O‘zbek shirkati urushga aloqador shaxslarning san’at buyumlarini yashirincha Rossiyaga yetkazmoqda – surishtiruv

2023-2024-yillarda O‘zbekistonning Bek Broker logistika shirkati 200 dan ortiq san’at asari, jumladan Salvador Dali va Anri Matiss kartinalari hamda Rembrandt Bugatti va Fernando Botero yasagan haykallarni Rossiyaga olib kirishga ko‘maklashgan. Ushbu san’at namunalarining umumiy qiymati, Ozodlik rus xizmatining jurnalistik surishtiruvlar bo‘limi - “Sistema” bahosiga ko‘ra, 36 million dollardan oshadi. Bek Broker mijozlari orasida rossiyalik qurol zavodlari egasi Mkrtich Okroyan hamda okkupatsiya qilingan Mariupolni qayta qurayotgan Aleksey Repikning oilalari borligi aytilmoqda. Quyida – G‘arb sanksiyalariga yo‘liqqan shaxslar Rossiyaga qimmatbaho san’at asarlari va osori atiqalarni olib kirish cheklovlarini qanday aylanib o‘tgani haqida hikoya qilamiz.

Mariupol quruvchisining fillari

2023-yilning ilk kunlari Niderlandiyaning Flissingen bandargohida Kortmann Art Packers and Shippers B.V. shirkati yukchilari Triple Seven yaxtasidan bir qancha suratlar, haykallar va gravyuralarni tushirib olishdi va o‘rab, qutilarga joylab, Amsterdam aeroportiga jo‘natishdi. 67 metrli Triple Seven yaxtasi Kayman orollari bayrog‘i ostida suzar, lekin Britaniya Virgin orollaridagi Nawton Ltd ofshor shirkatiga tegishli edi. San’at asarlarini tashib berish haqini aynan shu shirkat to‘lagan.

Nawton Ltd bir necha yil oldin Panama Papers nomi bilan shuhrat qozongan surishtiruv ortidan tilga tushib qolgan edi. O‘shanda avvalroq Vladimir Putinning qizi Katerina Tixonova foydalangan bort raqami M-FINE bo‘lgan uchoq xuddi shu shirkatniki ekani aniqlangan. Mazkur ofshor shirkat sohibi ham panada qolib ketmadi – u rossiyalik tadbirkor, “R-Farm” dori-darmon imperiyasi hamda okkupatsiya qilingan Mariupolda ishlayotgan eng yirik qurilish shirkatlaridan biri bo‘lmish “R-Stroy” egasi Aleksey Repik bo‘lib chiqdi.

Aleksey Repik.

“Rossiyaga aloqador badavlat kishilar davralarida Repik biron-bir diqqatga sazovor jihati bilan tanilmagan. U kolleksioner emas, ko‘proq fillarni yaxshi ko‘radi. Interyer bezaklari bobida na did va na farosat bor unda”, deydi san’atshunos Konstantin Akinsha.

Mkrtich Okroyan.

“Sistema” jurnalistlari Rossiyaga keltirilgan san’at asarlaridan birini Repikning xotini Polinaning instagramida ko‘rib qolishdi. 2021-yilning martida Triple Seven yaxtasida olingan fotosuratda fransuz rassomi Nika de Sen-Fall ishlagan fil shaklidagi vaza tasvirlangan edi. Buyumning bozor narxi 35 ming dollarga teng.

Yaxtadan jami qiymati 4,6 mln dollar bo‘lgan 44 ta tasviriy san’at ashyosi olib ketilgan. Ular orasida Dali, Konchalovskiy, Renuar, Matiss kabi mashhur musavvirlar chizgan suratlar, Rembrandt Bugatti va Fernando Botero ishlagan haykallar, yapon gravyuralari va fil shaklidagi ko‘plab buyumlar – vazalar, siyohdon va shamdonlar bor.

Zinaida Serebryakova - "Ayol portreti" (1934) Bahosi - $27000

Kartinalar, haykallar va “fillar” qutilarga joylanib, Amsterdam aeroportiga keltiriladi va u yerdan Toshkentga jo‘natiladi, uch kundan so‘ng esa Moskvaga, yangi sohibi Aleksey Repikka yetib keladi. Kolleksiyani O‘zbekiston poytaxtidan Rossiyaga mahalliy Bek Broker logistika shirkati tashigan. Buyumlarni yaxtadan olib, uchoqqacha yetkazib bergan niderland tashuvchisining vakili “Sistema” bilan suhbatda yukning so‘nggi manzili Moskva bo‘lganidan bexabar qolishganini, Aleksey Repik ismi esa umuman tilga olinmaganini aytgan.

Petr Konchalovskiy – "Jarlik yonidagi yaxtalar" (1924) Bahosi-$100000

Bu voqeadan bir oy o‘tib rossiyalik tadbirkor Buyuk Britaniyaning sanksiya solingan shaxslar ro‘yxatiga tushdi, keyinroq Avstraliya va Kanada ham uni o‘z “qora ro‘yxat”lariga tirkadi. Triple Seven yaxtasi esa 2024-yilning yanvarida Turkiya hududiy suvlariga ko‘chib o‘tdi va o‘shandan beri Polina Repik Turkiya sohillari bo‘ylab suzib yurgan yaxtada olgan suratlarini instagramda ko‘z-ko‘z qilib turibdi.

Grigoriy Glyukman - "O‘rmon fantaziyasi". Bahosi-$29000

Rossiyalik qurolsozning suratlar kolleksiyasi

O‘z san’at asarlari kolleksiyasini “qutqarish” uchun Bek Broker xizmatidan foydalanganlardan yana biri rossiyalik qurolsoz sanoatchi Mkrtich Okroyan bo‘lib, “Sistema” buni bojxona ma’lumotlari orqali aniqladi. Okroyanga tegishli shirkat Rossiya armiyasi tomonidan qo‘llanayotgan qanotli raketalar uchun dvigatellar hamda vertolyotlar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqaradi. 2023-yil fevralda Aleksey Navalniy safdoshlari Britaniyaning Surrey grafligidagi Virjiniya Voter ko‘li bo‘yida Okroyan oilasining 10 mln funt sterling turadigan uch qavatli koshonasi borligini aniqlagan edilar.

Sergey Sudeykin – "Fusunkor peyzaj". Bahosi-$25000

Navalniychilar surishtiruvidan so‘ng Okroyan xonadoni tipirchilab qoladi. G‘arbda oilaning ko‘plab kartinalari saqlanardi, ularni yaqinlashib qolgan sanksiyalardan va keyin, xudo ko‘rsatmasin, musodara bo‘lishdan saqlab qolish kerak edi. Pyotr Konchalovskiy, Zinaida Serebryakova, Grigoriy Glyukman, Sergey Sudeykin va Filipp Malyavinga oid umumiy qiymati 286 ming dollarga teng san’at namunalari Bek Broker orqali O‘zbekistonga jo‘natiladi. 2023 yil 21-fevralda esa Okroyanning xotini Alla Baban kartinalarning dastlab – Toshkentga, so‘ngra Okroyan nomiga – Moskvaga jo‘natilishini tashkillashtiradi.

Filipp Malyavin – "Xaskash ko‘targan uch dehqon ayol" (1918) Bahosi-$105000

Keyin ma’lum bo‘ldiki, vaqtida qilishgan ekan, chunki 2023-yilning sentyabrida AQSH Okroyan bilan oilasini o‘z sanksiya ro‘yxatlariga tiqdi, dekabrda Yevroittifoq va Buyuk Britaniya ham shunday yo‘l tutdi. Amerikaning sanksiya ro‘yxatlarida Okroyanning ayrim qarindoshlari Britaniya fuqarolari ekani alohida qayd etilgandi.

O‘zbekiston logistika shirkati qanday qilib Rossiya art-bozorida eng muhim dispetcher bo‘lib oldi?

Bek Broker logistika shirkati bozorda 25 yildan buyon faoliyat olib boradi. Rossiya Ukrainaga qarshi to‘laqonli bosqin boshlaguniga qadar u Rossiyadagi mijozlari, jumladan, “Lukoyl” kabi yirik shirkatlarning minglab yuklarini manziliga yetkazib bergan. Bek Broker'ga o‘zbekistonlik to‘rt tadbirkor – Baxtiyor Yerimbetov, Sherzod Mirxoliqov, Roza Davletmuratova hamda Husniddin Azimovlar egalik qilishadi. 2011-yildan 2016-yilgacha Moskvadagi chekka mavzelardan birida joylashgan to‘qqiz qavatli beton imoratdagi kvartirada “Bek broker” nomli Rossiyaga oid yuridik shaxs ro‘yxatda turardi. Shirkatning biron kattaroq moliyaviy yutuqlari haqida hech nima ma’lum emas.

2018-yildan 2022-yilgacha Bek Broker Rossiyadan O‘zbekistonga kamida 8200 ta yuk tashigan. Teskari yo‘nalishda esa qariyb 1,5 mln dollarlik atigi 106 tashuv bo‘lgan, xolos. Biroq 2022-yil 24-fevraldan va sanksiyalar joriy etilganidan keyin Bek Broker'ning Rossiya bilan hamkorlik yo‘nalishlari keskin o‘zgargan. Rossiyadan O‘zbekistonga bor-yo‘g‘i 61 ta tashuv amalga oshirilgan bo‘lsa, teskari yo‘nalishda yuk tashish sezilarli darajada oshgan. Ya’ni, shu ikki yarim yil mobaynida Rossiyaga jami 41,6 mln dollar summaga 1962 ta yuk yetkazib berilgan.

Ayniqsa, tashilgan tovarlar toifalaridagi o‘zgarishlar yaqqol ko‘zga tashlanadi. 2022-yildan boshlab san’at ashyolari shirkat tomonidan Rossiyaga yetkazib beriladigan asosiy tovarga aylanadi. Tashilgan suratlar, haykalchalar va boshqa san’at asarlarining umumiy qiymati 36,6 mln dollarni tashkil qiladi. Qiyoslash uchun, ayni shu davrda Bek Broker tashigan boshqa barcha tovarlarning qiymati atigi 5 mln dollarga teng, shundan 2024-yilda tashilgani esa atiga 28 ming dollar bo‘lgan.

Suratlarni O‘zbekiston orqali tashish sxemasi nega kerak bo‘ldi?

2022-yil 24-fevraldan so‘ng Yevroittifoq, AQSH, Shveysariya va boshqa mamlakatlar bahosi 300 yevrodan qimmat bo‘lgan ziynat ashyolari, jumladan san’at asarlari va antikvar buyumlarning Rossiyaga olib kirilishini cheklovchi sanksiyalar joriy etdi. Ushbu choralar jahon san’at bozorini tubdan o‘zgartirib yubordi. Christie's va Sotheby's singari kimoshdi savdo uylari rossiyaliklarga tegishli san’at ashyolari oldi-sotdisini to‘xtatdi, rossiyalik kolleksionerlarga xalqaro auksionlar eshigi yopib qo‘yildi. Natijada 2023-yilda Rossiya ichida rus san’at asarlari aylanmasi 125 foizga oshib, pul hisobida 25 mln dollardan ko‘proqni tashkil qildi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Иккиламчи санкциялардан қўрқув

Zeb-ziynat buyumlarini olib kirish cheklanishi bilan bir paytda Kremlga aloqador rus oligarxlarining aktivlarini musodara qilish boshlanib ketdi. Ko‘plab mamlakatlar hukumatlari yaxtalar, uchoqlar, ko‘chmas mulklar va san’at asarlarini xatladi. Chunonchi, 2022-yil noyabrda Germaniya politsiyasi Alisher Usmonovning yaxtasidan 30 ta kartinani olib chiqib ketdi, avvalroq esa unga tegishli to‘rtta Faberje tuxumini musodara qilishgan edi. 2023-yilda sobiq senator Farhod Ahmedovning yaxtasi olib qo‘yildi, 2022-yil mayda Londonda rosssiyalik oligarx Viktor Vekselbergga qarashli to‘rtta Faberje tuxumi xatlandi.

Sanksiyalar kiritilganidan so‘ng Rossiyaga san’at buyumlarini jo‘natishda ishtirok etgan har qanday Buyuk Britaniya yoki YI fuqarosi yoki yuridik shaxsi jinoiy javobgarlikka tortilmog‘i kerak, deya urg‘ulaydi “Sistema” bilan suhbatda britaniyalik advokat hamda “State Capture: Research and Action” notijorat tashkiloti hammuassisi Aleks Prezanti. So‘nggi manzil Rossiya ekanini bila turib, san’at buyumini O‘zbekiston kabi uchinchi mamlakatga jo‘natishda qatnashgan shaxs ham javobgar bo‘ladi. Qolaversa, Buyuk Britaniya va YIda sanksiya ostidagi shaxslarga xizmat ko‘rsatish yoki muzlatilgan aktivlarni Buyuk Britaniya yoki YIdan tashqariga olib chiqib ketish ham noqonuniy ish hisoblanadi. Binobarin, deylik, tasviriy san’at namunalari janob Okroyanga nisbatan sanksiyalar joriy etilganidan so‘ng Buyuk Britaniyadan olib ketilgan bo‘lsa, unga tegishli san’at buyumining tashilishidagi har qanday ishtirok jinoyat deb topilmog‘i lozim. Ammo aloqador shaxslarning jinoiy javobgarligi ko‘p jihatdan ular yakuniy xaridor – yukning asl egasi ismini yoki yuk jo‘natilayotgan so‘nggi manzilni bilishi yoki bilmasligiga bog‘liq.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Бирламчи капитал ва иккиламчи санкциялар. Россия бизнеси Ўзбекистонда

Polina Repik “Sistema”ga uning oilasi Triple Seven yaxtasini 202- yilda sotib yuborganini aytgan. Lekin ochiq ma’lumotlarda Repikning ofshor shirkati hanuz yaxta sohibi deb ko‘rsatilgan.

Polina Repik san’at asarlari Rossiyaga qaytarilgach muzeyga topshirilganini aytgan, ammo aynan qaysi muzeyga berilganini ochiqlashni istamagan.

Shveysariya va YIning sanksiyalarni belgilovchi idoralari vakillari esa “alohida keyslar” bo‘yicha izoh berishdan bosh tortganlar.