O‘shda sel oqizib ketgan qizchaning jasadi O‘zbekistondan topildi

Videodan olingan skrinshot

O‘shda sel oqizib ketgan qizlardan birining jasadi O‘zbekistonning Shahrixonsoy kanalidan topilgan. Bu haqda Ozodlikning qirg‘iz xizmati Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligidan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.

FVV qaydicha, 7 yashar qizaloqning jasadi ikki davlat o‘rtasidagi “Do‘stlik” chegara maskani orqali olib o‘tiladi.

Vazirlik 15-iyul kuni qirg‘iz-o‘zbek chegarasiga yaqin bo‘lgan Kattaterak uchastkasida Oqbura daryosidan yana bir ayol jasadi topilganini ma’lum qilgan.

FVV avvalroq sel ortidan to‘rt kishining jasadi qidirilayotganini bildirgan edi. Qirg‘iziston janubidagi O‘sh shahrida 14-iyul kuni tinimsiz yoqqan jala tufayli sel toshqini ro‘y bergan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda O‘shdagi markaziy bozor suv ostida qolganini ko‘rish mumkin - sel nafaqat bozorda sotilayotgan tovarlarni, balki bir necha mashinani ham oqizib ketgan.

FVV ma’lumotiga ko‘ra, sel ortidan O‘sh-Gulcha-Ergashtom yo‘li vaqtincha yopib qo‘yilgan.

Shuningdek, vazirlik shaharga tutash To‘lo‘yko‘n va O‘zgur qishloqlarida evakuatsiya ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgan.

O‘shda boshlangan sel Andijon viloyatining Xo‘jaobod va Jalaquduq tumanlari orasidagi bir ko‘prikning ham qulashiga sabab bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda Qirg‘izistondan oqib keluvchi Oqbura daryosi ustiga qurilgan ko‘prik oqimga dosh berolmay, qulaganini ko‘rish mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, qulagan ko‘prik Jalaquduq tumanining Yorqishloq qishlog‘ida joylashgan.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi sel toshqini oqibatida hech kim jabrlanmaganini bildirib, fuqarolardan sarosimaga tushmaslikni so‘ragan.

Bahor mavsumidan beri Qirg‘izistonning turli joylarida sel-toshqin hodisalari kuzatilmoqda. Qirg‘iz rasmiylariga ko‘ra, joriy yilning 20-aprelidan 1-iyuligacha sel toshqinlari tufayli 170 million so‘mdan ko‘proq (taqriban 2 million AQSH dollari) zarar ko‘rilgan. Bu vaqt oralig‘ida tabiiy ofat tufayli 17 kishi nobud bo‘lgan.