O‘zbekistonda tele va radiokanallar hamda ijtimoiy tarmoqlar uchun tayyorlanayotgan mediamahsulotlar, xususan, serial, multfilm, kino va qo‘shiqlar “ma’naviyat ekspertizasi”dan o‘tkaziladi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining ma’lum qilishicha, soha mutaxassislaridan tarkib topgan guruh O‘zbekiston hududida namoyish etilayotgan mahalliy va xorij media mahsulotlarida davlat siyosati, davlat ramzlari, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ma’naviy-axloqiy mezonlarga zid, insoniy fazilatlarga tahdid soluvchi axloqsizlik, behayolikni targ‘ib etuvchi holatlar mavjud yoki mavjud emasligini o‘rganadi.
Yoshlar tarbiyasi va milliy mentalitetga raxna soluvchi media mahsulotlarning namoyish etilishini to‘xtatish bo‘yicha tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga takliflar kiritib boriladi.
Ma’naviyat va ma’rifat markazi, AOKA, Madaniyat vazirligi, Kinematografiya agentligi, MTRK, O‘zbekiston Milliy media birlashmasi hamkorligida “ma’naviy ekspertiza” joriy etilayotgani jamoatchilik tomonidan turlicha qabul qilindi. Ayrim blogerlar ma’naviyat niqobi ostida senzura qayta tiklanayotgani haqida yozdi.
Muhokamalar ortidan Ma’naviyat va ma’rifat markazi bayonot berib, “ma’naviy ekspertiza mediakontentlarning yoshlar, ayniqsa, maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarga ta’siridan xavotirlangan ota-onalar, ziyolilar, shuningdek, keng jamoatchilik so‘rovi, talab va tashabbusi asosida joriy qilinayotgani”ni urg‘uladi.
“Ma’naviyat ekspertizasi” loyihasi media mahsulotlarga senzura qo‘ymaydi. Ekspertlarning faoliyati mediakontent ishlab chiquvchilar, ijodiy guruhlar va badiiy kengashlar uchun tavsiyaviy takliflar ishlab chiqishdan iborat bo‘ladi. Bunda ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar, ijodkorlar, blogerlarning ijod erkinligiga daxl qilinmaydi”, deyilgan markaz bayonotida.