Naim Qosim “Hizbulloh”ning yangi rahbari etib saylandi

Shayx Naim Qosim

Qarorgohi Livanda bo‘lgan eronparast “Hizbulloh” radikal guruhi rahbarligiga shayx Naim Qosim saylandi.

Guruhning 29-oktyabr kuni tarqatilgan bayonotida Naim Qosim sentyabr oyi oxirida Bayrut chekkasida Isroil aviatsiyasi hujumi natijasida o‘ldirilgan Hasan Nasrullohning o‘rniga “Hizbulloh”ning yangi bosh kotibi etib saylangani aytilgan.

Bungacha shayx Naim Qosim Livan janubidagi shia mazhabiga mansub aholi yashaydigan hududlarning katta qismini nazorat qiluvchi “Hizbulloh” guruhining 1991-yildan buyon bosh kotibi o‘rinbosari bo‘lib kelgan.

Ham siyosiy partiya, ham qurolli guruh bo‘lgan “Hizbulloh” Livan parlamentida ham tamsil etilgan. AQSH bu guruhni terror tashkiloti deb hisoblaydi, Yevropa Ittifoqi esa tashkilotning faqat qurolli qanotini terror tashkiloti deb biladi, “Hizbulloh” siyosiy partiyasi esa YI nazdida terror tashkiloti emas.

Naim Qosim “Hizbulloh” guruhi 1992-yilda ilk bor Livandagi parlament saylovida ishtirok etganidan buyon guruhning saylov kampaniyalarini tashkil etishda qatnashib kelgan.

Avvalroq oktyabr oyida isroillik harbiylar SAXAL kuchlari tomonidan Bayrut janubiga berilgan zarbada Hasan Nasrullohning muhtamal vorisi deb atalgan Hoshim Safiyuddin o‘ldirilganini tasdiqlashgan edi.