O‘zbekistonda xorijiy siyosiy partiyalar faoliyati taqiqlandi

“Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartishlar prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2024-yil 2-iyulida imzolangan

O‘zbekiston hududida xorijiy davlatlarning siyosiy partiyalari faoliyatiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu haqda “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartishlarda qayd etilgan.

O‘zbekiston prezidenti 2-iyul kuni imzolagan hujjat nusxasidan uning 11-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingani, 22-iyun kuni esa Senat tomonidan ma’qullangani anglashiladi.

Hujjat izohida qonunga o‘zgartishlar boshqa zaruratlar bilan bir qatorda “xorijiy davlatlar siyosiy partiyalarining O‘zbekiston hududidagi faoliyatini tartibga solish” talab etilgani tufayli kiritilgani aytilgan.

Ochiq manbalarda O‘zbekiston hududida xorijiy davlatda tuzilgan biror-bir siyosiy partiyaning oshkora yoki yashirin tarzda faoliyat yuritganiga doir ma’lumot yo‘q, shu vajdan mamlakatda bunday qonun qabul qilinishiga qay hodisa turtki bo‘lgani ma’lum emas.

O‘zbekistonda ayni paytda beshta siyosiy partiya ro‘yxatga olingan bo‘lib, bular O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi (XDP), O‘zLiDeP, “Milliy tiklanish”, “Adolat” va Ekologik partiyalardir.

O‘zbekistonda o‘tgan asrning 90-yillari boshida ro‘yxatga olingan “Birlik” va “Erk” partiyalarini o‘zbek rasmiylari amaldagi partiya o‘laroq tan olmay kelishadi. Liderlari xorijda bo‘lgan bu ikki partiya vakillarining O‘zbekiston Adliya vazirligida qayta ro‘yxatdan o‘tishga harakatlari hatto prezident Shavkat Mirziyoyev davrida ham ijobiy natija bergan emas. Shuningdek, professor Xidirnazar Allaqulov boshchiligidagi faollar tomonidan yangi bir partiya tuzish bo‘yicha amalga oshirilgan bir necha urinish ham muvaffaqiyatsiz yakunlangan.