O‘zbekiston OTBdan 400 million dollar qarz oladi

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekiston Hukumatining mamlakat moliya bozorlarini mustahkamlash va barqaror bozorga yo‘naltirilgan energetika sektorini rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun umumiy qiymati 400 million AQSH dollari bo‘lgan ikkita qarzni ma’qullagan. Bu haqda OTB matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.

Bank qaydicha, OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Yevgeniy Jukov xususiy sektorning faol ishtiroki O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi va transformatsiyasi uchun juda muhim ahamiyatga egaligini urg‘ulagan.

Ushbu dasturlar qo‘llab-quvvatlaydigan islohotlar tartibga soluvchi organlar va kompaniyalar uchun barqaror ichki moliyaviy bozorlarni yaratish va iqlim o‘zgarishi masalalarini hal qilgan holda energiyaga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish orqali rivojlanishni rag‘batlantirishda o‘z rolini o‘ynashi uchun qulay muhit yaratishga yordam beradi”, degan OTB mas’uli.

Xabarnomada "Energetika sektorini isloh qilish dasturi"ning 2-kichik dasturi uchun ajratiladigan 300 million AQSH dollari miqdoridagi qarz xususiy sektor investitsiyalarini rag‘batlantirish va moliyaviy barqarorlikni oshirish maqsadida energetika sektorining tuzilishi, huquqiy-me’yoriy bazasi va boshqaruvini takomillashtirishga qaratilgan siyosat choralarini amalga oshirish uchun byudjet yordamini taqdim etishi aytilgan.

"Moliya bozorlarini rivojlantirish dasturi"ning 2-kichik dasturi uchun ajratiladigan 100 million AQSH dollar miqdoridagi qarz esa, OTB vakillariga ko‘ra, moliyaviy operatsiyalar va xizmatlarni optimallashtirish uchun bozor sharoitlarini yaxshilashga, shuningdek, O‘zbekistonning kapital va pul bozorlari o‘sishi uchun talab va taklifni tartibga solishga qaratilgan regulyator va institutsional islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Bank xabarnomasida OTB O‘zbekistonga 400 million dollarlik qarzni qanday shartlar asosida ajratgani ochiqlangan emas.

O‘zbekiston Osiyo taraqqiyot bankiga 1995-yilda a’zo bo‘lgan. O‘tgan qariyb 30 yil davomida bank mamlakatga 12.5 milliard AQSH dollari miqdorida qarz, grant va texnik ko‘mak taqdim etgan.