O‘zbekistonga 9 oy ichida xorijdan 11 mln dollardan ziyod pul o‘tkazildi

O‘zbekiston Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmurodov

Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekistonga xorijiy o‘lkalardan o‘tkazilgan pul miqdori 11 milliard 262 million dollarni tashkil etgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 35 foizga ko‘pdir. Bu haqda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov 31-oktyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilgan.

MB raisiga ko‘ra, transchegaraviy pul o‘tkazmalarining 35 foizga oshgani O‘zbekistonda “aholi daromadi oshishining asosiy omillaridan biri” bo‘lgan, shuningdek, bu holat “ichki valyuta bozoriga ham ta’sir qilib, muvozanatni ta’minlagan”.

Qayd etilishicha, uch chorak ichida O‘zbekistonga eng ko‘p mablag‘ Rossiyadan (8,75 milliard dollar) kelgan. Pul o‘tkazmalari bo‘yicha ikkinchi o‘rinda Qozog‘iston (625 million dollar), uchinchi o‘rinda esa Janubiy Koreya (420 million dollar) turibdi.

Shuningdek, bu davr mobaynida mamlakatga AQSHdan 415 million dollar, Turkiyadan 291 million dollar, Buyuk Britaniyadan 93 million dollar, Polshadan esa 48 million dollar pul o‘tkazilgan.

Mamarizo Nurmurodov matbuot anjumani chog‘ida o‘tgan yil bilan qiyoslaganda Polshadan pul o‘tkazmalari 97 foizga, Janubiy Koreyadan – 76 foizga, Buyuk Britaniyadan – 67 foizga, Birlashgan Arab Amirliklaridan – 66 foizga, Rossiyadan esa 35 foizga oshganiga e’tibor qaratgan.