O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasida 20 chog‘li hujjat imzolandi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev (ch) va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on (o‘), Anqara, 2024-yil 6-iyuni (president.uz fotosi)

Turkiyaga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-iyun kuni Anqarada mezbon prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan birgalikda ikki davlat o‘rtasidagi Keng qamrovli strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiyani imzoladi.

Bundan tashqari, prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ikki prezident huzurida ko‘p qirrali sheriklikning qator sohalarini qamrab olgan 19 ta hujjat imzolangan. Ilmiy almashinuv va yuqori texnologiyalar sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim, Hududiy rivojlanish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash to‘g‘risida bitim, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishida texnik ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma, Kosmik fanlar, texnologiyalar va tadqiqotlar sohasida hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma, Qishloq xo‘jaligi ta’limi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma, Energetik rivojlanish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma, Axborot sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma, Kadastr masalalari bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma, Turizm sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma, Oila instituti va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma, Boshqaruv kadrlarini tayyorlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma va boshqalar shular jumlasidandir.

Shu bilan birga, tadbirda imtiyozli savdo, energetika bozorini tartibga solishga oid ikki tomonlama hujjatlar hamda Qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi qabul qilingan.

Hujjatlarni imzolash marosimidan so‘ng Erdo‘g‘on va Mirziyoyev Anqarada o‘tkazilgan Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berishgan.

O‘zaro iltifotlarga to‘la nutqlar davomida mezbon prezident ham, mehmon prezident ham asosan Turkiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklikning buguni va istiqboli to‘g‘risida so‘zlashgan.

Xususan, O‘zbekiston prezidenti o‘z so‘zida: “Biz hamkorlikning yangi, yanada mustahkam ko‘priklarini qurayapmiz. Hech shubhasiz, O‘zbekiston-Turkiya Strategik hamkorlik kengashi yig‘ilishi hozirgi vaqtda aloqalarimiz tarixida yangi sahifa ochmoqda. Bunday yuksak darajadagi muloqot formati o‘zaro ishonch va hurmatning oliy ifodasidir”, degan.

O‘zbekiston prezidenti o‘z nutqi davomida Falastin-Isroil muammosini tinch yo‘l bilan hal qilish zarurligini urg‘ulagan.

Barqaror va uzoq muddatli tinchlikka erishish uchun mustaqil va ozod Falastin davlati tashkil etilishi shart”, degan Shavkat Mirziyoyev.

Jurnalistlar uchun uyushtirilgan brifingda Mirziyoyev ham, Erdo‘g‘on ham Turkiyaga kelayotgan o‘zbekistonliklar ro‘baro‘ bo‘layotgan muammolardan so‘z ochmagan. Biroq, prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, avvalroq Turkiya va O‘zbekiston prezidentlari o‘rtasidagi tor doirada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “ikki davlat fuqarolarining bordi-keldisi uchun eng qulay sharoitlarni yaratish zarurligiga alohida e’tibor qaratilgan”.

Tor doiradagi mazkur uchrashuv chog‘ida yana oldiga tovar ayirboshlashni 5 milliard dollarga yetkazish, jumladan, Imtiyozli savdo bitimi doirasida mahsulot turlarini kengaytirish vazifasi qo‘yilgan. Shuningdek, Istanbul shahrida O‘zbekistonning savdo vakolatxonasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Uchrashuvda tomonlar xavfsizlik va mudofaa, terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlash va muvofiqlashtirish zarurligi ta’kidlashgan hamda o‘zaro faol madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga kelishib olishgan.

Tor doiradagi uchrashuv ortidan ikki prezident raisligida O‘zbekiston-Turkiya Ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan.

Tadbirda O‘zbekiston tomonidan "Global Textile", "ProCab", "Agromir Group", "ERIELL Group", "Akfa Holding", "Murad Buildings", "SAG", "BMB Holding", "Uzbekistan Hydrogen" kompaniyalari, Turkiya tomonidan esa "Çalık", "Cengiz", "Acibadem", "Eczacıbaşı", "Anadolu Group", "Aksa Energy", "Zorlu", "Kalyon", "Onur Group" kabi xolding kompaniyalari ishtirok etishgan.

Mirziyoyev va Erdo‘g‘on ikki davlat Ishbilarmonlar kengashining tuzilishi ikki tomonlama munosabatlar rivoji yangi bosqichga ko‘tarilganining ramzi ekanini ta’kidlashgan.

Mazkur tadbirlar avvalida O‘zbekiston prezidenti “Turkish Aerospace Industries Inc.” kompaniyasi faoliyati bilan tanishgan. Tashrif davomida Mirziyoyev uchun Turkiya mudofaa sanoatining keng turdagi qurol-aslaha va harbiy texnikani ishlab chiqish va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan boshqa korxonalari faoliyati taqdimoti uyushtirilgan hamda aviatsiya texnikasining namoyish parvozlari ham o‘tkazilgan.

Anqaraga tashrif nihoyasida Shavkat Mirziyoyev Rajab Toyyib Erdo‘g‘on qo‘lidan "Turkiya Respublikasi nishoni"ni qabul qilib olgan. Qayd etilishicha, mazkur orden Turkiya bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan davlat arboblariga beriladi. Buning ortidan ikki prezident rafiqalari bilan Turkiya xalq amaliy san’ati va taomlari ko‘rgazmasiga borishgan.

Shu bilan tashrif tadbirlari yakunlangan hamda Toshkentga yo‘l tutgan Mirziyoyev va rafiqasini "Esenbo‘g‘a" aeroportida Erdo‘g‘on va rafiqasi kuzatib qo‘ygan.