O‘zbek-qozoq chegarasi tinch, O‘zbekiston vaziyatni "diqqat bilan kuzatmoqda"

Toshkent shahri, Toshkent tumani, G‘ishtko‘prik bojxona posti

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Qozog‘istonda kechayotgan voqealarning to‘rtinchi kunida bayonot berdi.

Qirg‘iziston hukumati to‘rtinchi kundirki ommaviy norozilik namoyishlari ichida qolgan Qozog‘iston bilan chegarada nazoratni kuchaytirganini ma’lum qildi.

O‘zbekistonning Toshkent yaqinidagi G‘ishtko‘prik chegara o‘tish punkti, kuzatuvchilarga ko‘ra, oddiy ish kuni tartibida ishlamoqda.

Bayonot

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining bayonotida bunday deyilgan:

"Qardosh Qozog‘istonda kechayotgan so‘nggi voqealar O‘zbekistonda xavotir bilan qabul qilinib, ushbu mamlakatdagi vaziyat rivoji diqqat bilan kuzatib borilmoqda.

Ishonchimiz komil, donishmand Qozog‘iston xalqi mamlakatda beqarorlik avj olishining oldini olishga, zo‘ravonlik va insonlar orasida qurbonlar yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslikning uddasidan chiqadi.

Qozog‘iston xalqi o‘zaro hamjihatlikni saqlash, mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni tiklash hamda yuzaga kelgan muammolarni o‘zi mustaqil hal qilish uchun yetarli qat’iyat va irodaga egaligiga ishonamiz.

O‘zbekiston Qozog‘iston xalqi va rahbariyatining mamlakat barqarorligi hamda ravnaqi, millat farovonligini ta’minlash yo‘lida olib borayotgan sa’y-harakatlarini cheksiz qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlaydi".

Chegara tinch

Ozodlikning mobil muxbiri 5 - yanvar kuni G‘ishtko‘prik postiga borib, u yerdagi manzarani kuzatdi.

Sa’dulla ismli tadbirkorning aytishicha, oxirgi kunlarda Qozog‘istonga kirib-chiqishda hech qanday o‘zgarish bo‘lmagan:

“Bayramdan so‘ng chegarada odam siyraklashgan edi, ammo bugundan yana jonlandi. Ayniqsa, Qozog‘istonga o‘tayotganlar ko‘p, bordi-keldi bo‘lib turibdi. Hech qanday kuchaytirilgan tadbirga ko‘zim tushmadi. PSR testingiz va pasportingiz bo‘lsa, bemalol o‘tib ketaverasiz”.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Qozog‘istonga o‘tadigan G‘ishtko‘prik chegara nazorat o‘tkazuv posti. 5 yanvarь, 2022 yil.

Qozog‘iston bilan chegaradosh Jizzax viloyat, Do‘stlik tumanida yashaydigan, xavfsizligi uchun ismi sir qolishini so‘ragan elektr tarmoqlari idorasi ishchisining aytishicha, ayni paytda tuman markazida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan:

“Bugun ertalab bozorga chiqsam militsiya xodimlari haddan tashqari ko‘paygan, yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlari ham juda ko‘p joyda turishibdi. Uch-to‘rt kundan beri Qozog‘istondagi vaziyatni Internet orqali kuzatib kelyapman. Qozoqlarning o‘z haq-huquqlarini qahraton qishda ham ko‘chaga chiqib talab qilayotganiga qoyil qolyapman. Bizning tumanda ilgari ko‘p qozoq yashagan, ularning aksariyati ko‘chib ketgan edi. Bir-ikki kundan buyon ularning ba’zilari vaqtincha O‘zbekistondagi qarindoshlari, tanish-bilishlarining uylariga kelishgan. Vaziyat yaxshi bo‘lgandan keyin qaytishsa kerak”.

Uning fikricha, suyultirilgan gazning qimmatlagani qozog‘istonliklarning yillardan buyon to‘planib qolgan muammolarini hal qilishni talab qilish uchun bir turtki bo‘lgan, xolos:

“Qozoq qo‘shnilarimiz yaxshi yashash uchun harakat qilishyapti, men ularning bu harakatini to‘g‘ri deb bilaman. Bizda ham hamma narsa qimmat, haddan tashqari qimmat. Masalan, men hozir 2 million atrofida maosh olaman. Oilamga bir oyga ikki qop un ketadi, 500 ming so‘m. Bir kilo go‘sht 70-75 ming so‘m. Piyoz 3 ming, kartoshka 5 ming, besh litrlik yog‘ 85 ming. Oilaga ketadigan boshqa xarajatlar bilan hisoblasangiz bitta oziq-ovqatning o‘ziga yetmaydi. Sodda qilib aytganda uyga mehmon keladigan bo‘lib qolsa, bir kilo go‘sht olishga qiynalamiz. Qozog‘istondagi elektrik hamkasblarimdan so‘rab ko‘raman. Ularning maoshi bizning pulga 6-7 million so‘m ekan, bizdan 3-4 baravar ko‘p. Shunga chiday olishmaptiku ular, biz esa ovozimizni chiqargani qo‘rqamiz. Chunki bizning xalqni Andijon voqealari bilan qo‘rqitib bo‘lishgan. Indamasdan otib tashlaydi”.

Suhbatdoshning so‘zlaridan chegara mintaqasida yashaydigan aholi qozog‘istonliklarning turmush darajasidan yaxshi xabardorligi anglashiladi:

“Mana qarang, o‘tgan yili kuzda to‘rtta molimni 35 million so‘mga sotdim-da, Kobalt moshinasiga birinchi to‘lov qildim.O‘zi 116 million so‘m turadi ekan. Yilning oxirigacha olasiz, dedi. Borsam moshin yo‘q, endi mart oyida olasiz, deydi. Qayerda bor, bunaqa ahmoqgarchilik? O‘zimizdagi 10 ming dollarlik moshinalar Qozog‘istonda yoki Rossiyada 5 ming tursa? Menga o‘xshagan minglab odamlar bir yil oldin to‘lab qo‘ygan bo‘lsa ham moshinani ololmayapti. Shunchalik ham bo‘ladimie, o‘zingni haqqingni talab chiqib chiqsang qamab qo‘ysa, bir erkin gapingni ayta olmasang? Qozog‘istonda yashash tarzi bizdan o‘n marta yaxshi edi, lekin bizning boshqa ilojimiz yo‘q. Bosh ko‘tarsang, qamab tashlaydi!”

“Qozoqlar haqqini talab qila oladi”

Qozog‘iston bilan chegaradosh Sirdaryo viloyat, Oq oltin tumanida istiqomat qiladigan tadbirkor Usmonjon qo‘shni davlatdan un olib kelib sotadi. U qo‘shni mamlakat aholisining hayot tarzi sirdaryoliklardan ancha balandligini aytadi:

“Bizdagi sharoit, odamlarning iqtisodiy ahvoli Qozog‘istondagidan beshbattar. Prosto bizning xalqimiz “dux”iga o‘tirib qolgan. Dardini aytolmaydi, haqqini talab qilolmaydi. Qozog‘istonda mening to‘rtta kursdoshim bor, bordi-keldi qilamiz. O‘tirib suhbatlashganda, ish haqlarini, inson huquqlari qanchalik hurmat qilinishini solishtiramiz. Yer bilan osmoncha farq. Menga bu gapni aytish juda og‘ir. Esingizda bo‘lsa, 2000 - yillarning boshida Qozog‘istonga guruh-guruh bo‘lib mardikorlikka borishardi. Oddiy paxta terimida, misol, bizda kilosiga 100 so‘m bersa, Qozog‘istonda 400 so‘m berardi. O‘sha paytda “qozoqqa qul kerak, o‘zbekka pul kerak” degan kamsituvchi shiorlar ham paydo bo‘lgan edi. O‘shandan buyon oradan 20 yil vaqt o‘tdi. Qozoqlar yanada ilgarilab ketdi, biz esa faqat orqaga qarab ketmoqdamiz. Chunki, qozoqlar haqqini talab qila olyapti, o‘zlarining noroziligini bir necha bor ommaviy namoyishlarda bildirishdi. Biznikilarning dardini oshkor qilishi qo‘shnidan nariga o‘tmaydi”.

Qozog‘iston O‘zbekistonning eng yirik savdo sheriklarlaridan biri hisoblanadi.

Review.uz saytining xabariga ko‘ra, o‘tgan yilning o‘n oyi davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi qariyb 3,2 milliard dollarni tashkil qilgan.

O‘zbekiston bu davr mobaynida 950 million dollarga tovar sotgan bo‘lsa, 2,2 milliard dollarga tovar import qilgan.

2021 - yilning aprel oyida O‘zbekiston va Qozog‘iston bosh vazirlari ikki mamlakat chegarasi hududida "Markaziy Osiyo" xalqaro savdo iqtisodiy hamkorlik markazi qurilishiga start berishgan edi. Markaz orqali sutkasiga ikki tomonga 35 ming kishi va 5000 dona yuk mashinalari o‘tishi mumkin bo‘ladi.