O‘zbekiston fuqarosi Rossiya generalini o‘ldirishda gumonlanib ushlandi - TQ

General Igor Kirillov yashagan uy oldi. Moskva, 17-dekabr, 2024

Rossiya Tergov qo‘mitasi va FXX (FSB) general Kirillov hamda uning yordamchisi o‘limida gumon qilinayotgan shaxs qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Aytilishicha, ushlangan shaxs 1995-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib, u bilan tergov harakatlari olib borilmoqda.

FXX Kirillov o‘limida gumon qilinayotgan shaxs Ukraina maxsus xizmatlariga ishlaganini iddao qilmoqda. Tergov qo‘mitasiga ko‘ra, unga 100 ming AQSH dollari miqdorida mukofot va’da qilingan.

Rasman qo‘lga olingan o‘zbekistonlikning shaxsiga doir ma’lumot e’lon qilingani yo‘q, ammo rus OAVlari Rossiya Federal xavfsizlik xizmatiga tayanib o‘zbekistonlik gumondorning ismini ham keltirmoqda. Rossiya nashrlari gumondorning qo‘lga olingandan keyingi iqrorligi aks etgan videoni ham e’lon qildi.

O‘zbekiston rasmiylari bu borada hozircha biron rasmiy izoh bergani yo‘q.

Qo‘mita axborotida gumon qilinuvchi bombani general yashagan uy podyezdi oldida qoldirilgan elektr samokatga joylashtirgani, shuningdek Igor Kirillovni kuzatish uchun ijaraga mashina olib, unga kamera o‘rnatib olgani ta’kidlanadi. Tasvirlar go‘yoki Dneprga, terakt tashkilotchilariga translyatsiya qilingan emish. General va yordamchisi podyezddan chiqqani haqida videosignal kelishi bilan portlatish qurilmasi masofadan harakatga keltirilgan, deyiladi axborotda.

Avvalroq “Kommersant’” o‘z manbasiga tayangan holda, general Igor Kirillovning o‘ldirilishiga doir jinoyat ishi bo‘yicha ikki gumon qilinuvchi ushlanganini xabar qilgan edi. Nashr manbasi ularning izini jinoyat joyidan topishganini aytgan. Manbaga ko‘ra, portlash tashkilotchilari gumon qilinuvchilar bilan messenjerlar orqali bog‘lanishgan va ularga “Ukraina xavfsizlik xizmatidagi aloqachi raqamini berishgan”.

Radiatsiya, kimyoviy va biologik qurollardan mudofaa qo‘shinlari boshlig‘i Igor Kirillov va uning yordamchisi Ilya Polikarpov 17-dekabr kuni ertalab Moskvaning Ryazan prospektida o‘ldirilgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, portlatish qurilmasi uy podyezdi yonida turgan samokatga o‘rnatilgan. Voqea terakt sifatida baholanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, shuningdek ishda qotillik va qurol yoki o‘q-dorini qonunga xilof ravishda saqlash moddalari bo‘yicha ham tergov olib borilmoqda.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Украина уруши ва мигрантлар: Россиядаги ўзбек маҳкумларнинг яқинлари хавотирда. Ҳукумат ва сиёсий партияларчи?

“Kommersant’” manbalariga ko‘ra, tergov ushbu qotillik ortida Ukraina maxsus xizmatlari – Mudofaa vazirligi razvedka bosh boshqarmasi yoki UXX turibdi, degan fikrda. Ammo bu haqda rasman e’lon qilingan emas.

Ukraina OAVlari maxsus xizmatlardagi manbalariga havola bergan holda, general halok bo‘lgan portlash Ukraina xavfsizlik xizmati tomonidan uyushtirilgani haqida yozdi. “Kirillov harbiy jinoyatchi va mutlaqo qonuniy nishon edi, chunki u ukrain harbiylariga qarshi taqiqlangan kimyoviy qurollarni qo‘llashga buyruq bergan”, deya o‘z suhbatdoshidan iqtibos keltiradi “Ukrainskaya pravda”. Reuters va AFP agentliklari ham, Ukrainadagi manbalariga tayanib, Kirillovning o‘limini UXX operatsiyasi sifatida talqin qilmoqda.

Kirillov o‘limidan bir kun oldin Ukraina xavfsizlik xizmati u jinoyat sodir etishda gumon qilinayotganini bildirgan. UXXga ko‘ra, general ukrain harbiylariga qarshi kimyoviy qurollar qo‘llanishiga mas’ul bo‘lgan.