Joriy yilning 16-sentyabr kuni AQSH va O‘zbekiston o‘rtasida foydali qazilmalar bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash maqsadida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan. Bu haqda AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lumot tarqatdi.
Hujjatga O‘zbekiston tomonidan Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Omonullo Nasritdinxo‘jayev, Qo‘shma Shtatlar tomonidan esa elchi Jonatan Xenik qo‘l qo‘ygan.
Xabarnomada o‘tgan yil sentyabrida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan Prezidentlar sammitida Jo Bayden, Shavkat Mirziyoyev hamda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston prezidentlari foydali qazilmalar bo‘yicha muloqotni boshlash niyatida ekanlarini e’lon qilishgani, ushbu memorandum AQSH va O‘zbekistonning o‘sha sa’y-harakatlarni ilgari surish, iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va Markaziy Osiyoning noyob ekotizimlarini himoya qilish bilan birga toza energiyaga o‘tish jarayonini olg‘a suruvchi investitsiyalarni jadallashtirish niyatida ekanidan dalolat berishi urg‘ulangan.
Elchixona qaydicha, minerallar va noyob yer elementlari toza energiya va boshqa texnologiyalar uchun zarur bo‘lib, iqtisodiyotda tobora muhim rol o‘ynamoqda. AQSH O‘zbekistonning tog‘-kon sanoatiga xususiy sektor sarmoyasini jalb qilish bo‘yicha faol ish olib boryapti.
“Ushbu memorandum kelgusida global konchilik sohasida yuqori ekologik, mehnat va boshqaruv standartlarini ta’minlashga qaratilgan umumiy maqsadimizni o‘zida aks ettiradi”, deyilgan xabarnomada.
Elchi Xenikka ko‘ra, AQSH va O‘zbekiston kelajakda energetika sohasini shakllantiradigan mustahkam va xavfsiz ta’minot zanjirlariga ega bo‘lish uchun hamkorlik qilishi lozim.
“Ushbu memorandum global mineral ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilish va ikki tomonlama savdo aloqalarimizni kengaytirish bo‘yicha umumiy majburiyatimizni namoyish etadi. Biz O‘zbekiston bilan kengayib borayotgan strategik hamkorlikning navbatdagi bosqichini nishonlashdan mamnunmiz”,degan janob Jonatan Xenik.
O‘z navbatida, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi O‘zbekiston-AQSH kelishuvidan ko‘zlangan maqsad mamlakatlar o‘rtasida “muhim xomashyo sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, boshqa yo‘nalishlardagi aloqalarni ham rivojlantirishdan iborat”ligi qayd etgan.
“Ushbu hujjat muhim xomashyo sohasida AQSH – O‘zbekiston muloqotining davom etishiga, geologiya qidiruv, qazib olish va yuqori qiymatli mahsulot zanjirini yaratish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi”, deyilgan vazirlik xabarnomasida.
Memorandumni imzolash tadbiri doirasida joriy yilning 24 – 26-sentyabr kunlari Nevada shtati Las-Vegas shahrida bo‘lib o‘tadigan tog‘-kon sanoatidagi eng yirik global tadbir – MINExpo INTERNATIONAL ko‘rgazmasida ishtirok etuvchi O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari bilan ham suhbat o‘tkazilgani qo‘shimcha qilingan.