NATO mamlakatlari Ukrainaga 2025-yilda 40 mlrd yevro ajratadi

Vilnyusdagi NATO sammitidan lavha, 2023-yil 12-iyuli

NATOga a’zo mamlakatlar keyingi yilda Ukrainaga 40 milliard yevro miqdorida harbiy yordam ajratishga kelishishgan. Bu haqda Reuters agentligi ikki diplomatdan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.

NATO mamlakatlari bu majburiyatni keyingi haftada Vashingtonda bo‘lib o‘tajak sammitda tasdiqlashlari kutilmoqda.

Avvalroq NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg ittifoqchilarni Kiyevga harbiy yordamni urush boshlanganidan keyingi miqdorda saqlab qolish bo‘yicha o‘z zimmalariga ko‘p yillik majburiyat olishni so‘ragan edi. Bu miqdor yiliga taqriban 40 milliard yevroni tashkil etadi.

Agentlik suhbatdoshlariga ko‘ra, NATO mamlakatlari bu taklifni dastaklashmagan, biroq ittifoqchilar to‘lovini kelajakdagi sammitlarda qayta ko‘rib chiqishga kelishib olishgan.

Shuningdek, ular keyingi yil mobaynida Ukrainaga qaysi mamlakat yordam yetkazib berishi va nimalar yetkazib berilishini aniqlab olish uchun ikkita hisobot tayyorlashga qaror qilishgan. Shu tariqa ittifoqchilar Kiyevga yordam borasida NATO mamlakatlari o‘rtasida xarajatlarni taqsimlash masalasidagi shaffoflikni oshirishmoqchi.