“O‘z ixtiyori bilan voyenkomatga borishni hech kim xohlamaydi” – Donetsk va Luganskdagi urush kayfiyati (VIDEO)

Donetskdagi bozordan qaytayotgan xaridor. 19 - fevral 2022 - yil

Lugansk va Donetsk turg‘unlari harbiy komendatura chaqiriq yoshidagi erkaklarni ko‘chalardan olib ketayotganini ma’lum qilmoqda: aytishlaricha, dastlab ular bilan suhbat qilib, pasportlari so‘rab olinadi, shundan so‘ng avtobuslarga o‘tqiziladi va armiyaga jo‘natish uchun yig‘in joylariga jo‘natiladi.

Shuningdek, chaqiriq yoshidagi erkaklarni uyma-uy yurib ham “ovlashmoqda”, deb xabar berdi Donbass.Realii. Nashr bo‘lginchi hududlarda istiqomat qiluvchi bir necha kishi bilan, ismlarini sir saqlashga kafolat bergan holda so‘zlashishga mavaffaq bo‘ldi.

“DXR” va “LXR”da yalpi safarbarlik 19 - fevral kuni e’lon qilingandi. “DXR” rahbari Denis Pushilin bo‘lginchilar nazoratidagi hududlarda yashovchi va “qurol ushlashga qodir” barcha erkaklarga murojaat bilan chiqib, ularni “o‘z oilalarini, Donbassni va barcha rus kishilarini” himoya qilishga chaqirdi.

Shanba kuni “DXR” deputatlari favqulodda yig‘ilishga to‘planib, safarbarlik to‘g‘risida qaror qabul qilishdi.

“LXR” rahbari Pasechnik ham ayni mazmunda videomurojaat e’lon qildi. Turg‘unlar ma’lum qilishicha, 18 dan 55 yogacha bo‘lgan erkaklarga “LXR”ni tark etish taqiqlangan, harbiy komendatura xodimlari esa eshikma-eshik yurib, mahalliy erkaklarga “umumiy safarbarlik” haqida xabarnoma tarqatmoqda.

Harbiylarga fuqarolar va korxonalarning mudofaa ehtiyojlari uchun zarur mol-mulklari va transport vositalarini musodara qilish vakolati berilgan. Tub aholi bu talablardan noroziligi va g‘azabini ijtimoiy tarmoqlardagi mahalliy pabliklarda to‘kib-solmoqda.

Shuningdek, odamlarga “o‘z uyi va vatani himoyasiga otlanish” chaqirilgan SMS-xabarlar yog‘ilmoqda.

Ayni mazmundagi plakatlar Donetsk ko‘chalariga osib tashlangan.

“Uyma-uy yurib, erkaklarni kuch bilan olib ketishyapti. Telmanovoda (Donetsk viloyatining bo‘lginchilar nazoratidagi qismida joylashgan qariyb 4 ming kishi istiqomat qiluvchi shaharcha) hamma yigitlarni olib ketishibdi, hozir bozorda ayollardan eshitdim. Bir tanishimiz voyaga yetmagan bolaning yolg‘iz boquvchisi bo‘lmish bir erkak bugun ertalab uyidan olib ketilganini aytishdi. 15 yashar bola kvartirada bir o‘zi qolibdi. Hozirgina bizning eshigimizni ham qoqib kelishdi, qo‘shnimni so‘rashdi, Xudoga shukrki, u bu yerda emas”, deb yozadi Donetsk turg‘unlaridan biri.

“DXR” hududida yashovchi bir ayol “Xalq militsiyasi” xodimlari uyidan topilgan erkaklarga yo‘l tadorigini ko‘rish uchun juda oz vaqt berishayotganini aytadi.

“Darrov “Uazik”ka bosib, jo‘nab ketishyapti. Kerakli narsalarini olishga ulgurdimi, yo‘qmi – ularni qiziqtirmaydi. Ammo-lekin jang qilish tugul, hech kim o‘z ixtiyori bilan voyenkomatga borishni ham xohlamaydi”, deydi donetsklik ayol.

“Bir do‘stim do‘konga chiqqan ekan. Shartta ushlab: “Mashinaga o‘tir, ketdik”, deyishibdi. “Qayoqqa?” debdi o‘rtog‘im hang-mang bo‘lib. “Frontga-da, qayerga bo‘lardi!” U chaqiriq yoshiga yetmaganini, endi 16 yoshga to‘lganini aytsa ham qo‘yishmapti. Otasi izidan hujjatini olib borib, o‘g‘lini qaytarib keldi”, deb yozadi Donetsk turg‘unlaridan bir o‘spirin mahalliy pablikda.

Donbass.Realii muxbirlariga ko‘ra, Donetskda barcha maktab va universitetlar “nomuayyan muddatga” yopilgan. Mahalliy aholi buni propagandachi OAVlar uchun go‘yo u yerda ishlaydigan, o‘qiydigan hamma erkaklar “xizmatga” ketgandek tasavvur uyg‘otishga urinish, deb tushunmoqda. Yoshi chaqiriq yoshidan o‘tgan erkaklar esa yalpi safarbarlik to‘g‘risidagi xabarnomalarni uyma-uy tarqatishga majburlanyapti.

Bo‘lginchilar nazoratidagi Gorlovka shaharchasida maktab o‘qituvchilarini ham harbiy komissariatlarga chaqirishdi – harbiylar tilida “mirza” bo‘lib ishlab berish uchun. Donbass.Realii manbasiga ko‘ra, maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosariga “o‘qituvchilarni yubormasang, arizangni yoz”, deb shart qo‘yilgan. Jurnalistlar yalpi safarbarlikning butun byurokratik yuki o‘qituvchilar yelkasiga tashlanganini taxmin qilishyapti.

Internetda bo‘lginchilar nazoratidagi Lugansk va boshqa shaharlar ko‘chalarida erkaklar to‘xtatilayotgani aks etgan videolar ham yoyinlandi.

So‘nggi yillarda “DXR” va “LXR” rahbarlari mahalliy sharoit uchun katta oylik va ta’minot va’da qilish bilan erkaklarni harbiy xizmatga tortishga harchand urinishmasin, xohlovchilar ko‘p bo‘lmadi: tan olinmagan respublikalar armiyalarida askarlar qo‘mondonlarning beparvoligi tufayli nobud bo‘layotgani harbiy xizmatga qiziqishni ancha susaytirib qo‘ygan.

Donbass.Realii muxbirlari xabar berishicha, “DXR” va “LXR” bankomatlarida naqd pul taqchillashgan. Bu mahalliy ma’murlar ko‘tarayotgan vahima ta’siriga tushgan aholi kartalaridagi pullarini naqdlashtirish uchun bankomatlarga yopirilgani sababli yuzaga keldi. Odamlar zo‘r berib eng zarur mahsulotlarni sotib olayotgani ortidan do‘konlar peshtaxtalari ham bo‘shab qolmoqda.

Manbalar Donetsk ko‘chalarida yana Rossiya harbiylari paydo bo‘lganini aytishmoqda: ularni yerli aholi tilidan farqlanuvchi lahjasidan tanib olishyapti. Donetsklik guvohga ko‘ra, ular taniq belgilarsiz harbiy kiyimlarda yurishibdi, aksari novcha, baquvvat bo‘lgani bois ularni “spetsnaz” askarlari deb gumon qilishmoqda.

Rossiya o‘z bo‘linmalarini “DXR” va “LXR” hududlariga yo‘llagani haqida rasman ma’lum qilgan emas, biroq Ukraina chegaralari yaqinida qariyb 150 ming askardan iborat katta qo‘shin to‘plagan.

Yana, guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, harbiy ust-boshli odamlar yengil avtomashinalarda Donetsk ko‘chalarini kezib, atrofdagi vaziyatni kuzatayotganini ma’lum qilishmoqda. Mahalliy aholi vakillari bu mashinalar raqamlari “DXR” harbiy tuzilmalariga oidligini aytishyapti. Ma’muriy va harbiylashtirilgan muassasalar binolari joylashgan ko‘chalar esa BTRlar bilan to‘sib qo‘yilgan.