Navalniy: «Rossiya» telekanalining surishtiruvi tarmoqlarda hajv qilindi

Rossiya 1 telekanali lavhasidan skrinshot - 7 - fevral, 2021

Rossiya davlat telekanali muxolifatchi Aleksey Navalniy zaharlanishi ortidan Germaniyada sog‘lig‘ini tiklayotganida yashagan «hashamatli» uy haqida lavha tayyorladi.

Dastur ijodkorlari villada kofe qaynatkich borligi, binoning suzish havzasi yoqimli 26 daraja haroratda ekani va u yerdagi hojatxona cho‘tkasi sifatli ekani tomoshabinlarni lol qoldirishiga umid qilgan edilar.

Ammo ko‘rsatuv efirga uzatilganidan keyin ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari uni turli mem va hazillar bilan ayovsiz mazax qilishdi.

Navalniy va uning korrupsiyaga qarshi jamg‘armasi Rossiyada chuqur ildiz otgan korrupsiya bo‘yicha mahorat bilan o‘tkazgan tergovlari bir necha oydan berdi Rossiya mediasida katta shov-shuvga sabab bo‘lib kelmoqda.

Navalniy jamoasining hukumatga qarshi norozilik kayfiyatini keltirib chiqarish qobiliyati Kreml va hukumat moliyalashtiradigan ommaviy axborot vositalarini xavotirga solib qo‘ygan.

"Путин саройи"га назар

Shu yil 19 - yanvarida Korrupsiyaga qarshi kurash fondi Gelenjik yaqinidagi "Putinning saroyi" deb ta’riflangan binoga oid surishtiruvni e’lon qildi. Surishtiruv Germaniyadan Rossiyaga qaytgan Navalniy qo‘lga olinishidan bir kun o‘tib e’lon qilindi. Bugunga qadar YouTube tarmog‘ida 100 million martadan ko‘proq ko‘rilgan film Navalniy qo‘lga olinishiga qadar hozirlangan.

Navalniy o‘tgan yil yozida «Novichok» moddasi bilan zaharlanishi ortidan Germaniyaga olib ketilgan va o‘sha yerda davolangandi. Muxolifatchi sog‘lig‘ini tiklayotib Germaniyaning Frayberg shahri yaqinidagi villada yashagan.

«Vesti nedeli» dasturi ijodkorlari villani korrupsiyaga qarshi kurashib tanilgan Navalniyning obro‘siga mutanosib bo‘lmagan qimmatbaho imorat o‘laroq tasvirlashga urindilar.

Dastur boshlovchisi Anastasiya Popova tomoshabinlarga «keng yotoqxona, ikkita divan, televizor, stol ustida barra mevalar» borligini, hatto oshxona peshtaxtasida bepul sharob shishasi ham borligini so‘zlab berdi.

Lavha davomida Popova villaning hovuzida suzishga kirishdi. Shuningdek, u villaning asosiy hojatxonasini ham ko‘zdan kechirdi va unitaz simcho‘tkasini ham ta’riflab berdi.

«Yaltiraydi, lekin unchalik emas», - dedi u cho‘tka haqida.

Hojatxona cho‘tkasi bu – Putinning saroyi haqidagi hujjatli filmga ishoradir. Filmda Navalniyning jamoasi me’moriy va dizayn hujjatlari asosida imoratdagi hojatxonalarning biri 700 dollarlik hojatxona simcho‘tkasi bilan jihozlanganini aytgan edi. Film e’lon qilinganidan beri Navalniyni dastaklayotgan ayrim namoyishchilar norozilik aksiyalariga hojatxona cho‘tkasini olib kela boshladi.

Kreml Putin saroyning egasi ekanini qat’iy rad etdi. Hujjatli film chiqqanidan bir necha kun o‘tgach, Putinning yaqin do‘sti, milliarder Arkadiy Rotenberg Gelenjik yaqinidagi saroyning egasi ekanini da’vo qildi.

«Vesti nedeli» dasturi boshlovchisi ikki qavatli nemis villasi kuniga 530 yevroga ijaraga berilishini iddao qildi. Bu narxni mustaqil ravishda tasdiqlab bo‘lmadi. Ammo Ozodlik va Amerika ovozi radiolarining qo‘shma loyihasi bo‘lgan «Nastoyashchee vremya» telekanali villa uchun berilgan e’lonlarda ko‘rsatilgan narx ko‘rsatuvda aytilganidan kamida ikki barobarga oz ekanini aniqladi.

Villaning egasi «Dojd» mustaqil kanaliga bergan intervyusida rus muxbirlari villani ijaraga olayotib o‘zlarini belgiyalik sayyohlari o‘laroq ko‘rsatishganini aytdi. Kanalning xabar berishicha, yetakchi muxbir uydirma fransuzcha familiyadan foydalangan.

Villa egasi, shuningdek, «Rossiya» muxbirlari uning roziligisiz yashirin kameralar bilan villani videoga olgani uchun Germaniya huquq-tartibot idoralariga murojaat qilganini aytdi.

Navalniy mintaqaviy shtablari tarmog‘ining rahbari Leonid Volkov «Dojd» telekanaliga bergan intervyusida «Vesti nedeli» dasturi ijodkorlari villani ijaraga olish narxini oshirib yuborganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, villada yashash xarajatlarini Londonda yashovchi rossiyalik tadbirkor Yevgeniy Chichvarkin qoplagan.

Navalniy Germaniyada sog‘ligini tiklar ekan, xarajatlari haqida o‘z Instagram sahifasida ma’lumot berib bordi.

Sobiq energetika vaziri o‘rinbosari Vladimir Milov «Vesti» lavhasi Germaniyadagi odatiy uy haqida ekanini aytib, uni mazax qildi.

Kreml tanqidchisiga aylangan Milov lavhada ko‘rsatilgan villani Rossiyadagi uylarga qiyosladi. Xususan, Milov ko‘rsatuv ijodkorlariga Rossiyada ko‘p sonli uylar ichida hojatxona, issiq suv va dush yo‘qligini eslatdi.