O‘zbekiston paralimpiya jamoasi sportchilari va murabbiylari uch oydan buyon ularga berilishi lozim bo‘lgan stipendiya pullari berilmayotganidan shikoyat qilmoqda.
Sportchilarga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi xalqaro musobaqalar g‘oliblariga ajratgan maxsus pullar avgustdan beri berilmayotir.
Ozodlikka bog‘langan sportchilarga ko‘ra, stipendiya berilmagani sabab moddiy tomondan qiynalgan sportchilar kirakashlik qilib ro‘zg‘or tebratishga majbur bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi mulozimlariga ko‘ra, smeta-hujjatlari tayyor bo‘lishi bilan sportchilarga pullarini berish rejalangan.
Ozodlikka bog‘lanib, stipendiya muammosi haqida gapirgan paralimpiyachi sportchilar musobaqalardan chetlatilish xavfi sabab ism-shariflarini oshkor qilmaslikni so‘rashdi.
“Bizda tartib shunday: Kim Osiyo o‘yinlarida yutsa, keyingi Osiyo o‘yinlarigacha, kim jahon chempionatida yutsa, keyingi jahon chempionatigacha, kim olimpiada musobaqalarida yutsa, keyingi olimpiadagacha maxsus stipendiya olishi kerak. Bu pul miqdori har kimga har xil. 4 million so‘mdan boshlanadi. Oltin medal olganlar 30 million so‘mgacha stipendiya olishadi. Biz buni “Olimpiya stipendiyasi” deymiz. Shu stipendiya pullarini oxirgi marta iyul oyining oxirida berishdi. Avgustdan beri berilmayapti”, -dedi anonim qolish sharti bilan gapirgan sportchi yigitlardan biri.
Boshqa bir paralimpiyachiga ko‘ra, u stipendiya pullari berilmagani bois kirakashlik qilib tirikchilik qilmoqda:
“Ro‘zg‘or shu “Olimpiya stipendiyasi” orqasidan edi. Pullarimizni bermay qo‘ygach, majburlikdan taksistlik qilyapman. Ham trenirovkalarga boraman, ham taksistlik qilaman. Bitta men emas, boshqa paralimpiyachilar ham taksistlik qilyapti. Bittasi trenirovkadan keyin nonvoylik qilyapti. Viloyatlardagi sportchilarga yanayam qiyin. Ular Toshkentga yetib kela olmayapti. Uyida o‘tirib qolgan sportchilar ham bor. Shuning uchun ham bizning sportchilar yo sportni tashlab ketadi, yoki chet el klublariga ketib qoladi. Chunki O‘zbekistonda sportchining qadri yo‘q”.
Ozodlik bilan suhbatda o‘nga yaqin paralimpiyachi sportchi stipendiya pullari berilmagani bois qiynalib qolganini aytishdi.
“Federatsiya rahbarlari “pul yo‘q” degan gapni aytyapti. Pulimizni keyingi yilning fevrali yoki mart oyida berarmish. Yarim yil kutishimiz kerak ekan. Medal ololmaganlar bor, olimpiada arafasi koronavirus bo‘lib, olimpiadaga bora olmaganlar bor, borib, o‘sha yoqda koronavirus bo‘lib, musobaqalarda qatnasha olmaganlar bor. Bularning hammasini chetlab qo‘yyapti. Faqat medal olgan sportchi odamu, medal olmaganlar odammasmi?",- dedi sportchilardan biri.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlari hamda xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishgan sportchilarga maxsus stipendiya tayinlagan.
Ozodlikka taqdim qilingan hujjatlarga ko‘ra, Milliy Olimpiya qo‘mitasi stipendiya uchun mablag‘ni xayriya pullari hisobidan ajratadi. Qo‘mita sportchilar va murabbiylarga Respublika komissiyasi belgilagan miqdorlarda stipendiyalar ko‘rinishida oylik to‘lovlar tayinlaydi.
O‘zbekiston Soliq kodeksiga muvofiq, sportchilar va murabbiylarga to‘lanadigan stipendiyalarga yagona ijtimoiy to‘lov va sug‘urta badallari hisoblanmaydi.
Ozodlik bilan suhbatda murabbiylar ham stipendiya pullarini ololmayotganini aytishdi.
“Murabbiylarga sportchiga tayinlangan stipendiya pulining yarmi beriladi. Agar bitta murabbiyning bir nechta sportchisi g‘olib bo‘lsa, eng ko‘p stipendiya oladigan sportchining puliga qarab, murabbiyga stipendiya tayinlanadi. Biz ham xuddi sportchilarimiz singari “Olimpiya stipendiyasi”ni uch oydan beri ololmayapmiz”,- dedi paralimpiyachilarning murabbiylaridan biri.
Boshqa bir murabbiy esa sportchilar mashg‘ulotlardan so‘ng pul ishlash uchun turli yumushlarga qo‘l urayotganini tasdiqladi:
“Pulning berilmayotgani sportchilarimizning kayfiyatiga yomon ta’sir qilyapti. Chunki moddiy muammosi bor sportchi, musobaqalarga to‘laqonli tayyorlanishni eplay olmaydi. Tezroq mashg‘ulotlarni tugatishni va boshqa joydan pul ishlashni o‘ylaydi. Haqiqatan ham mashg‘ulotlardan keyin ayrim sportchilar qo‘shimcha ishlab, pul topyapti. Bu ularning jismoniy tayyorgarligiga ham ta’sir qilyapti. Ayrimlari dam olmasdan ertasiga mashg‘ulotlarga kelyapti”.
Milliy Paralimpiya terma jamoasi sportchisi Ma’rufjon Murodulloyev nomidan mustaqil Eltuz nashrida ham “olimpiya stipendiyalari” bilan bog‘liq xabar chop qilindi.
“Men Murodulloyev Ma’rufjon Milliy Paralimpiya terma jamoasida ko‘p yillardan beri sportchiman. Ko‘plab xalqaro musobaqalarda yurtimiz sharafini himoya qilib kelyapman. Uch karra Paraosiyo o‘yinlari chempioni va rekordchisiman. Osiyo g‘oliblariga Olimpiya maoshi beriladi. Hukumat qarori bilan belgilab qo‘yilgan maoshni avgust oyidan buyon berishmayapti. So‘rasam, bo‘ldi, sizga bunaqa oylik berilmaydi, yanvar oyidan ko‘rib chiqamiz, deyishyapti”,- deyilgan xabarda.
Paralimpiyachi sportchilarga ko‘ra, Murodulloyev ushbu xabardan so‘ng bosim ostida qolgan va undan xabarni inkor qilish talab qilingan.
“Shuning uchun ham biz ismimizni aytmayapmiz. Ma’rufni juda yomon qilishdi. “Men yozmadim, mening nonimdan kimdir yozgan. Bizda bunaqa muammo yo‘q” deb chiqasan deb talab qilishdi”,- deydi sportchilar.
Ozodlik muxbiri O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi mulozimlari bilan bog‘landi.
Mulozimlardan biri “olimpiya stipendiyalari” bilan bog‘liq muammoni yashirishga urindi:
“Hech qanday muammo yo‘q. Bu kabi maqolani yozib, sportchilarimiz ruhiyatini tushirish yaxshi emas. Siz yozma ravishda murojaat qiling. Qo‘mita o‘rganib chiqib, javob beradi”.
Anonim qolish sharti bilan gapirgan qo‘mitaning boshqa bir xodimi esa “olimpiya stipendiyalari” bilan bog‘liq muammoni tan oldi:
“Olimpiya o‘yinlariga tayyorlanayotgan terma jamoa vakillarini rag‘batlantirish uchun to‘lanadigan stipendiya bu. To‘lashdagi uzilish oldin ham bo‘lgan. Lekin o‘shanda sportchilar to‘planib qolgan pullarini bittada ko‘pgina qilib olishgan. Hozir smeta ishlab chiqilyapti. Hujjatlar tayyor bo‘lishi bilan pul beriladi”.
Ikki yil avval boks bo‘yicha Rio-2016 Olimpiya o‘yinlari sovrindori Rustam To‘laganov ham “olimpiya stipendiyasi”ni 3 yil davomida olmaganidan shikoyat qilgandi.
Joriy yil yozida Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik yengil atletikachilar prezident qarorida belgilangan rag‘bat puli berilmaganiga norozilik bildirishgan edi.
Tokioda 24 - avgustdan 5 - sentabrgacha o‘tgan navbatdagi Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston 162 davlat orasida 16-o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston jamoasi musobaqalarda 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza, jami 19 ta medalga sazovor bo‘ldi.
“Bu ko‘rsatkich Osiyo jamoalari (Xitoy, Yaponiya va Erondan so‘ng) va MDH mamlakatlari (Rossiya, Ukraina va Ozarbayjondan keyin) orasida to‘rtinchi, Markaziy Osiyo va Turkiy xalqlar orasida birinchi bo‘ldi”,-deyiladi Milliy Olimpiya Qo‘mitasi bayonotida.
Rio-2016 Paralimpiya o‘yinlarida ham O‘zbekiston 8 ta oltin medal bilan umumjamoa hisobida 16-o‘rinni egallagan edi.
Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston jamoasining 48 nafar sportchisi 8 sport turi bo‘yicha ishtirok etdi.
Paralimpiya o‘yinlarida oltin medalь olgan sportchilarga 200 ming dollar, 3 xonali uy va Tahoe avtomobili; kumush medal sovrindorlariga 100 ming dollar, 2 xonali uy va Traverse avtomobili; bronza medal egalariga 50 ming dollar, 2 xonali uy va Trailblazer avtomobili topshirildi.
O‘zbekiston olimpiadachilariga ajratgan pul mukofoti miqdorining ko‘pligi bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinda turadi. Bunga qo‘shimcha sportchilar mashina va uy bilan ham taqdirlangan. Boshqa davlatlar o‘z chempionlariga faqat pul mukofoti berish bilan cheklandi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Chempionlarni taqdirlash bo‘yicha rӯyxatning eng tepasida bo‘lgan Singapur oltin medal olgan olimpiadachisiga 738ming AQSh dollari ajratdi.
Lekin Singapurda o‘rtacha maosh 4 yarim ming dollarni tashkil qiladi, O‘zbekistonda esa atigi 263 dollar.
O‘rtacha ish haqi 628 dollar bo‘lgan Rossiya ham o‘z chempionlariga O‘zbekistondan ancha kam mukofot berdi: 54 ming dollar.
Dunyodagi eng boy davlatlardan biri AQSh Olimpiadada oltin medal olgan sportchini 37,5 ming dollar bilan mukofotladi.
Buyuk Britaniya, Norvegiya, Yangi Zelandiya singari davlatlarda esa Olimpiada sovrindorlariga umuman mukofotlar berilmaydi.
Mukofotlar miqdori, ya’ni pulga qo‘shimcha mashina va uy singari sovg‘alar hisobga olinsa, dunyodagi deyarli hech qaysi davlat Olimpiada g‘oliblarini O‘zbekistonchalik taqdirlagani yo‘q.