O‘zbekistonda koronavirusning yangi to‘lqini boshlandimi?

Rasmiy statistika so‘nggi haftalarda koronavirus bemorlari soni barqaror o‘sayotganini ko‘rsatmoqda. Illyustrativ surat.

O‘zbekistonda COVID-19 bilan kasallanganlar soni keskin ko‘payishi manzarasida Respublika maxsus komissiyasi 1 - avgustdan boshlab mamlakat bo‘ylab qator yangi cheklovlar joriy etdi.

O‘zbekistonlik shifokorlar qaytadan ochilayotgan kovid-markazlar kasallanganlar bilan to‘lganini tasdiqlamoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Yevropada koronavirusning yangi to‘lqini boshlanishi muqarrarligidan ogohlantirdi. Virusning yanada yuqumli bo‘lmish “delta” turi qator mamlakatlarda avj olgan. Jumladan, Rossiyada hukumat kasallik yuqishini va o‘limlarni to‘xtatishga urinib, qayta emlov kampaniyasini e’lon qildi.

SSV: O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat murakkablashdi

Koronavirusning bundan oldingi to‘lqinlarida qanchalar aniqligi savol ostiga olingan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi kunlardagi statistikasidan mamlakatda koronavirusini yuqtirib olganlar soni keskin ko‘payganini ko‘rish mumkin.

Pandemiya boshidan buyon virusning eng yirik o‘chog‘i bo‘lib qolayotgan poytaxt Toshkent yaqinidagi Zangiota tumanida joylashgan kovid-markaz bemorlar bilan to‘lgani xabar qilinmoqda.

Markaz rahbari Olimjon Isoqov 2 ming nafar bemorga mo‘ljallangan shifoxonada hozirda koronavirusga chalingan 2 yarim mingdan ortiq kasal borligini tasdiqlagan. Isoqov mahalliy jurnalistlarga har kuni markazga 350ga yaqin bemor yotqizilayotgani va hozir qabul to‘xtatilganini aytgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda to‘rt kishilik palatada olti-sakkiz bemor yotganini ko‘rish mumkin.

Ayni paytda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxtdagi to‘rt kovid-markazni qayta ochishga buyruq bergan.

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Nurmat Otabekov 6 - iyul kungi brifingida vaziyat murakkablashib borayotganini tan olib, respublika bo‘ylab 1 - avgustdan qator yangi cheklovlar joriy etilishini ma’lum qildi.

- Qarorga muvofiq, endilikda ochiq maydonlar yoki yopiq majmualarda bo‘lishdan qat’iy nazar, yurtimizda barcha ommaviy bayram tadbirlari, sport musobaqalari, shuningdek, konsert, festival, teatr va kino dasturlari vaqtinchalik to‘xtatiladi. Sport musobaqalarini muxlislarsiz o‘tkazishga ruxsat beriladi. Shu yilning 1 - maydan biz bu kabi tadbirlarni faqat yopiq saroylarda o‘tkazilishini to‘xtatgan edik, - degan Nurmat Otabekov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda kuniga hayotdan ko‘z yumayotganlar soni 3-4 odam bo‘lib, ular asosan, surunkali kasalliklar bilan og‘rigan bemorlardir.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiysi shu yilning 1 - avgustidan boshlab to‘y va marosimlarni 50 kishidan ko‘p bo‘lmagan holda o‘tkazish tartibini joriy qilganini ham aytdi.

Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, to‘yxonalarda oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni o‘tkazish 50 kishidan ko‘p bo‘lmagan (yaqin qarindoshlar va ushbu tuman hududida istiqomat qiluvchi boshqa qarindoshlar) hamda sanitariya va gigiyena talablariga qat’iy rioya etgan holda o‘tkazishga ruxsat berildi.

2021 - yilning 1 - aprelidan to‘yxonalarda oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni o‘tkazish 100 kishidan ko‘p bo‘lmagan hamda sanitariya va gigiena talablariga qat‘iy rioya etgan holda o‘tkazilishi belgilangan edi.

Uchinchi to‘lqin?

Virus tarqalishining ko‘payishi, yangi cheklovlar va emlash bilan bog‘liq safarbarliklarga qaramasdan O‘zbekiston sog‘liqni saqlash rasmiylari mamlakatda SARS-CoV-2 virusining yangi to‘lqini boshlanganini e’lon qilishga shoshilmayapti.

Toshkentdagi COVID-19 bemorlarini davolash markazining Ozodlik bilan suhbatlashgan xodimlaridan biri bu safar kasallanayotganlar son jihatdan o‘tgan yilgidan ancha kam bo‘lsa-da, kasallanish og‘ir simptomlarga ega ekanini tasdiqladi:

- Vaziyat biroz keskinlashyapti borgan sari. Vazirligimiz yangi to‘lqin boshlanganini rasman e’lon qilgani yo‘q, lekin sezilarli darajada ko‘paydi. Masalan, Toshkentdagi, Jizzaxdagi, boshqa qator viloyatlaridagi kasalxonalar bemorlarga to‘ldi. Masalan, Zangiota boshqa olmayapti – to‘lib bo‘lgan. O‘zbekiston bo‘ylab reanimatorlarga yana ehtiyoj sezilyapti. Vaksinatsiya tezlashtirilayapti shunga. Kasallik bu yil haqiqatan tushunarsizroq: xatar ostidagi ba’zi odamlarga yuqmayapti, soppa-sog‘ yurganlarga yuqib qolyapti. Hozir shifokorlarimiz malakasi ancha oshib qoldi, kasalxonalar kerakli asbob-anjomlar bilan ta’minlandi bir yil ichida. O‘tgan yili hatto vrachlarimiz shok holatiga tushib qolgan edi, kelayotgan kasallar sonini ko‘rib. Bu yil odamlarga ko‘nikma bor, vahima yo‘q. Lekin, o‘tgan yilgi kasallar bilan bu yilgini o‘rtasida o‘n, balkim, yuz barobar farq bor!

Shuning uchun uchinchi to‘lqin boshlangan desa bo‘ladimi, yo‘qmi bilmadimu, o‘lim holatlari ham, o‘tgan yilgidek bo‘lmasa-da, ko‘payib qoldi. Biroq o‘tgan yilgi yengilroq o‘tib ketgan bo‘lsa, bu yil kasallar ancha og‘irlashib qolyapti, dedi Ozodlik bilan suhbatda ismini ochiqlamaslikni so‘ragan shifokor.

24 - iyun kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi O‘zbekistonda koronavirusning "hindcha shtammi" aniqlanganini tasdiqlagan. Tez yuquvchanligi bilan koronavirusning boshqa turlariga nisbatan xavfli deb ko‘rilayotgan “hindcha” shtamm yuqtirganlar soniga doir rasmiy ma’lumot yo‘q.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, joriy yilning 1 - aprelidan boshlab O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi 4 million 224 ming 934 doza vaktsina qo‘llanilgan.

Tibbiyot sohasidagi eng nufuzli nashrlardan The Lancet ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari vaksinaga eng muhtoj mintaqalardan biri bo‘lib qolmoqda.

"COVID-19 bilan bog‘liq inqiroz butun Markaziy Osiyoga tarqalish xavfi mavjud, bu mintaqada hozircha faqat ikki davlat ( Qirg‘iziston va O‘zbekiston) vaksinalarni bepul tarqatmoqda", deyiladi tadqiqotchilar xulosasida.