O‘zbekistonda 10 ta tuman va shahar hokimi ishdan olindi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi videoselektor yig‘ilishida, 2024-yil 17-iyuli (president.uz fotosi)

O‘zbekistonda faoliyatida tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 10 ta tuman va shahar hokimi ishdan olingan. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.

Qorao‘zak, Taxiatosh, Uchquduq, Toshkent, Furqat, Gurlan, Mirzaobod, Yangiariq, Mingbuloq tumanlari va G‘ozg‘on shahri hokimlarini ishdan olingani prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 17-iyul kuni hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha birinchi yarim yillik tahlili va yil yakuniga qadar ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi chog‘ida e’lon qilingan.

Yig‘ilishda bosh vazir Abdulla Aripov taklifiga ko‘ra ishida tizimli nuqsonlar kuzatilgan 28 ta tuman-shahar hokimiga nisbatan intizomiy jazo choralarini ko‘rilishi ham ochiqlangan.