Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligi 16-iyul oqshomida o‘zbekistonlik qutqaruvchilar o‘z mamlakatlari hududida ikki kun avval O‘shda sel toshqini oqizib ketgan qirg‘izistonlik ayolning jasadini topishgani haqida ma’lumot tarqatdi.
Vazirlik qaydicha, 1985-yilda tug‘ilgan ayolning jasadi Andijon shahridagi soydan topilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, marhumani suv toshqini O‘sh markaziy bozoridan oqizib ketgan.
Avvalroq qutqaruvchilar sel qurboniga aylangan bir ayol va uning uch qizi jasadini topgan edilar. Qirg‘iziston FVV 19, 10 va 6 yashar opa-singillarning jasadi Andijondagi Shahrixonsoydan topilganini ma’lum qilgandi. Onaning jasadi esa Oqbura daryosining o‘zbek-qirg‘iz chegarasiga yaqin joyidan topilgan.
O‘sh shahar meriyasi ona bilan uning uch qizini “Mol-Bulak” dam olish maskanida bo‘lgan paytda sel oqizib ketganini ma’lum qilgan edi.
Tabiiy ofat tufayli 14-iyul kuni qutqaruvchilar O‘sh shahri chetida joylashgan O‘zgur qishlog‘idagi “Bo‘riboy ota” dam olish maskanidan 500 dan ziyod kishini xavfsiz joyga evakuatsiya qilishgan.
Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 20-aprelidan 1-iyuligacha mamlakat bo‘ylab 230 dan ziyod sel-toshqin hodisasi qayd etilgan. Qirg‘izistonda bahor mavsumi boshidan buyon sel oqibatida jami 10 kishi qurbon bo‘lgan.