Mustaqil OAV va blogerlar ovi. Mirziyoyev maqtangan so‘z va matbuot erkinligidan nima qoldi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev mahalliy va xorijiy blogerlar bilan. Samarqand, 26avgust, 2019

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, shu yilning 5-avgust kuni mamlakatdagi qator OAV rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga taklif qilingan.

Ozodlik gaplashgan ikki manbaga ko‘ra, AOKAdagi majlisda blogerlarning tovlamachilik va firibgarlik bilan bog‘liq faoliyati haqida huquqni muhofaza qilish organlari to‘plagan materiallar namoyish qilingan.

Jumladan, bloger Olimjon Haydarovga nisbatan Farg‘ona viloyati prokuraturasi qoshidagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash Departamenti va Farg‘ona viloyati IIB o‘tkazgan tezkor amaliyot tasvirlari namoyish etilgan.

Uchrashuvda qatnashgan mahalliy nashrlardan birining rahbariga ko‘ra, 10 dan ortiq kameralar bilan tasvirga olingan tezkor amaliyot chog‘ida blogerning "tovlamachilik yo‘li bilan talab qilingan bir necha ming AQSH dollarini jabrlanuvchilardan olayotgani aks etgan".

Olimjon Haydarovning ukasi Salimjonning avvalroq Ozodlikka aytishicha, akasi u bilan qisqa telefon so‘zlashuvida, unga nisbatan “podstava” bo‘lganligini aytgan:

“Kecha akam telefon qildi, bir minutcha gaplashdik. Meni “podstava” qilishdi, deyishdi. Bir tanishim bilan turganimda kelishib, qo‘limni qayirib o‘sha pulni ushlatishdi, dedi. Shuncha gaplasha oldik, xolos. Keyin advokat orqali menga yetkazdi, “shunaqa nohaqlik bo‘lgani uchun ochlik e’lon qildim, debdi”, - deydi Salimjon Haydarov.

Uning aytishicha, akasi hozir Qo‘qon shahar IIB tergov hibsxonasida saqlanmoqda va u bilan ko‘rishishga ruxsat berilmagan.

Olimjon Haydarovni yaqindan bilgan va uning faoliyatidan xabardor bo‘lgan ijtimoiy tarmoq faollarining yozishicha, Olimjon Haydarovning o‘zi, so‘nggi paytlarda faol blogerlarni tovlamachilik aybi bilan qamoqqa olinayotgani uchun, uning o‘zi doim boshqalarni ogohlantirib kelgan.

AOKA Ozodlikning Olimjon Haydarov ishi yuzasidan so‘roviga hozircha javob qaytargani yo‘q.

Blogerlarning "qora ro‘yxati"

Ozodlik bilan suhbatda vaziyatni kuzatayotgan bloger Xayrulla Qilichev O‘zbekistonda blogerlarning "qora ro‘yxati" shakllantirilgan, deb ishonishini aytdi.

“Hukumat tarmoqlarda faollashayotgan, kuzatuvchilari soni ko‘payib borayotgan blogerlar ro‘yxatini shakllantirdi.

Ularning nazarida bloger qanchalik faollashgani sayin uning ijtimoiy xavflilik darajasi ham oshib, kuzatuvchilari soni ortib boraverdi. Natijada, xuquq-tartibot organlarining eng xavfli blogerlar qora ro‘yxati shakllanib, ularning qismati aniq bo‘lib qoldi”, - deydi bloger.

Uning aytishicha, ayrim doiralar bloger va erkin jurnalistlardan o‘z maqsadlarida, bir-birini sindirish yoki obro‘sizlantirish, lavozim egalarini almashtirish kabi siyosiy intrigalarda foydalanmoqda.

“Shaxsan o‘zim 3 yildan buyon blogerlarni bir uyushma ostida birikishga chaqirib, buning qonuniy asoslari bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqdim, ustav hujjatlarini e’lon qildim. Afsuski, ijtimoiy tarmoq faollarida tarqoqlik mavjud, jamoaviy harakatlanish istagi yo‘q”, - deydi Xayrulla Qilichev.

Qariyb yarim millionlik obunachiga ega “Sirojiddin media” kanali egasi Sirojiddin Adilovga ko‘ra, O‘zbekistonda Yutub monetizatsiyasi to‘xtatilgani blogosfera boshini berk ko‘chaga kiritib qo‘ygan.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Мирзиёев блогерларга “хиёнат” қилди…ми?

“Blogerlar murojaatchilardan pul olib ishlashga majbur bo‘lishmoqda. Shu boisdan ham bir tomonlama, ya’ni murojaatchining tarafiga ishlashga majbur bo‘lishadi. Avvallari Yutubdan yaxshigina mablag‘ olish mumkin edi. Hozir blogerlar choychaqaga ham rozi bo‘lib qolishgan”,- deydi Sirojiddin Adilov.

Xalqaro matbuot tashkilotlari 2016-yilda Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligining ahvoli yaxshilanganini e’tirof etgan, ammo so‘nggi paytlarda vaziyat mavhum qolayotganini ta’kidlamoqda.

Bundan avval so‘z erkinligi bilan bog‘liq qator shov-shuvli holatlarda vaziyatga yo prezident Mirziyoyevning o‘zi yoki uning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva mudoxala qilgan, xususan, Mirziyoyeva-Allamjonov tandemi matbuot erkinligi himoyasiga chiqqan edi.

Oxirgi hibsga olishlar manzarasida Mirziyoyev ham, uning administratsiyasi ham sukut saqlamoqda.

Shu yilning 27-iyun kuni matbuot xodimlariga tabrik yo‘llagan Mirziyoyev O‘zbekiston so‘z erkinligi sohasidagi islohotlarda ortga qaytmasligini ta’kidlagandi.

Ammo davlat nashrida faoliyat yuritayotgan mahalliy jurnalistlardan birining Ozodlikka aytishicha, jurnalist va blogerlarga qarshi oxirgi hibsga olish kampaniyasi manzarasida prezident Mirziyoyevning va’dalari "hech narsani anglatmaydi".

Mirziyoyev o‘zining so‘nggi prezident saylovoldi uchrashuvlarida oxirgi 6 yilda O‘zbekistonda "odamlar qo‘rquvdan xalos bo‘lgani"ni iddao qilgan. Ammo oxirgi oylarda 10 ga yaqin bloger bosim va xavfsizlik sabablari bois blogerlik faoliyatini to‘xtatganini e’lon qildi.

Mustaqil OAVlar yopilmoqda

Shu yilning 6-avgust kuni “Azon media” guruhi rahbari Alisher Tursunov (Tarmoqlarda - Mubashshir Ahmad) guruhga kiruvchi barcha loyihalarining to‘xtatilganini e’lon qildi. “Azon media” 2017-yilda diniy-ma’rifiy yo‘nalishda faoliyat yurituvchi onlayn media tarmog‘i sifatida tashkil qilingandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda 1,2 million obunachisiga ega bo‘lgan “Azon media” ta’sischisi o‘z faoliyatining yakunlanganiga oid sabablarga izoh bermagan. Uning ta’kidlashicha, keyinchalik bu sabablar ochiqlanishi mumkin.

Hozirgi paytda saytdagi barcha diniy kontentlar o‘chirilgan va sayt xodimlari “Fikrat” nomli yangi loyiha ustida ish boshlaganini ma’lum qilishgan.

2021-yilda “Azon media” guruhining 4 nafar rahbarlari bir qancha diniy kontent va materiallarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasi nazoratidan o‘tkazmay chop qilgani uchun sud tomonidan yirik miqdorda jarimaga tortilgan edi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

OzodNazar: Азон.уз ёпилди; Кредитини тўлолмаётган 300 минг мигрант

Din ishlari qo‘mitasining tegishli ruxsatisiz diniy mazmundagi materiallarni chop qilgan Kun.uz sayti ham jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Chilonzor tumani sudi qarori bilan jarimaga tortilgan.

Ozodlikning Toshkentdagi manbalari mamlakatda yana bir necha sayt va ijtimoiy tarmoq kanallari o‘z faoliyatini yakunlashi mumkinligidan xavotir bildirdi.

“Ko‘zgu” va “Kompromatuzb” ishi

“Ko‘zgu” Yutub-kanali asoschisi, jurnalist Abduqodir Mo‘minov 4-avgust kuni tovlamachilik, firibgarlik va boshqa jinoyatlarni sodir etishda ayblanib, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tumani sudi hukmi bilan 7 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Unga jazo o‘tab bo‘linganidan so‘ng 3 yil muddatga jurnalistik (blogerlik) faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlandi.

Ayni kunlarda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Shayxontohur tumani sudida “Kompromatuzb” loyihasi bo‘yicha yopiq mahkama davom etmoqda. Sudning qora kursisida jurnalistlar Mavjuda Mirzayeva, Xurshid Daliyev hamda “O‘zbekneftgaz” AJ sobiq matbuot kotibi Siyovush Hoshimovlar o‘tiribdi.

O‘zbekiston Respublikasi JKning tovlamachilik, tuhmat, noqonuniy daromadlarni legalashtirish hamda OITS kasalligini yuqtirish singari ayblovlar bilan sudlanayotgan jurnalistlar, ayblovlarga qaralsa, uzoq yillik qamoq jazolariga yuz tutmoqda.

Shu yilning 29-iyulida hibsga olinib, O‘zbekiston Respublikasi JKning tovlamachilik moddasi bilan so‘roq qilinayotgan bloger Olimjon Haydarov norozilik sifatida ochlik e’lon qilgan.

Biroq huquq-tartibot idoralari uning ochlik e’lon qilgandan keyingi taqdiri, salomatligi bo‘yicha jamoatchilikka biror ma’lumot bergani yo‘q. Haydarov yaqinlarining uning taqdiridan xavotir bildirib huquq-tartibot idoralariga qilgan murojaatlari javobsiz qolmoqda.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

"Ҳамма хавотирда". Мавжуда Мирзаева ва “Kompromatuzb иши”

Bloger yaqinlarining Ozodlikka bildirishicha, hibsda uning soch-soqoli olib tashlangan.

"Nega jimsizlar?"

Mahalliy jurnalistlardan biri Ozodlik bilan suhbatda hibsdagi hamkasblarini qo‘llayotgan jurnalistlarning birdamligi tarmoqlardagi "postlardan nariga o‘tmayotganiga" e’tibor qaratdi.

Jurnalist Ilyos Safarov o‘tgan vaqt davomida bloger Olimjon Haydarovning ahvoli borasida nega ma’lumot berilmayotgani xususida yozarkan, uning taqdiridan xavotir bildirdi.

“Olimjon Haydarovning ayni paytdagi ahvoli qanday, tirikmi o‘zi? Ombudsman va inson huquqlari tashkilotlari har bir hisobotda e’lon qilayotgani kabi qiynoqlar unga qo‘llanmayaptimi?

Tergov jarayoni-ku yopiq borishi kerakdir, lekin biz uning ahvoli haqida ma’lumot olishni istaymiz, nega jimsizlar?

Shuningdek, Olimjon Haydarov o‘z faoliyatini adashmasam AOKA bergan tasdiq guvohnomasi asosida olib borardi. Qani bu o‘rinda AOKAning jurnalist va blogerlarning himoya qilayotgani? Hech bo‘lmasa, shu kabi munosabat va ma’lumotlarni so‘rab turmaydimi?” deb yozdi jurnalist Ilyos Safarov.

O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov yil boshidan beri ta’qibga uchragan, qamalgan 20 dan ortiq bloger va jurnalistlarning keyslarini o‘rganganini iddao qilarkan, hibsga olish va ayblovlardan maqsad ularni "marginallashtirish" ekanini urg‘ulaydi.

“Blogerlarni ovlash jarayonlarida protsessual kamchiliklar ko‘p. Ularning himoyasi, tergov sifati va sud jarayonlarida ko‘p hollarda shaffoflik etishmaydi. Aksariyat blogerlar mavjud byurokratiyaning qurbonlaridir”, deydi Tashanov.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning Kun.uz nashri o‘tkazgan suhbatda aytishicha, O‘zbekiston jurnalist-blogerlarning hibsga olinishidan katta siyosiy kapitalni yo‘qotmoqda.

Ozodlik so‘nggi hibsga olish va sud jarayonlari yuzasidan o‘zbek rasmiylaridan hozircha biron rasmiy izoh ololgani yo‘q. Shu yil mayida Parijdagi “Chegara bilmas muxbirlar” (RSF) tashkiloti O‘zbekistonda jurnalist va blogerlarga bosimlar kuchayib borayotganini qayd etgan. Hisobotga muvofiq, O‘zbekistonda so‘z erkinligi o‘tgan yilgiga qaraganda to‘rtta pozitsiyaga yomonlashib, 133-o‘rindan 137-o‘ringa tushgan.