O‘zbekiston, Xitoy va Qirg‘iziston temir yo‘lga oid bitimni imzoladi

“Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimidan lavha, Pekin, 2024-yil 6-iyuni

Xitoy poytaxti Pekin shahrida 6-may kuni “Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston” temir yo‘li bo‘yicha strategik loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimi o‘tkazilgan.

Mazkur bitimni O‘zbekiston tomonidan transport vaziri Ilhom Mahkamov, Xitoy tomonidan Taraqqiyot va islohotlar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi Shansze, Qirg‘iziston tomonidan esa transport va kommunikatsiyalar vaziri Tilek Tekebayev imzolagan.

Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, shu munosabat bilan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pekindagi marosim ishtirokchilariga videomurojaat yo‘llagan. Shu kabi murojaatlar XXR raisi Si Szinpin va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovdan ham yo‘llangan.

O‘z murojaatida Mirziyoyev uch davlat o‘rtasidagi temir yo‘li Xitoyni Markaziy Osiyo mintaqasi bilan bog‘lovchi eng qisqa quruqlik yo‘liga aylanishi, kelgusida bu yo‘l uch mamlakatga istiqbolli Transafg‘on yo‘lagi orqali Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq davlatlarining keng bozorlariga chiqish imkonini berishini urg‘ulagan.

O‘zbekiston prezidentiga ko‘ra, mazkur loyihaning amalga oshirilishi oqibatida vujudga keladigan iqtisodiy samara yangi korxonalar va o‘n minglab ish o‘rinlari yaratilishi, o‘zaro savdo hajmi karrasiga oshishi, sanoat kooperatsiyasi kengayishi, investitsiyaviy jozibadorlik o‘sishi va eng muhimi – aholi turmush darajasi oshida namoyon bo‘ladi.

Qurilajak temir yo‘l, kelishuvga ko‘ra, Qashg‘ar – To‘rug‘art – Maqmal – Jalolobod – Andijon yo‘nalishi bo‘ylab o‘tadi.

Qirg‘iziston prezident Sadir Japarov bundan bir oy muqaddam “Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston” temir yo‘li shu yil oktyabrida boshlanishi mumkinligi haqida bildirgan edi. O‘shanda Japarov hozirda Qirg‘iziston logistika nuqtayi nazaridan “boshi berk ko‘cha”dagi davlat bo‘lib hisoblanishi, dunyoga chiqish uchun u Qozog‘iston va Rossiya temir yo‘llaridan foydalanishga majburligini qayd eta turib, “temir yo‘l qurib bitkazilganidan keyin biz dunyoga chiqa olamiz”, deya ta’kidlagan edi.

Loyiha yakuniga yetkazilgan taqdirda bu yo‘l orqali yiliga 15 million tonnagacha yuk tashilishi mumkinligi, tovarlarni xaridorlariga yetkazish muddati esa bir haftaga qisqarishi taxmin qilinmoqda.