O‘zbekiston prezidentining kichik qizi paralimpiya qo‘mitasi raisiga muovin bo‘ldi

Prezidentning qizi Shahnoza Mirziyoyeva (o‘rtada) Nukusdagi bolalar bog‘chasining ochilish marosimida (arxiv surati)

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kichik qizi Shahnoza Mirziyoyeva Milliy paralimpiya qo‘mitasi ijroqo‘mi yig‘ilishining tegishli qarori bilan qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga saylangan. Bu haqda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.

Xabarnomada Shahnoza Mirziyoyeva ayni paytda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimida ham ishlab kelayotgani eslatilgan. Avvalroq esa prezidentning kichik qizi Maktabgacha tarbiya vazirligining Maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Shahnoza Mirziyoyeva yaqindagina turmush o‘rtog‘i, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov bilan birgalikda Parijda yozgi Olimpiya o‘yinlari g‘oliblari yonida ko‘rinish bergan edi.

Xabarlarga muvofiq, 13-avgust kuni Toshkentdagi Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlarida qatnashadigan O‘zbekiston delegatsiyasini tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tgan. Joriy yilning 28-avgustidan 8-sentyabrigacha Parijda o‘tkazilajak mazkur musobaqalarda O‘zbekistondan sportning to‘qqizta turi bo‘yicha 65 nafar para atlet qatnashishi kutilmoqda.