Bu haqda Ozodlikka mahkumning onasi Sabohat Abdullaeva gapirib berdi.
15-avgust kuni Toshkentdagi Toshkent shahridagi 1-sonli tergov hibsxonasi (Toshturma)da o‘g‘lini borib ko‘rgan Sabohat Abdullayeva o‘g‘lidan birinchi navbatda sog‘ligi haqida so‘ragani, u “ko‘rib turganingizdek, o‘lmadim”, deb javob berganini aytadi.
Sabohat Abdullayevaning so‘zlariga ko‘ra, Abduqodir Mo‘minov shu yilning 8-fevral oqshomida rasmiylar aytgani kabi, protsessual tartibda ushlanmagan, balki Toshkentdagi metan gaz quyish shoxobchasida niqob kiygan odamlar tomonidan “qo‘l-oyog‘i bog‘lanib majburan mashinaga o‘tqazilgan va o‘g‘irlab ketilgan”.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Onasining Abduqodir Mo‘minov so‘zlaridan iqtibos keltirishicha, u tergovning ilk kunidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi – IIBB binosining 3-qavatida joylashgan 311-xonada bir guruh tezkor xodimlar tomonidan qiynoqqa solinganini iddao qilgan.
“O‘g‘limni polga emaklatib, chap qovurg‘asiga tinimsiz tepishgan. Hatto jinsiy a’zolarigacha tuflilarining poshnasi bilan tepishgan. Qiynoqlar natijasida ko‘p marta hushini yo‘qotgan, hushiga keltirib, yana ayovsiz qiynashgan”, deya Abduqodir Mo‘minovning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Sabohat Abdullayeva.
Onasining Ozodlikka aytishicha, Abduqodir Mo‘minov o‘zini qiynoqqa solgan uch nafar tezkor xodimlarning ismlarini keltirgan. U Toshkent shahar IIBBda o‘zini tergov qilgan O.K, shuningdek, IIVda ishlashi aytilgan “Aziz” va “Ibrohim” ismli tezkor xodimlarning jismoniy va ruhiy tazyiqlari ostida advokat olishdan bosh tortishga majbur bo‘lganini aytgan.
Onasining so‘zlariga ko‘ra, Abduqodir Mo‘minov qiynoqlar ostida o‘zi yozmagan ko‘rsatmalarga imzo qo‘yishga majburlanganini iddao qilgan.
“Qiynoqning qanaqa turi bo‘lsa, hammasini qo‘llashdi. O‘lmay qolganim mo‘’jiza”, deya o‘g‘lining so‘zlaridan iqtibos keltiradi Sabohat Abdullayeva.
Uning aytishicha, Abduqodir Mo‘minov tergov jarayonida har kuni 1-qavatdan 3-qavatga emaklab chiqishga majburlangani, chap biqiniga qattiq tepishgani, bir necha oy davomida joyidan turishga qiynalganini aytgan. U buyragida hanuz og‘riq borligi, ammo shifokorlarga ko‘rinishga izn berishmayotganidan shikoyat qilgan.
“Menga eng qattiq ta’sir qilgani – o‘g‘lim “ona, siz nega sud hukmi o‘qilishiga kelmadingiz?” degani bo‘ldi, - deya so‘zlarini davom ettiradi Sabohat Abdullayeva. Vaholanki, men sud zalida edim. Ko‘rinmas joyda edim, bir jurnalist qizdan “iltimos, joyimizni almashaylik, men o‘g‘limni ko‘rib turishim kerak”, deb iltimos qilib, oldinroqqa o‘tirdim. O‘g‘limga imo-ishora bilan dalda berishga urindim. “Qo‘rqma, o‘zingni baquvvat tutgin, men senga yordam beraman, hammasi yaxshi bo‘ladi”, degan so‘zlarni imo-ishora bilan tushuntirishga urindim. Menga boshini chayqab, yaxshi bo‘ladi, deganday ko‘zini qisib qo‘ygandi. Kecha undan “sen nima, meni ko‘rmadingmi?”, desam o‘ylanib qoldi va “ona, mening qonimni tekshirish kerak”, dedi. Ovqatiga bironta dori qo‘shib bergan, degan taxmini bor, menda ham bor shunday xavotir”, deydi Sabohat Abdullayeva.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
O‘zbekiston rasmiylari Abduqodir Mo‘minovning qiynoqqa solingani haqidagi iddaolarga hozircha munosabat bildirgani yo‘q. Shu yilning 22-fevral kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Mo‘minov tergov jarayonida qiynoqqa solingani haqidagi xabarlarni rad etib chiqqan edi.
Bosh prokuratura vakili Abduqodir Mo‘minov qiynoqlar natijasida vafot etgani haqidagi xabarlarni «mazkur xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. A.Mo‘minov tirik va sog‘lom», deya rad etgan.
Sabohat Abdullayeva bilan to‘liq video suhbatni 16-avgust kuni kechroq Ozodlik YouTube-kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
- Shu yilning 4-avgust kuni Toshkentning Mirobod tuman sudi YouTube’da 247 ming obunachisi bo‘lgan “Ko‘zgu” kanali muallifi Abduqodir Mo‘minovni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 141-1-moddasi (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi “a” bandi, 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi, 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismi va 28,211-moddasi (pora berishda ishtirokchilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topib 7 yilu 3 oyga ozodlikdan mahrum etgan.
- Qamoq jazosidan tashqari, sud o‘z hukmi bilan Abduqodir Mo‘minovni 3 yil muddatga jurnalistik (blogerlik) faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan.
- Hukmga muvofiq, sudlanuvchidan jabrlanuvchilar foydasiga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish ham ko‘zda tutilgan. Mo‘minov ishi bo‘yicha bir necha tadbirkor doxil 14 kishi jabrlanuvchi deb topilgan, umumiy zarar 903,4 million so‘m deb baholangan.
- 2022-yil dekabrida Abduqodir Mo‘minov noma’lum shaxslar unga hujum qilib, mashinasining oynalarini sindirgani va o‘zini do‘pposlaganini aytgan. Toshkent shahar IIBB hodisa yuzasidan O‘zbekiston JKning 164-moddasi (“Talonchilik”) bo‘yicha jinoyat ishi ochgani haqida xabar bergan, ammo uning natijasi haqida jamoatchilikka hech qanday xabar berilmagan.
- Shu yilning fevralida Mo‘minov 2021-yil oktabrida yuz bergani aytilgan firibgarlik va tovlamachilikda gumon qilinib hibsga olingan.
Abduqodir Mo‘minov o‘ziga qo‘yilgan ayblarni tan olgan-olmagani hanuzgacha noma’lum. Sudga qadar bloger 5 nafar advokatning xizmatidan voz kechgan. Abduqodir Mo‘minov prezident Shavkat Mirziyoyevga qaratilgan tanqidiy chiqishlari bilan tanilgandi. Inson huquqlari faollari va tarmoq foydalanuvchilari Mo‘minovning qamalishini prezident Mirziyoyev kuyovlarining biznesi bilan bog‘lashadi.
O‘zbekiston Oliy sudi Abduqodir Mo‘minov ustidan mahkamani ochiq deb e’lon qilgan, ammo ko‘plab mahalliy va xalqaro jurnalistlar sud zaliga qo‘yilmaganidan shikoyat qilishgan.
Abduqodir Mo‘minov ustidan hukm O‘zbekistonda qator bloger va jurnalistlarga qarshi tergov, mahkama va qo‘rqitishlar manzarasida e’lon qilindi.
So‘nggi oylarda o‘nlab jurnalist, bloger va tarmoq faollari tanqidiy maqola va postlari, shuningdek, Ozodlikning mamlakat energetika tizimidagi inqiroz, hokimiyat yuqori doiralaridagi korruptsiya va nepotizm, shaxsan prezident Mirziyoyev oilasi mansublarining biznes manfaatlariga doir surishtiruvlarini bo‘lishgani yoki ularga munosabat bildirgani uchun Davlat xavfsizlik xizmati (DXX)ga chaqirtirilgani, ogohlantirilgani va tahdid qilingani Ozodlikka ma’lum.