O‘shda bozor savdogarlari mitingidan to‘rt kishi tutib ketildi

O‘shdagi markaziy bozorga olib o‘tuvchi ko‘priklardan biri (Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi fotosi)

Qirg‘izistonning O‘sh shahrida markaziy bozor savdogarlari tomonidan 22-iyul kuni uyushtirilgan norozilik aksiyasi chog‘ida militsiya xodimlari to‘rt kishini ushlab ketgan.

Ozodlikning qirg‘iz xizmati tomonidan yoyinlangan videoda aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev bilan uchrashuv talab qilishayotgani, bir muddatdan keyin esa mitingchilarning ayrimlari militsiya mikroavtobusiga tiqib, olib ketilayotganini ko‘rish mumkin.

Mazkur mitingga Oqbura daryosi ustiga qurilgan ko‘priklarning buzilayotgani sabab bo‘lgan, savdogarlarga ko‘ra, bu buzilishlar sabab ular o‘z ish joylariga o‘ta olishmayapti. Ular bozorni ko‘chirish muddatini uzaytirishni ham talab qilishmoqda.

Savdogarlarning boshqa qismi esa bozorni eski joyida qoldirishni talab qilib chiqishgan. Ularga ko‘ra, yangi bozor savdo-sotiq uchun noqulay joyda, markazdan olisda joylashgan bo‘lib, u yerga mijozlar bormasligi mumkin.

Avvalroq O‘sh shahar prokuraturasi Oqbura daryosi ustida o‘zboshimchalik bilan yo‘lovchilar o‘tadigan 10 ta ko‘prik qurib olingani, bu ish yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan edi.

Keyinroq MXDQ rahbari Qamchibek Tashiyev Oqbura daryosi bo‘ylab noqonuniy ravishda qurilgan binolar, ko‘priklar va dam olish joylari buzilishini bildirgan. Mulozim noqonuniy qurilishlarga ruxsat bergan mansabdor shaxslar ham javobgarlikka tortilishidan ogohlantirgan.

O‘sh shahar hokimiyati markaziy bozor odatiy tartibda ishlayotgani, yangi bozor bitgunicha savdogarlarga markaziy bozorda ishlashga ruxsat berilganini ma’lum qilgan. Meriya qaydicha, yangi bozor ikki oy ichida qurib bitkazilishi kerak.

Joriy yilning 14-iyul kuni O‘shda kuzatilgan shiddatli jala tufayli Oqbura daryosi qirg‘og‘idan toshib chiqqan, buning oqibatida shahar markaziy bozori va daryo qirg‘og‘idagi obyektlar suv ostida qolgan edi. Sel toshqini natijasida besh kishi qurbon bo‘lgan, ulardan to‘rt nafari bitta oila a’zolari bo‘lishgan.