
Ozodlik bloger Qurbonov Toshkent shahar Yakkasaroy tumani IIBsida ushlab turilganini aniqladi. Biroq tuman Ichki ishlar boshqarmasi navbatchisi Ozodbek Qurbonov nima asosda ayblanganini ayta olmasligini ma’lum qildi:
- Blogermi u, jurnalistmi – bilmadim. Lekin fuqaro Ozodbek Qurbonov hozir bizda. U nimada ayblanayotganini sizga ayta olmayman – ROVDga o‘zingiz kelib bilishingiz mumkin.
Ozodlik shu yil boshida Rossiyada faoliyat yuritgan termizlik Ozodbek Qurbonov bilan suhbatlashgan. Unda bloger Rossiyada Allaqulov partiyasi uchun imzo kampaniyasiga qo‘shilganlar "25-30 mingga yetgani"ni xabar qilgandi.
Rossiyada Allaqulov tarafdorlarining imzosini to‘plagan bloger Toshkentga kelganidan so‘ng ham partiya faoliyatini yoritishda davom etgan. Professor Allaqulovning so‘zlariga ko‘ra, u partiyaning internet administratori sifatida faoliyat olib borayotgandi.
Ozodbek Qurbonov 12 - iyul kuni Toshkentning Yunusobod tumani Majburiy ijro byurosi xodimlari ogohlantirishsiz Allaqulovning uyiga kelib, uydagi maishiy jihozlar - televizor, kir yuvish mashinasi va mikroto‘lqinli pechni musodara qilgani to‘g‘risida birinchilardan bo‘lib tarmoqlarda xabar tarqatgandi.
Joriy yilning 21 - iyun kuni Adliya vazirligi “talab etilganidan qariyb 3 marta kam imzolar taqdim etilgani” vajidan Allaqulov partiyasini ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etgandi.
Partiya faollari o‘zlariga nisbatan bosimlar to‘xtamayotganini aytmoqda.
O‘zbekistonda prezident saylovlari shu yilning 24 - oktabrida bo‘lib o‘tadi. Parlamentdagi mavjud besh partiya rahbarlari prezidentlikka nomzod bo‘ladigan saylovlarda ko‘pchilik amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyevning ikkinchi muddatga saylanishiga shubha qilmaydi.
2019 - yil dekabridagi parlament saylovlarini kuzatgan YeXHT missiyasi O‘zbekistondagi nisbatan erkinlashgan matbuot siyosiy muxolifatning o‘rnini bosa olmaganini aytgan edi.