O‘zbekistonda narkojinoyatlar soni ikki baravarga ortdi

Illyustrativ surat

O‘zbekistonda 2019−2024-yillar oralig‘ida narkojinoyatlar soni ikki baravarga ko‘paygan. Bu haqda, Gazeta.uz nashri xabariga ko‘ra, Toshkentda o‘tkazilgan giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha xalqaro tadbirda Prezident administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi direktori Ravshan Mamatov ma’lum qilgan.

Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi 5 yilda O‘zbekistonda narkojinoyatlar soni ikki barobarga, giyohvandlik vositalari musodarasi 8,5 barobarga, sintetik giyohvandlik vositalari musodarasi esa 400 barobarga ko‘paydi. Kuzatilayotgan salbiy jarayonlar bu sohada kompleks chora-tadbirlarni belgilash hamda samarali idoralararo va xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taqazo etmoqda”, degan R. Mamatov.

Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi rahbari mintaqa, xususan, O‘zbekistonda “dorixona narkomaniyasi” avj olganidan ham xavotir izhor qilgan.

Mintaqamizda “dorixona narkomaniyasi” deb ataluvchi illatning yoshlar o‘rtasida keng tarqalayotgani bizni tashvishga solmoqda. Ushbu yo‘nalishda yaqin qo‘shnilarimiz bilan tajriba almashishga va hamkorlik qilishga tayyormiz”, deb ta’kidlagan giyohvandlik moddalariga qarshi kurashuvchi tizim rahbari.

O‘sish dinamikasidan tashvish bildirgan Milliy markaz rahbari narkojinoyatlar aniq sonini ochiqlamagan. Avvalroq “Yuksalish” umummilliy harakati 2019-yil yakunida mamlakatda 5 mingdan ortiq narkotik vositalari bilan bog‘liq jinoyat sodir etilgani, narkodispanserda hisobda turganlar soni esa 5698 nafarga yetgani haqida ma’lumot tarqatgandi.

O‘zbekistonda 2024-yilda ilk bor giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 2024−2028-yillarga mo‘ljallangan Milliy strategiya qabul qilingan.