O‘zbekiston rus tili mavqeini oshirishga oid shartnomaga qo‘shildi

Arxiv surati

O‘zbekiston Rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilotni ta’sis etish to‘g‘risidagi shartnomaga qo‘shildi. Bunga doir qonun mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan.

Rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilotni tuzish taklifi 2022-yil oktyabr oyida Ostonada o‘tkazilgan MDH davlatlari rahbarlari sammitida Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev tomonidan bildirilgandi. Mazkur taklifga asosan 2023-yil 13-oktyabr kuni MDH davlatlari rahbarlarining Bishkek sammitida tashkilotni tuzish haqida shartnoma imzolangan.

MDH homiyligidagi tashkilot rus tilida sifatli ta’limni qo‘llab-quvvatlash, “Rus tili va adabiyoti” hamda “Rus tili chet tili sifatida” yo‘nalishlari bo‘yicha pedagog va ilmiy kadrlar tayyorlashga ko‘maklashishi aytilgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, rus tilini jahon miqyosida keng targ‘ib-tashviq etish Rossiya prezidenti Vladimir Putin olib borayotgan imperiyachilik siyosatining tarkibiy qismiga aylangan. Yangi tashkilot ham Kremlning ushbu siyosatiga xizmat qilishi borasida xavotirlar mavjud.

Rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilot ta’sis etish to‘g‘risidagi shartnomani hozirga qadar Rossiya, Belarus, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va Ozarboyjon ratifikatsiya qilgan.

Ushbu bitimni ratifikatsiya qilishga doir qonun hujjati O‘zbekistonda favqulodda tezkorlik bilan qabul qilindi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ushbu hujjatni 2024-yil 18-oktyabrida qabul qilgan bo‘lsa, Senat 24-oktyabr kuni ma’qullagan. Mamlakat prezidenti esa 31-oktyabr kuni unga imzo chekkan.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yil 8-oktyabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan MDH davlat rahbarlari uchrashuvida Putin MDHning barcha davlatlari Xalqaro rus tili tashkilotini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani tez orada ratifikatsiya qilishini kutayotganini aytgandi.