O‘rta maxsus ta’lim isloh qilinmoqda - ikki o‘rtada o‘qituvchilar maoshsiz qoldi

Andijon qurilish va transport kasb-hunar kolleji Islom Karimov davrida tashkil etilgan 1214 ta kollejdan biri

Toshkent viloyatidagi kollejlardan biri bazasida tashkil etilgan kasb-hunar maktabi o‘qituvchilari o‘quv yili boshlanganidan buyon onlayn darslar o‘tmoqda, biroq ular rasman o‘qituvchi emas, binobarin, ularga ish haqi ham to‘lanmayapti.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan maktab direktorining aytishicha, mamlakat bo‘ylab barcha o‘quv yurtlarida shu ahvol: kollejlar o‘rnida tashkil etilgan kasb-hunar maktablari, shuningdek, kollejlar va texnikumlar uchun shtat jadvallari tasdiqlanmagani sababli o‘qituvchilarni ishga rasman qabul qilish ham imkonsiz.

Vaziyat aynan shunday ekanligini Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi mulozimi Ozodlikka tasdiqladi. U shtatlar jadvali o‘tgan haftada tasdiqlanganini bildirar ekan, kech tasdiqlanganini vazirliklararo "muvofiqlashtirish jarayoni cho‘zilib ketgani" bilan izohladi.

Evrilish

“Gap tegib qolishi”dan cho‘chib, ismi va o‘quv yurtining to‘liq nomi aytilishini istamagan direktor boshqarayotgan kasb-hunar maktabi Toshkent viloyatida. Bu o‘quv yurti o‘tgan o‘quv yili yakunigacha kasb-hunar kollleji sifatida ishladi va bu yil sentabrdan kasb-hunar maktabiga aylantirildi.

Maishiy xizmat ko‘rsatish sohasi uchun 6 yo‘nalishda kosiblar (sartarosh, tikuvchi kabi) tayyorlaydigan bu maktabga, direktorning aytishicha, 2018-2019 - o‘quv yilida 300 nafar o‘quvchisi bo‘lgan kollejga kasb-hunar maktabiga aylantirilgach, 2019-20 -o‘quv yili uchun 200 o‘quvchi qabul qilingan.

Amalda bor, rasman yo‘q o‘qituvchilar

“O‘quvchilarimizga 15 o‘qituvchi va 5 ta’lim ustasi o‘quv yili boshidan buyon onlayn darslar o‘tmoqda. Lekin bu 20 ustoz rasman bizning xodimimiz emas. Ular hatto ishga kirish uchun ariza ham yozmagan. Binobarin ularga ish haqi ham to‘lanmayapti”, - dedi direktor.

O‘quv yurti rahbarining aytishicha, shu kunda uning o‘ziga, bir buxgalterga hamda to‘rt qorovulga ish haqi to‘lanyapti, xolos.

Direktorning so‘zlariga ko‘ra, bu ahvol tugatilgan kollejlar o‘rnida tashkil qilingan kasb-hunar maktablari hamda kollej va texnikumlar uchun shtatlar jadvallari hali tuzilmagani uchun yuzaga kelgan.

“Shtatlar jadvali tuziladi deb sentabr boshidan buyon bir necha muddat aytildi. Lekin hanuz masala yechilgani yo‘q”, - dedi Ozodlikka direktor 16 - noyabrda.

Oliy ta’lim vazirligi moliyachisi direktorning aytganlarini tasdiqladi

Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi matbuot kotibi Farhod Babashev Ozodlikning 16 - noyabr kungi savolini javobsiz qoldirdi. Savolni to‘liq eshitib bo‘lgach, kotib hech narsa demay, telefonni qo‘yib qo‘ydi.

Ozodlik savoliga vazirlikning Moliya bo‘limi mulozimi javob berdi. U “Akademik litsey va kasb-hunar kollejlari boshqaruv, texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va o‘quv-yordamchi xodimlarining namunaviy shtatlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qaror 11 - noyabrda chiqqanini, hujjat matni Lex.uz portalida e’lon qilinganini bildirarkan, kechikish sababini hujjatni vazirliklararo muvofiqlashtirish jarayoni cho‘zilib ketgani bilan izohladi.

Uch vazirlikning 2020 - yil, 11 - noyabrda kuchga kirgan qarori (Lex.uz saytidan olindi)

Hujjatdan ma’lum bo‘lishicha, uchta vazirlik o‘rtasidagi bu qo‘shma qarorni Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri 7 - oktabrda, Moliya vaziri 8 - oktabrda, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri 12 - oktabrda imzolagani ma’lum bo‘ldi. Biroq qaror uch vazir imzolab bo‘lganidan 1 oy o‘tib, 2020 - yil, 11 - noyabrda rasman e’lon qilindi.

Nega bu hujjat e’lon qilinmay, yana bir oy ushlab turildi? Balki maqsad pul tejashdir? Chunki qarorda “Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi”, deb yozib qo‘yilgan.

Qaror bilan tanishib bo‘lgach paydo bo‘lgan savollarni berish uchun Ozodlik Oliy ta’lim vazirligi Moliya bo‘limi bilan yana bir marta bog‘lanishga urindi, ammo izoh ololmadi.

Muhim savolga mavhum javob

Qaror 11 - noyabrda e’lon qilingan va shu kuni kuchga kirgan ekan, kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlarning o‘quv yili boshidan buyon de-fakto ishlayotgan o‘qituvchilari sentabr, oktabr va noyabrning 11 kuni uchun ish haqi olmaydimi?

Bu savolga Oliy ta’lim vazirligi mulozimi dastlabki muloqot chog‘ida mavhumroq qilib “sentabr-oktabrnikiyam qo‘shib to‘lanadi, deyilyapti”, - dedi. Biroq hujjatda bu haqda hech narsa deyilmagan.

Prezidentning "kollej islohoti"

Uch vazirlikning kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlar shtat jadvallarini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori O‘zbekiston prezidentining 2019 - yil 6 - sentabrdagi “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq qabul qilingan. Farmonga binoan bu yo‘nalishdagi barcha ishlar, shu jumladan, shtatlar jadvalini tasdiqlash ishi ham 2020 - yil o‘rtasigacha yakuniga yetishi kerak edi.

Prezidentning 2019 - yil 6 - sentabrdagi farmoni bilan 2020-2021 - o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistonda Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi darajalari bilan uyg‘unlashgan yangi boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim muassasalari: kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlar tarmog‘i tashkil etiladigan bo‘lgan.

Shu maqsadda prezident Islom Karimov davrida tashkil etilgan 1214 kasb-hunar kollejidan:

  • 340 tasi kasb-hunar maktablariga aylantirilgan;
  • 147 ta kasb-hunar kolleji yo‘nalishini ham kollej maqomini saqlab qolgan holda tegishli vazirlik va idoralarga o‘tkazib berilgan;
  • 143 ta kollej oliy ta’lim muassasalari huzuridagi texnikumlarga aylantirilgan;
  • 30 ta kollej kasb-hunarga o‘qitish markazlarini tashkil etish uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga o‘tkazib berilgan;
  • 69 ta kollej Oliy ta’lim muassasalariga ularning quvvatlarini oshirish, istiqbolda xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallarini tashkil etish uchun berilgan;
  • 97 ta kollej Oliy ta’lim muassasalariga ularning ko‘p tarmoqli o‘quv markazlari va amaliyot poligonlarini tashkil etish uchun o‘tkazib berilgan;
  • 388 ta kollej binosi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari sifatida foydalanilishga o‘tkazib berilgan.

O‘zbekistonda 1997 - yil avgustida qabul qilingan Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga muvofiq, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari "milliy kadrlar"ga tenglashtirilgan edi.

2016 - yil dekabrida prezident Mirziyoyev ushbu dastur muvaffaqiyatsizlikka uchraganini tan olgan edi.

2017 - yildan boshlab Mirziyoyev taklifi bilan 11 yillik ta’lim qayta tiklandi. Mutaxassislarga ko‘ra, bu amalda Karimov davri o‘rta ta’lim islohotlarining ortga qaytarilganini anglatadi.

Qayta tiklangan tizim qanchalik muvaffaqiyatli bo‘lgani borasida xulosa chiqarishga imkon beradigan ko‘rsatkichlar hozircha yo‘q.