O‘zbekistonda COVID-19 qanday "yengildi"? Bu haqda davlat puliga film suratga olinmoqda

O‘zbek kinochilari maska tikilayotgan korxonani suratga olmoqda

«O‘zbekkino» milliy agentligi buyurtmasiga binoan “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” DUK tomonidan “Sinovli kunlar” nomli hujjatli filmni suratga olish ishlari boshlandi.

«O‘zbekkino» milliy agentligi matbuot xizmati vakili Nozim Safariyning Ozodlikka bildirishicha¸ 3 qismli film uchun davlat byudjetidan 230 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan.

Film rejissyori “Islom Karimov” haqidagi hujjatli va yana 40 dan ziyod filmlarni suratga olgan 31 yashar Doniyor Shokirov Ozodlik bilan suhbatda filmning birinchi qismi shu yil dekabr oyida ekranlarga chiqishini ma’lum qildi.

Rejissyor va ssenariy muallifi Shokirovga ko‘ra¸ film qahramonlari “Koronavirus bilan kurashayotgan shifokorlar va shu kunlarda fidoiylarcha xizmat qilayotgan turli soha vakillari”dir.

Film rejissyori Doniyor Shokirov

Agentlik matbuot xizmati vakili Nozim Safariyning qo‘shimcha qilishicha¸ “filmda davlat rahbari hamda xalqning koronavirusga qarshi hamjihatlikdagi kurashi, miliy qahramonlarimizga aylangan shifokorlar, harbiylar, IIV hamda Milliy Gvardiya xodimlarining kurashi” aks etadi.

Safariyga ko‘ra¸filmni suratga olish ishlari Xorazm, Buxoro, Samarqand, Sirdaryo, Andijon viloyatlari hamda Toshkent shahrida amalga oshirilmoqda. Suratga olish ishlarini operatorkar Said Dalilxon va Said Turg‘utxonov olib bormoqda.

Ofat paytida kamera ko‘targanlar yoki pandemiya toshoynasi

O‘lat , ospa, xolera, ispanka – o‘tgan asrda bu epidemiyalar dunyoni dahshatga solgan bo‘lishi barobarida ijodkorlarga ilhom ham bergan.

Fransuz rassomi Nikola Pussen o‘zining “Ashdodda o‘lat” nomli asarida odamlardagi qo‘rquv hissini tasvirlaydi.

Kinorejissyor Terri Gilliam 1995 - yil suratga olgan “12 maymun” (Twelve Monkeys) filmi laboratoriyadan jinoyatchi o‘margan virus tarqalishi oqibatida insoniyat bir necha o‘n yil yer ostida yashashga mahkum bo‘lgani haqida hikoya qiladi.

San’atshunos Abdumalik Turdiyevning aytishicha¸ "ekstremal sharoitda burchakka qadalgan odam iztirobi" ijodkorlarni o‘ziga jalb qiladigan magnitdir.

“Lekin men bu umuminsoniy fojia haqida o‘zbek kinochilari¸ xususan, Doniyor Shokirovning tosh bosadigan kino olishiga ishonmayman. Bu rejissyor suratga olgan Islom Karimovning 80 yilligiga bag‘ishlangan hujjatli filmni ko‘rganman. Men bu qo‘shtirnoq ichidagi filmga targ‘ibot roligi, deb baho bergandim. Dohiy Kim Chin Er haqida Shimoliy Koreya kinochisi qanday film olishi mumkin bo‘lsa, Yo‘ldoshev ham aynan shunday kino olgan. Yanglishsam, mamnun bo‘lardim. Ammo COVID-19 haqidagi xujjatli film ham “o‘zbek hukumati va yo‘lboshchisining COVID-19 ustidan shonli kurashi va g‘alabasi ” haqida bo‘ladi. Aslida, koronavirusdan O‘zbekiston yengildi. Olinsa, shu mag‘lubiyat haqida kino olinishi kerak edi. COVID-19 bois kasalxonada qarovsiz qolib o‘lgan minglab bechoralar haqida kino olish kerak edi. Zangiota kasalxonasida o‘likni olib chiqish uchun oxirgi pensiya pulini pora sifatida berayotgan kampir fojiasini olish mumkin edi. Mayli, yosh rejissyorni umidsiz qilmay¸ kino ekranlarga chiqqanidan keyin yana gapirsam...”, - deydi san’atshunos.

O‘zbek kinoijodkorlari navbatdagi filmni suratga olmoqda

Zarur film

O‘zbek kinochisi Ulug‘bek Yo‘ldoshev pandemiya haqida film yaratish zarurligini ta’kidlaydi.

“Bu juda yaxshi. Kelajak avlodlar uchun bugungi kun aks etgan solnoma. Lekin COVID-19 haqida 230 million so‘mga sifatli kinokartina olish qiyin”, - deydi u.

Ulug‘bek Yo‘ldoshev hali chiqmagan bu film qanday bo‘lishi haqida fikr yuritadi:

“Oldindan aytay - kino emas, plakat suratga olinadi. Demak, mardonavor o‘zbek vrachlari koronavirusni yenggani haqida shoyon tahsinli film olinadi. Eshitishimcha, birinchi seriyasini allaqachon olib, ishchi versiyasi kattalarga ko‘rsatilgan. Lekin bu kino ijodkorlari filmni koronavirusdan jabr ko‘rgan kasbdoshlariga ko‘rsata olarmikan? Masalan, aktyor Fathulla Maqsudov yoki Abdurayim Abduvahobov kabi COVID-19 dan o‘lgan, deb ishonilayotgan o‘nlab ijodkorlar oilasiga... Prezident Administratsiyasi dirijyorligida olingan kinoning saviyasi yuksak bo‘lishiga ishonmayman”,- deydi Ulug‘bek Yo‘ldoshev.

Rassom Bobur Ismoilov asari

Ayni paytda o‘zbek rassomlarining pandemiya mavzusida yaratgan asarlari munaqqidlar tarafidan yaxshi qarshilangan.

Kamida ikki nafar o‘zbek rassomi pandemiya murakkabliklari aks etgan asarlani yaratishdi.

Ulardan biri, taniqli o‘zbek rassomi¸ 47 yashar Bobur Ismoilov shu yilning 25 -mart kuni koronavirus mavzusidagi rangtasvir asarini Toshkentda jamoatchilikka taqdim qilgan edi.

Toshkentlik 49 yashar rassom Anna Ivanova COVID-19 bois karantin joriy qilingan O‘zbekiston poytaxti manzaralarini turkum suratlarda aks ettirdi.

Birinchi karantin joriy qilingan mart oxiridan buyon o‘tgan davrda musavvira koronavirus xronikasi aks etgan yuzlab suratlarni chizdi.

Suratlarda karantin joriy qilingan Toshkent ko‘chalaridagi kundalik hayot aks etgan.

O‘zbekistondagi taniqli rassomlardan biri bo‘lgan Anna Ivanova Ozodlik bilan suhbatda “Virus davri epopeyasini” rasmlarda aks ettirib, kelgusi avlodlarga yetkazish niyatida” bu ishga qo‘l urganini aytgan edi.