O‘zbekistonda “Lukoyl” shu’ba korxonasiga qarshi ish qo‘zg‘atildi

"Lukoyl" shirkati logosi (illyustrativ surat)

O‘zbekistonda narx-navo manipulyatsiyasida gumonlanayotgan Lukoil Overseas Supply and Trading Ltd shirkatiga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lumot tarqatdi.

Xabarnomada qo‘mita Lukoil Overseas Supply and Trading Ltd shirkatining birja savdolari orqali texnik oltingugurt mahsulotini realizatsiya qilishda, shu jumladan birja savdolarida mahsulot hajmlarini nomuvofiq qo‘yish kabi manipulyatsiya holatlari orqali mahsulot narxlarini oshishiga olib kelgan harakatlarining alomatlari aniqlagani qayd etilgan.

Iddaoga ko‘ra, shirkat tomonidan sodir etilgan mazkur manipulyativ xatti-harakatlar birja savdolarida texnik oltingugurt mahsuloti narxlarining o‘rtacha 10 foizdan 50 foizgacha oshishiga sabab bo‘lgan.

Buning ortidan shirkatga qarshi “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-martidagi 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom talablari buzilishi alomatlari bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan.

Raqobat qo‘mitasi mazkur ish yuzasidan qaror qabul qilinganidan keyin qo‘shimcha ma’lumot berishni va’da qilgan.

Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan Lukoil Overseas Supply and Trading Ltd shirkati Rossiyadagi mashhur “Lukoyl” kompaniyasining shu’ba korxonasi bo‘lib hisoblanadi.