Novosibirskda migrantlarga bog‘chalarda ishlash taqiqlandi

Rossiyadagi mehnat muhojirlari (arxiv surati)

Rossiyaning Novosibirsk viloyati rasmiylari migrantlarga maktabgacha ta’lim muassasalari ishlashni taqiqlashgan. Bunga oid qaror gubernator Andrey Travnikov tomonidan noyabr oyi boshida imzolandi, deya ma’lum qildi Rossiya Ichki ishlar vazirligining viloyat boshqarmasi.

Cheklovlar 2025-yilning 1-martidan kuchga kiradi. Bu cheklovlar 2024-yil aprelidan buyon amalda bo‘lgan cheklovlarga qo‘shimcha bo‘ladi. Ularga muvofiq, xorijlik fuqarolarni taksi hamda tamaki va alkogolli ichimliklar sotadigan do‘konlarga ishga yollash taqiqlangan edi.

Endilikda 2025-yil 1-martiga borib korxona va do‘konlardagi xorijlik ishchilar soni migrantlarga qarshi qaror bilan belgilangan talablarga muvofiqlashtirilishi lozim bo‘ladi.

Moskva viloyatida joylashgan “Krokus Siti Xoll” savdo markazidagi terror xurujidan keyin Rossiyada migrantlarga nisbatan ksenofobik kayfiyatlar kuchaygan. Mazkur teraktda 145 kishi halok bo‘lgani va 550 dan ziyod odam jarohatlangani aytilgan.

Teraktdan so‘ng Rossiyaning turli mintaqalarida huquq-tartibotchilar xorijliklar yashaydigan va ishlaydigan joylarda reydlar o‘tkaza boshlagan. 2024-yil boshidan buyon Rossiya IIV 65 mingdan ziyod xorijlikni mamlakatdan chiqarib yuborgan, shuningdek, 120 ming kishining RFga kirishini taqiqlab qo‘ygan. Rossiyada migrantlar oqimi so‘nggi 10 yil ichida eng past darajaga tushgan, bu esa, iqtisodchilar fikricha, mamlakatda kadr inqirozini keskin kuchaytirib yuborishi mumkin.

2023-yilning oktyabr oyida Rossiya Davlat dumasiga xorijliklarga butun mamlakat bo‘ylab maktablarda, farmatsevtika sohasida, davlat tibbiyot muassasalarida, taksi va yuk tashishda ishlashni taqiqlash ko‘zda tutilgan qonun loyihasi kiritilgan. Qator mintaqalar rasmiylari migrantlarning taksi va boshqa sohalarida ishlashiga taqiq joriy etishgan.