Ozodlikka yetib kelgan videoda Qarshi shahrida davlat mulozimi O‘zbekiston 24 telekanaliga suhbat berayotgani aks etgan. Mulozim qashqadaryolik ayollarning imtiyozlari¸ ish bilan ta’minlangani va umuman, hukumatning xotin-qizlarga g‘amxo‘rligi haqida gapirayotgan paytda bir ayol mikrofon oldiga kelib, o‘z dardlarini ayta boshlaydi. Bu ayol - 37 yoshli Dilafruz Do‘ltayevadir.
U "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ tizimidagi ishidan nohaq bo‘shatilgani va ishga tiklanish uchun davlat idoralari va hukumat rahbarlariga qilgan murojaatlari javobsiz qolayotganidan shikoyat qiladi.
Ozodlik bilan suhbatda Do‘ltayeva videodagi harakati ortidan Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan uch kunlik ma’muriy hibsga mahkum etilganini aytib berdi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Uning so‘zlariga ko‘ra, 11 - noyabr kuni o‘zi va singlisi, 32 yoshli Dilso‘z Do‘ltayeva Qarshi shahar IIB xodimlari tomonidan hibsga olingan. Uch kunlik ma’muriy qamoq muddati tugagach, opa-singillar 14 - noyabr kuni soat tungi 1 larda qamoqdan qo‘yib yuborilgan.
Dilafro‘z Do‘ltayevaning iddao qilishicha, opa-singillar qamoqda IIB xodimlari tarafidan kaltaklangan.
“11 - noyabr kuni muammongizni hal qilib beramiz, deb Qarshi shahar hokimligiga chaqirishdi. Hokimiyatga kirishimiz bilan naryad qo‘limizga kishan solib olib ketdi. Kaltaklashdi bizni”, dedi Do‘ltayeva.
Ozodlik bog‘langan Qashqadaryo viloyati IIB xodimi Do‘ltayevalarning iddaosini qat’iyan rad etdi va opa-singillar jamoat joyida yurish-turish qoidalarini buzganlik aybi bilan hibsda ushlab turilgani, ularga nisbatan kuch ishlatilmaganini ta’kidladi. IIB xodimiga ko‘ra, ayollar Ma’muriy ishlar bo‘yicha Qarshi shahar sudi qaroriga ko‘ra uch kunlik ma’muriy hisbga olingan.
37 yoshli Dilafro‘z Do‘ltayeva ishsizlik muammosi tufayli hokimiyat idoralariga tinimsiz murojaat qilib kelgan. Ammo uning murojaatlari hozirga qadar hech qanday natija bermagan. U oliy ma’lumotli bo‘la turib, ancha vaqt o‘z sohasi bo‘yicha ish topolmay qiynalganini aytadi.
“Men oliy ma’lumotliman. O‘n ikki yil Temir yo‘lda ishladim. Lekin rahbarlar meni sig‘dirmasdan, ishdan bo‘shatib yubordi. Ishimga tiklanishimni so‘rab bormagan tashkilotim qolmadi”, - deydi Do‘ltayeva Ozodlik bilan suhbatda.
Dilafro‘zning 32 yoshli singlisi Dilso‘z Do‘ltayeva – o‘qituvchi. U o‘zining dars soatlarini ko‘paytirishni so‘rab, qilgan murojaatlari hal etilmay kelayotganini aytadi. Aksincha, uning aytishicha, har safar murojaat qilganidan so‘ng dars soatlari yanada qisqartirilgan. Bugunga kelib, Dilso‘z Do‘ltayeva Mirishkor tumanida ishlab turgan maktabidan bo‘shatilgan.
Ozodlik Dilafro‘z Do‘ltayevaning ishdan bo‘shatilishi va ishga qayta tiklanish haqidagi murojaatlari bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJdan hozircha rasmiy izoh olishga muvaffaq bo‘lgani yo‘q.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 2-moddasida “davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qilishi, davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’ul” ekani belgilab qo‘yilgan.
Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha Prezident hamda Bosh vazir virtual qabulxonalari, shuningdek, xalq qabulxonalari tashkil etilgan.
Prezident Mirziyoyev o‘z chiqishlarida "xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak"ligini ta’kidlab keladi.
Ammo so‘nggi paytlarda Ozodlikka murojaat qilayotgan shikoyatchilar fuqarolar murojaatlari bilan ishlashda Karimov davridagi uslubga qaytilayotgani - arizachilarning murojaatlari ko‘pincha ustidan arz qilingan mansabdorlarning o‘ziga ko‘rib chiqish uchun yuborilayotganini aytishmoqda.
Inson huquqlari faollari muammoning ildizini O‘zbekistonda sud hokimiyati mustaqil emasligida ko‘radilar.